MAVZU: HINDISTON YARIMOROLI – JAHON SIVILIZATSIYA O’CHOQLARIDAN BIRI
Muallif: Dilshod Abduvohidov,
SamDU, jahon tarixi kafedrasi magistranti
ANNOTATSIYA. Hindiston diyori jahonning qadimgi sivilizatsiya markazlaridan biri hisoblanadi. Ushbu maqolada Hindiston tarixining ibtidosi bo’lgan Qadimgi Hind sivilizatsiyasi haqida so’z yuritiladi.
Insoniyat tarixida ishlab chiqaruvchi xo’jalikning, shahar madaniyati va yozuvning, xullas, sivilizatsiyaning ilk vatani Yaqin Sharq bo‘lib, insoniyatning madaniy yutuqlari shu yerdan butun ko’hna dunyoga, g’arb-u sharqqa tarqalgan degan fikr XX asr boshlarida ham hukmron ilmiy karash edi. Ammo keyingi tadqiqotlar bu qarashga tuzatishlar kiritib bormoqda. Dastlabki shunday kashfiyotlar XX asrning 20-yillaridayoq amalga oshirildi: hind arxeologlari Saxni va Banerji Hind daryosi bo‘yida Mesopotamiyadagi shumerlar va Misrdagi ilk fir’avnlar davridayoq mavjud bo‘lgan qadimgi sivilizatsiya qoldiqlarini ochdilar1. Olimlar ko’z oldida rivojlangan hunarmandchilik, ajoyib shaharlar va o’ziga xos madaniyatga ega bo’lgan sivilizatsiya namoyon bo‘ldi. Dastlab arxeologlar ushbu sivilizatsiyaning eng yirik shahar markazlari – Xarappa va Mohenjo-Daroni ochdilar. Bu sivilizatsiya ochilgan birinchi shahar nomidan kelib chiqib, Xarappa sivilizatsiyasi deb ataldi. Shu tariqa Hind sivilizatsiyasini qadimiylik bo‘yicha yer yuzida Mesopotamiya va Misr sivilizatsiyalari bilan tengdosh bo’lgan uchinchi sivilizatsiya deb atash mumkin. Ammo ba’zi tadqiqotchilar bu sivilizatsiyaning endi o‘rganilayotganligini nazarda tutib, eng qadimgi bo’lishi ham mumkin, degan taxminni aytmoqdalar2. Hind sivilizatsiyasi ham boshqa qadimgi sivilizatsiyalar qatori daryolar bo’yida shakllangan va sug‘orma dehqonchilikka asoslangan edi. Qadimgi Hind sivilizatsiyasining qirg’oq bo’ylab tarqalish moyiligiga qarab olimlar unga Mesopotamiyaning ta’siri kuchli bo’lganligi haqida tahmin qilishadi. Darhaqiqat, Mesopotamiya sivilizatsiyasi qadimgi Hind sivilizasiyasi mavjudligidan dalolat beruvchi dastlabki manbalardan bir necha asr oldin vujudga kelgan. Bundan tashqari, ularning shahar hayotida ham anchagina umumiylik bor: «o’rta sinf» shaharliklarning nisbatan to’kis yashash darajasi, yuqori darajadagi fuqarolik ongining shakllanganligi (bu faqat Mesopotamiyadagi manbalar bilan isbotlangan bo’lib buni tasdiqlovchi hind manbalari topilmagan) bu umumiylikning eng muhim jihatlaridir3. Ammo shaharni rejalashtirish, ichimlik suvi ta’minoti va oqava suvni chiqarishning puxtaligi Mohenjo-Daro aholisining yuksak turmush madaniyatidan dalolat beradi. Bu ikki sivilizatsiyalarning o’xshash tomonlari umumiy xarakterga ega bo’lib, mayda farqlar bilan izohlanmaydi4.
