Muhammad Sharif. Tolko’prik



Download 416,65 Kb.
Pdf ko'rish
bet2/2
Sana23.02.2022
Hajmi416,65 Kb.
#143759
1   2
Bog'liq
Doc2

 
Muhammad SHARIF
 
TOLKO‘PRIK
 
Hikoya
 
 


Adib va jurnalist Muhammad Sharif 1968 yil Namangan viloyati
Kosonsoy tumanining Go’rimiron qishlog’ida tug’ilgan. Toshkent davlat universitetining 
jurnalistika fakultetida tahsil olgan (1988-1993).Turli yillarda «Hayot va iqtisod», «O’zbekiston 
tabiati», «Vatan» nashrlarida, O’zbekiston Milliy axborot agentligida, Birlashgan Millatlar 
Tashkilotining Atrof-muhit dasturida faoliyat yuritgan. 2004-yildan Frantsiyaning «Frants-
Press» axborot agentligida xizmat qiladi. Bir qancha maqola va hikoyalari milliy va xorij 
matbuotida chop etilgan.
Tolko‘prikdan o‘tayotgan bu odamlar qaerga shoshyapti? Qay manzil, qay maqsadni ko‘zlagan? 
Bahaybat kallasining qoq o‘rtasidagi o‘pqondek qop-qora kovagi tobora kengayib, chirindiga 
to‘lib, mung‘ayib qolgan tol odamlarning og‘irligini ko‘tarib o‘rgangan. Lekin yillar davomida uni 
tepkilab o‘tgan, yo‘g‘on shoxlari uchiga chiqib suvga sakragan, tanasini pichoq bilan o‘yib turli 
yozuvlar qoldirgan, bir paytlar shoxdan shoxga maymundek sakragan, endilikda shu shoxlardan 
yasalgan hassalarga tayanib munkayib qolgan bu odamlarning dardu alami gavdalaridan ko‘ra 
og‘ir bo‘lishini keksa tol bilmagan ekan.
Tol anhorning naqd yarmigacha bir tekis egilib borib, keyin xuddi yonboshlab yotgan joyidan 
turmoqchi bo‘lgan odamdek qaddini rostlashga urinib ko‘kka o‘rlagan. Anhorning yarmigacha 
tolning yo‘g‘on tanasi ustidan yurib boriladi. Qolgan yarmidan tolning shoxlaridan yasalgan 
ensizgina yog‘och ko‘prikdan o‘tiladi. Yog‘och ko‘prikning bir tomoni tolning tanasiga 
mustahkam mixlangan. Tolko‘prik shu tariqa bunyod bo‘lgan va u allaqaysi zamonlardan buyon 
odamlarga xizmat qiladi. Tolni kim ekkani, qanday qilib u anhorga ko‘prik bo‘lgani ko‘pchilikning 
yodida yo‘q. Ba’zi birovlar anhor yoqalab o‘tgan bir chol ketmon sopidek kesilgan tol shoxini 
yerga suqib ketganini aytadi. Tanasi namga tekkan yog‘och gurillab o‘sa boshlagan, navqiron tolga 
aylangan. Bahorgi toshqin payti qirg‘oq o‘pirilib, tol anhorga qulaganda baquvvat shoxlardan biri 
narigi qirg‘oqqa tiralib uni batamom qulashdan asrab qolgan. Tol yana ham chuqurroq ildiz otib, 
qaddini tiklash uchun qaytadan ko‘kka qarab o‘sa boshlagan. Endilikda ikki kishining qulochi 
yetmaydigan yo‘g‘on tanasining tepa tomonini yurish oson bo‘lsin uchun kimdir poyteshada 
chopib tekislab qo‘ygan. Uzala yotgan tananing yonboshidan chiqqan bir-ikki bachki shoxlari 
ko‘prikning tabiiy to‘siqlari kabi xizmat qiladi.