Arxeologik topilmalarga qaraganda Hindistonda qadimgi tosh asridayoq odamlar yashagan. Eneolit, ayniqsa, bronza davrida Hindistonning g’arbiy hududlarida o’ziga xos Qadimgi Hind sivilizatsiyasi shakllanadi. Uning eng rivojlangan davri mil. avv. III ming yillik – II ming yillik boshlariga to’g’ri keladi. Bu sivilizatsiya markazlari yirik shaharlar bo’lib, ularning xarobalari zamonaviy Xarappa (Panjob viloyatida) va Mohenjo-Daro (Marxumlar tepaligi, Sind vodiysida) hududlarida topilgan. Taxminlarga qaraganda, hozirgi Pokiston hududida, Hind daryosi bo‘ylarida ham xuddi Misrda, Nil daryosi bo’ylaridagi singari serhosil sug‘orma dehqonchilik zonasi mavjud bo’lgan. Qadimgi Hind sivilizatsiyasini olimlarning taxmin qilishlaricha, dravid5 qabilalari yoki ulardan ham oldingi qabilalar yaratganlar.
Shimolda Hindiston sayyoramizning eng baland tog’ tizmasi – Himolay tog’lari bilan chegaralangan. G’arbda esa Himolayning tarmoqlari, cho’llar va yarim cho’llar bilan o’ralgan. Sharq tomon ham tog’lar bilan o‘ralgan. Bu tog’lar Himolaydan ancha past bo’lishiga qaramasdan, odamlar o‘tishi uchun juda noqulay. Shu tariqa, ba’zi olimlarning fikricha, Hindiston ikkita yaqin sivilizatsiya o’choqlari – Xitoy va Mesopotamiyadan ajralib qolgan6. Ammo yuqoridagi tog’lar hind-gang sub’kontinentini Osiyoning qolgan qismidan ajratib turgan bo’lsa-da, Hindistonga kelayotgan savdogarlar va ko’chmanchilar uchun ham, tijorat bilan shug’ullangan, o’z madaniyatlarini tarqatgan hindlar uchun ham hech qachon o’tib bo’lmas to’siq hisoblanmagan. Shu sababli Hindistonning to’liq izolyatsiyasi va Hind sivilizatsiyasining tarqalishida Himolayning cheklovchi roli haqida olimlar orasida tarqalgan fikr ancha bo’rttirilgan va to’gri emas7. Bundan tashqari, Hindiston yarimoroliga g’arbda Arabiston dengizi, sharqda Bengal qo’ltigi tutashgan bo’lib bu dengiz yo’llari ham Hindiston yarimorolini tashqi dunyo bilan doimiy bog’lab turgan. Ammo bu yo’llarning birortasi Hindiston sivilizatsiyasining shakllanishida muhim rol o’ynamagan. Ular faqat mil. avv. I ming yillikda buddaviylik dini va madaniyatining O’rta Osiyo va Xitoyga yoyilishidagi yo’llar sifatida xizmat qilgan8.
Juda qadim zamonlardayoq Hindiston qadimgi sharq va antik dunyoning boshqa mamlakatlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan bo’lib, bu o’zaro madaniy yutuqlarning almashinuviga olib kelgan. Xarappa sivilizatsiyasi davridayoq Mesopotamiya, Eron va O’rta Osiyo bilan, Mauriylar davrida Misr, Janubi-sharqiy Osiyo va Uzoq Sharq bilan madaniy va savdo aloqalari o‘rnatilgan. Antik mualliflarning xabar berishlaricha, hind elchilari imperatorlar Avgust, Trayan, Adrian va Avrelianlar davrida Rim imperiyasiga ham yetib borishgan9. Og’ir geografik sharoitga qaramasdan, shimoli-g’arb tomondan Hindistonga o’tish yo’li bo‘lib, qadimda bu yo’ldan oriylar va O’rta Osiyolik ziroatchi qabilalari foydalanganlar. Hayoti tabiat injiqliklariga bog’liq bo‘lgan aholi suvga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lgan. Ming yillik tarixga ega bo’lgan suvga sig‘inish bugun ham davom etmoqda: hindlar sersuv daryo — Gangni muqaddas sanaydilar, unga sig‘inadilar.
Xo’