Keksa tolning kallasi juda katta. Tananing o‘rtasidagi ulkan g‘ovak bois ikki kallali devga o‘xshab 
ko‘rinadi, har yili bu kallalardan o‘nlab zich va baquvvat shoxlar o‘sib chiqadi. Odamlar ipak qurti 
boqish mavsumi oldidan tolning shoxlarini so‘kichak yasash uchun kesib ketadi. Kallaklangan tol 
kechalari odamlarni qo‘rqitguvchi xunuk va vahimali shakl-shamoyilga kiradi, biroq oradan hech 
qancha vaqt o‘tmay navnihol shoxlar yana gurillab o‘sib chiqib, tolko‘prikning ustini chodirdek 
yopadi. Anhorning shu qismi eng sersoya joy. Har ikki qirg‘oqda azim qayrag‘och va baqateraklar 
o‘sgan, ular kuchli shamolda bosh chayqab guvillaydi, yengil epkinda chapak chalgandek 
yaproqlarini shitirlatib qo‘yadi. Ayniqsa, baqaterakning usti to‘q zangor, osti och yashil yaproqlari 
shabboda kelganda yaltir-yiltir qilib ko‘zni oladi. Ulkan daraxtlar ostida do‘lana, ora-sira 
na’mataklar ko‘zga tashlanadi, ulardan ham pastda maymunjonlar yer bag‘irlab, qirg‘oqni yashil 
ko‘rpadek qoplab g‘ujg‘on o‘sgan, sertuk novda va barglari suvda sollanib turadi.


Avval bahorda anhorning suvi bo‘tana keladi. Kulolchilar pishitadigan loy rangida bo‘ladi. To‘lib-
toshib, to‘lg‘onib-to‘lg‘onib, qirg‘oqlarini yamlab, daraxtlarning ildizlarini yulqilab, yangi 
kamarlar bunyod qilib oqadi. Bu paytda odamlar tolko‘prikdan hadik bilan o‘tadi. Bora-bora 
suvning rangi biroz o‘zgaradi, sarg‘ish bo‘tanadan ko‘kish loyqaga o‘tadi. Ninachilar, kapalaklar 
suv betida o‘ynaydi, maymunjonlar gullaydi, yalpiz, chittakari gulning xushbuy, bangidevonaning 
o‘tkir achimsiq hidi olamni tutib ketadi. Anhorning dov-daraxtlardan sayhon joylarida in qurish 
g‘amiga tushgan qaldirg‘ochlar oppoq to‘shini suvga urib uchadi. Yal-yal yonib turgan 
ko‘ylaklarda sho‘x-shodon qizlar tolbargak taqish uchun keladi. Ularning orasida labining chap 
ustida kichik xol qo‘nib turgan abjir qizgina bor, u tolning ustiga chiqib, gullab turgan surx 
novdalarni qalamtaroshi bilan kesib tushadi. Qizlar qirg‘oqda o‘tirib olib, novdalarning namchil 
po‘stlog‘ini sidirib oladi, po‘stloq tolning sabzarang gulpopuklari bilan birga ajraydi. Qizlar 
tolbargaklarni sochlariga ulab, tovoni qadar tushirib, tolko‘prik ustida mastona-mastona, sollona-
sollona yurish qilib, so‘ng yana sho‘x-shodon qaytib ketishadi.
Suv tiniqlashadi, sersoya go‘shaning tinchligi buziladi, anhor labida uchib yurgan ninachi va 
kapalaklar, sershox daraxtlarda polaponlarini yoniga olib mizg‘ib o‘tirgan qushlar birdan cho‘chib 
ketadi: qiy-chuv bilan kelgan son-sanoqsiz bolalar suvga o‘zlarini «gup-gup» tashlaydi. Botirlari 
tolning eng baland shoxlariga chiqib suvga kalla qiladi. Ularning orasida norg‘il bir o‘spirin bor, 
yelkador, qoshlari tim qora, jag‘ suyaklari bo‘rtib turadi. U hammani quvlamachoq o‘ynashga 
chorlaydi. Quvlamachoq o‘yinida suvda baliqdek suzadigan bu norg‘il o‘spiringa hech kim 
yetolmaydi, lekin u quvlaganda tengqurlariga bir zumda yetib oladi. Yetib olganda ham 
boshqalarga o‘xshab qo‘lga tushgan raqibining yelkasiga qo‘l tegizib qo‘yish bilan cheklanmaydi, 
boshidan suvga bosib rosa pishadi. Uning changaliga tushgan bola ko‘zlari ola-kula bo‘lib, og‘zi-
burni suvga to‘lib, yalinib-yolvormaguncha pishaveradi. Ajriqlarni tutamlagancha sirpanchiq 
qirg‘oqqa bir amallab chiqib olgan bolalarning ayrimlari bu tomoshani qo‘rquv va zavq aralash 
kuzatadi, boshqalari tuproqqa ag‘anab kuladi.
Har tush shu ahvol, kechga yaqin esa yigit-yalang keladi, ular shovqin-suron ko‘tarmaydi, ba’zi 
bir serhayajoni suvga kalla qilishdan avval ikki kaftini karnay qilib qichqirib qo‘yadi, xolos. Ular 
tolko‘prikdan bir-ikki marta suvga sakrab, bilaklaridagi paylarini bo‘rttirib, boshlarini hali u yon, 
hali buyon siltab oqimga qarshi suzgandek bo‘ladi va keyin qirg‘oqdagi daraxtlarning ildizlariga 
osilib hordiq chiqaradi, maymunjonlarning sertikan shoxlarini ehtiyotkorlik ila titkilab, tim qora 
mevalarini terib yeydi.
Bu ikki guruh cho‘milib ketadigan vaqt oralig‘ida ba’zan qizlar kelib turadi. O‘sha, labining ustida 
xoli bor qizgina tolko‘prik ustidan suvga o‘zini tashlay oladi, xolos. Boshqalari ko‘ylaklari 
badanlariga chippa yopishgan holda dir-dir qaltirab, tolko‘prik ustida qanotlari ho‘l 
qaldirg‘ochlardek tizilib turishadi, lekin tashlashga yuraklari dov bermaydi. Ular avvaliga begona 
ko‘zlardan hadiksirab kelsa, cho‘milib bo‘lgandan so‘ng uyida eshitadigan dakkilardan hadiksirab 
qaytib ketishadi.
Anhor suvi kamayib shishadek tiniq tortadi, bag‘rida suzib yurgan baliqlar, mayin qumloq ostidan 
g‘imirlab chiqib, vaznsizlik holatidagi fazogirlarga monand oyoqlarini asta ko‘tarib harakat 
qiluvchi suvchayonlar ko‘zga tashlanib qoladi. Qozonyuvg‘ichlar anhor yuzida tinimsiz sirpanib 
suv betiga oniy suratlar tortadi. Ba’zan olma, behi yoki nok lopillab oqib keladi. Tolko‘prikdan 
o‘tayotgan yosh-yalanglar endi na tolga na suvga e’tibor beradi. Keksalar bir zum to‘xtab, suvga 
tikilgancha o‘yga cho‘mib qoladi.
Tolko‘prik yillar davomida bir xilda takrorlanadigan bu holatga ko‘nikib qolgan. Suv ham aslida 
o‘sha, vaqt o‘tsa-da o‘zgarmaydigan suvdek. Shunday damlarda labida xoli bor qiz dugonalari 
bilan o‘tib qoladi, ertalab kunchiqar tomonga, dalaga boradi, kechda kunbotish tomondagi uyiga 
qaytadi. Bir gal tong pallasida o‘sha qiz eng yaqin dugonasi bilan baliqlarni tomosha qilish uchun 
bir tegirmongina suvi qolgan anhor o‘zaniga tushadi. Tolning beo‘xshov, tarvaqaylagan sarg‘ish 
ildizlarini ushlab pastga enadi. Balchiq, baliq va baqashalning hidi kelib tursa-da, suv shishadek 


tiniq, unda ko‘m-ko‘k osmondagi oqish parcha bulutlar, to‘q zangordan sarg‘ish-qirmiziga 
o‘tayotgan dov-daraxtlar akslanib turadi. Suv yuziga chizilgan kuzning go‘zal manzarasini son-
sanoqsiz qozonyuvg‘ichlar jimirlatib, jonlantirib turgandek. Qizlar qozonyuvg‘ichlar aslida 
suzadimi yoki uchadimi degan bahs tufayli uzoq vaqt bu mayda suv hasharotining betinim 
harakatlarini kuzatib qoladi. Qozonyuvg‘ich o‘zidan ikki barobar uzun oyoqlarini suv yuziga 
tiragan holda pirillab uchayotganga o‘xshaydi, shu sabab ba’zilar uni uchadi, boshqalar esa suzadi, 
deydi. O‘ta tez harakatdagi qozonyuvg‘ichni yaxshilab kuzatgan kishini uning suv betida 
sirpanayotganini ko‘rish mumkin.
«Suv betida parda bo‘ladi, bular o‘sha pardaning ustida sirpanadi, shunga suvga cho‘kib ketmasa 
kerak,» deydi labida xoli bor qiz.
«Kel, suv betidagi pardani cho‘pak bilan yirtib ko‘ramiz, qani o‘shanda bular suvga botib 
qolarmikin,» deydi dugonasi.
«Qo‘ysangchi, buning o‘rniga ular suv betiga nimalar chizayotganini ko‘rishga ulgurib qolish 
kerak. Ehtimol sening kelajakdagi taqdiring haqida, balki seni chin dildan yaxshi ko‘radigan 
bolaning ismini yozayotgandir.»
«Qo‘ysangchi, seni chin dildan yaxshi ko‘radigan bolaning nomi hali qarab ulgurmasingdan o‘chib 
ketadigan suv pardasiga emas, yillar o‘tsa ham o‘zgarmaydigan toshlarga yoziladi,» deydi 
dugonasi kulib.
«Bir kitobda o‘qigan edim, tabiatdagi har bir chiziq, har bir harakatda bir hikmat bor deb. Agar 
sen aytgandek, odamlarning taqdiri toshlarga o‘chmaydigan qilib yozilganda hamma o‘zining 
kelajagini osongina bilib olgan bo‘lardi-ku. Kim kimni yaxshi ko‘rishiniyam. Hech kimning siri 
qolmaydi-ku unda. Katta bo‘lganingda seni nimalar kutayotganini bilish uchun shunaqangi, 
ko‘rish, ilg‘ash qiyin bo‘lgan ishoralarga e’tibor berish kerakdir,» labida xoli bor qiz bunday ravon 
gapirganidan o‘zi xijolat tortib ketdi.
«Voy-bo‘y! Kitoblardagi gapdan gapirishingda bir gap borga o‘xshaydi! Toshkentda o‘qiydigan 
anovi, tepa mahalladagi yigit… sen haqingda bekorga surishtirib yurmagan ekan-da!? Qizlar bir 
narsani bilmasa gapirmasa kerak.»
«Qaerdan topdilaring bu gapni. O‘zlaringcha birovni birovga tenglayverasizlarmi?» qiz duv 
qizargan yuzini yerga qaratdi. Dugonasi bo‘sh kelmadi:
«Balki yaqinda o‘zing ham Toshkentga qarab o‘qishga jo‘navormasang bo‘ldi!»
«Otamni bilasanku, ikki dunyoda ham ruxsat bermasov?» labida xoli bor qiz xomush tortib, suvga 
termulgancha qoldi. Dugonasi buni payqadi.
«Men o‘qishga borsam, labingdagi xolingni berib turasanmi?» dedi ovoziga quvnoq tus berib.
«Nega? Xolimni nima qilasan?» qiz dugonasiga yalt etib qaradi.
«Senga xolni nima keragi bor? Sen shundoq ham ko‘hliksan!» dedi dugonasi unga zavq va havas 
bilan qarab.
«Ho‘v anqovlar, tushlaringni suvga aytyapsizlarmi?! Dalaga kech qolasizlar-ku!» tolko‘prik ustida 
turgan uchinchi dugonaning hayqirig‘i bularning suhbatini bo‘ldi.
Oradan rosa bir yil o‘tib tolko‘prik ustida o‘rta yoshdagi ikki hamqishloq uchrashib qoladi. 
Qirg‘oqdagi sarg‘aygan ajriq ustiga cho‘kkalab, suhbatlashadi. Ulardan biri, anhorning kunchiqish 
tomonidan kelgani bu yil bug‘doy mo‘l hosil bergani, shu kunlarda piyozdan ham yaxshi daromad 
kutayotgani haqida og‘zini to‘ldirib gapiradi. Tez orada o‘g‘liga ot olib berishi, adirda birovning 


o‘ttiz sotixli bog‘ini ko‘z ostiga olib qo‘ygani, arzon-garovga narxlab, uni ham o‘g‘liga hadya qilib 
berishini aytadi.
Kunbotish tomondan kelgan kishi uning gaplarini suqlik bilan tinglaydi. Yer tanqisligi, mol-
qo‘yga xas-xashakning kamligidan noliydi, bir tomonda qizlari ketma-ket bo‘yi yetib 
kelayotganini aytadi. Biri goh tizzasiga shapatilab gapirsa, ikkinchisi goh tuproq chimdib, goh 
quruqshab sarg‘aygan ajriqlarni yumtalab uzoq suhbatlashadilar. Suhbat so‘ngida ikki erkak quda-
andachilikka ahd qilishadi. To‘yni qishga belgilaydilar.
«Sovchilarni ertaga kutavering, quda!» deydi kunchiqar tomondan kelgan kishi xayrlasha turib.
Labining ustida xoli bor qiz tolko‘prikka tez-tez keladigan bo‘lib qoldi. Tolko‘prikdan suvga 
sakragan paytlari, tolpopukdan bargak taqqan damlari yodiga tushadi, qozonyuvg‘ichlarning suv 
pardasiga chizgan oniy suratlaridan ma’no qidirgan paytlarini eslaydi, achchiq-achchiq yig‘laydi 
va hech kim ko‘rib qolmadimikin deya atrofga gir qarab, yana tezda ortiga qaytib ketadi.
Anhor suvi ba’zan qalin muzlaydi, gohida muz ostidan sharqirab oqayotgan bir bilak suv ko‘rinib 
turadi. Qiz endi bu gal anhorning kunchiqar tarafidan keladi. Yangi paltosining sun’iy mo‘ynalari 
qishning izg‘irin shamolida qizargan yonoqlarini yoqimsiz qitiqlaydi. Palto ostidan kelinlik 
libosining zarhal naqshli yoqalari ko‘rinib turadi. U yolg‘iz emas, norg‘il, yelkalari keng, 
jag‘ suyaklari bo‘rtib turgan, tim qora qoshlari qalin, quyon terisidan tikilgan telpak kiygan 
yigitning ortidan qadam bosadi. Yigit tolko‘prikdan shahd bilan o‘tadi, tolko‘prikning narvon 
qismi g‘irchillab ketadi. Ortidan xotini o‘tadi, to‘q yashil rangli dasturxonlikka o‘ralgan katta 
tugun ko‘tarib olgan, nogoh sirpanib ketmaslik uchun oppoq va uzun bo‘ynini qo‘lidagi tugun 
osha cho‘zib, oyog‘i ostiga tez-tez qarab oladi, bir-bir qadam tashlaydi. Qalampirmunchoq va 
hovuri ketmagan yog‘li qatlamaning hidi taraladi.
Norg‘il yigit o‘tgan yili tolko‘prikka otasi bilan kelib tolni kallaklab ketgandi. Yangi qurilgan 
uyning tomiga loybosti qilayotgan edi ular o‘shanda. Yigit kuchli edi, eng yo‘g‘on shoxni ham 
dastkallaning bir zarbi bilan cho‘rt kesardi. Boshqa paytlarda kechalari mast-alast holda o‘rtoqlari 
bilan kelardi. Bu yigit endi uylanib, kuyov chaqirdiga ketayotgan edi.
Oradan bir necha oy o‘tib labida xoli bor qiz, endi kelin, kechalari, bemahalda tolko‘prikka 
keladigan bo‘ldi. Lekin har gal ko‘prikka qadam qo‘ymay ortiga qaytib ketardi. Tolko‘prikdan 
kechasi ayol zoti yolg‘iz o‘tmagan, yolg‘iz faqat erkaklar o‘tadi. Ba’zi erkaklar ham tundasi undan 
yolg‘iz o‘tishga qo‘rqadi, uzoqroq bo‘lsa ham anhorning qo‘yiroq qismidagi katta ko‘prikdan 
aylanib keladi. Katta beton ko‘prikda harakat tinmaydi, daladan qaytayotgan ulovlar tunu kun 
g‘izillab o‘tib turadi.
Labida xoli bor kelin har gal yuzidagi musht zarbidan ko‘kargan joylarini siypalab, hiqillab yig‘lab 
keladi, ba’zan uning yuzi momataloq bo‘lib ketadi. Lekin ko‘prikka qadam bosmaydi, anhorning 
kunbotish tomoniga zor-zor tikilib, yana ortiga qaytib ketadi. Bir gal u tun yarmidan oqqanda 
bag‘riga olti oylik chaqalog‘ini bosgancha keldi. Tolko‘prikka bir qadam qo‘ydi-yu shu bo‘yicha 
qotdi. Ko‘karib, shishib ketgan yuzlaridan duv-duv yosh oqizdi, xolos. Balki, o‘tsa bo‘larmidi, 
yolg‘iz emas, qo‘lida o‘g‘li bor, erkak kishi edi-ku. Lekin o‘tmadi.
Bir gal o‘tdi. Oy qo‘rg‘onlagan tunda, osmonda yulduzlar miltillab turganda u hech narsani 
o‘ylamay zing‘illab o‘tdi, ortga minba’d qaytmaslik ahdi ila o‘tdi. Biroq tolko‘prikka to‘kilgan 
ko‘z yoshlari hali qurib ulgurmasidan otasi uni ortiga qaytarib keldi. Ota qizini yetaklab 
tolko‘prikdan o‘tkazdi, achchiq-tiziq dashnom gaplar aytib, kelinlik uyiga haydadi. Qiz miq 
etmasdan o‘g‘lini bag‘riga bosgancha kunchiqar tomon ketdi. Ota qo‘llarini ortiga qilib, biroz 
bukchaygancha uyiga qaytdi.
Kunlar tolko‘prik ostidan oqib o‘tgan suv kabi tez o‘tardi. Norg‘il yigit gapu gashtakdan mast-
alast qaytishdan, labida xoli bor yosh juvon anhor bo‘yiga yig‘lab kelishdan tinmadi.


Oqshom tunga og‘ayotgan, qimirlagan jon ko‘zga sharpadek ilinadigan palla edi. Labida xoli bor 
juvon qornida uch-to‘rt oylik homilasi, qo‘lida bir yoshdan o‘tib qolgan o‘g‘li bilan mast erning 
kaltagidan qochib yana tolko‘prikdan kunbotish tomon o‘tdi. O‘sha kuni ona uyida yo‘q edi, 
uzoqdagi qarindoshinikida qo‘noqlab qolgandi. Ona uyida bo‘lganda edi, otani yumshatgan 
bo‘larmidi… Lekin ota o‘z holicha yumshamadi, qizining erdan chiqib kelib uyda o‘tirib qolishiga 
chiday olmasligini o‘yladi. Qizini oshig‘ich ortiga qaytarish uchun tolko‘prikka haydab keldi. Ota 
tolko‘prikka qadam qo‘yganda qiz qirg‘oqda taqqa to‘xtadi.
«Yur dedim senga», ota o‘shqirdi ortiga o‘girilib. Qiz indamay turaverdi.
«Yur dedim, hozir bir baloni boshlaysan,» ota qizining yoniga jahd bilan qaytdi.
Qiz birdan tiz cho‘kdi, otasining tizzasiga yopishmoqchi edi, ota ortiga chekindi, qiz peshonasini 
yerga urdi:
«Jon ota, urib o‘ldirib qo‘yadi meni, qaytarmang,» deb yig‘ladi. Qo‘lidagi bolasi chinqirab yig‘iga 
qo‘shildi.
«Yetti qishloqni chaqirib elga oshga berganman, yurt oldida boshimni qanday ko‘tarib yuraman. 
Odam bolasi kaltakdan o‘lgan emas, ering bir kun quyuladi, bugun bo‘lmasa ertaga, erta bo‘lmasa 
indinga, qaerga borardi quyulmay,» ota qizini qo‘lidan jahl bilan tortib, tolko‘prikdan o‘tkazdi. 
Qiz yig‘idan to‘xtab otaga ergashdi.
«Bor uyingga, qiz bola otilgan tosh, tushgan joyida toshdek qotishi kerak,» ota shu gaplarni aytib 
ortiga qaytdi.
Qiz ketgandek bo‘ldi, tungi oy shu’lasida otasining qorasi o‘chgach, yana ortiga qaytdi. 
Tolko‘prikning o‘rtasiga kelib, qari tolning tanasiga suyandi. Goh osmondagi barkashdek oyga, 
goh oyoqlari ostidan kumushdek tovlanib, to‘lg‘onib oqayotgan suvga tikildi. Dugonalari bilan 
kelib tolbargak taqqani, ko‘ylagi bilan suvga guppa tashlagani yodiga tushdi. Dugonalarini bir-bir 
yodga oldi. Hammasi bola-chaqali, birining eri allaqachon quyulgan, biriniki tabiatan bosiq. U esa 
qachongacha kutadi mast erning quyulishini. U tolga boshini ohista qo‘yib, xayolga cho‘kadi. 
Labining ustidagi xoli titraydi.
Qurbaqalarning qurillagani, chigirtkalarning chirillashi olamni tutgan. Suvning guvillashi, har 
zamon qurbaqaning yoki baliqning «shalop» etib sakrashi eshitiladi. Faqat tol, qanchadan qancha 
quyulganu quyulmagan odamlarni ko‘rgan tolgina sukut saqlaydi. Son-sanoqsiz mayda, qop-qora 
qurtlar tolning ingichka barglarini ilma-teshik qilib, tobora yeb bitiradi. Ipakdek yumshoq oy 
nurlari tolbarg teshiklari orasidan o‘tib kelib ayolning yuziga yog‘iladi, qontalash yaralariga 
malham berayotgandek bo‘ladi. Qurtlarning barg yeyishdagi tisir-tisir ovozini ilg‘ash mumkin 
bo‘ladi. Ularning tolbargga to‘yganlari semirib, novdalarning uch-uchida osilib qoladi, keyin 
«to‘p-to‘p» to‘kiladi. Ular tolning tim qora ko‘z yoshlariga o‘xshaydi…
* * *
Tongga yaqin va ertasi kun bo‘yi odamlar tolko‘prikdan to‘xtovsiz, xavotir va hadik ila o‘ta 
boshlaydi. Tunda qizini ko‘prikdan o‘tkazgan otada tinim yo‘q, ichida ming bir alam, afsus-
nadomat ila zor qaqshaydi. Oradan haftalar va oylar o‘tsa hamki labida xoli bor o‘sha kelindan 
darak yo‘q. Kelinning yo‘qolgani yetti qishoqqa gap bo‘ladi. Qayg‘u qaddini dol qilgan otaning 
bormagan joyi, kulfatdan sochlari oqargan onaning bormagan folchisi qolmaydi. Folchilar «qizing 
tirik, bolasi ham tirik, katta bir shaharda yuripti» degan gapni qaytaradi, xolos.
Odamlar unutuvchan bo‘ladi. Tolko‘prik atrofidagi hayot, qizlarning tolbargak taqishi, tolning 
kallaklanishi, hayqiriqli cho‘milishlar, do‘lana va na’matak terish paytidagi yosh yigit-qizlarning 
sirli uchrashuvlari yana bir zaylda davom etadi.


O‘sha norg‘il, qoshlari tim qora, jag‘ suyaklari bo‘rtib turadigan kishi yana kuyovlik libosida 
tolko‘prikka qadam qo‘yadi. Ortidan yangi kelinlik kamzulini kiygan juvon keladi, boshida katta 
tugun, qalampirmunchoq va hovuri ketmagan yog‘li qatlamaning hidi taraladi. Kuyov chaqirdiga 
ketilmoqda chog‘i.
* * *
Oradan yillar o‘tib qaddi bukik chol keladi, tol shoxlaridan birini kesib olib, hassa yasaydi. Pakkisi 
bilan hassaning dastasini erinmay silliqlaydi, o‘zicha hafsala bilan naqsh solgan bo‘ladi. Keyin 
tolning surx novdalaridan tolbargak yasayotgan qizaloqlardan bir juft tolbargak so‘rab oladi. 
Tolko‘prik ustiga chiqib sabzarang tolpopukni suvga oqizadi, ortidan uzoq termilib qoladi, so‘ng 
og‘ir-og‘ir qadam olib uyiga qaytib ketadi. Chol har bahor, qaldirg‘ochlar oppoq to‘shini suvga 
urib uchganda, ninachi va kapalaklar suv yuzida o‘ynagan kezlarda kelishini kanda qilmaydi. 
Tolko‘prik, odamlarning yo‘liga o‘zini ko‘prik qilib to‘shagan tol ularning ko‘ngliga ko‘prik sola 
olmaganidan bo‘lsa kerak, tanasi tars-tars yoriladi.

Download 416,65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish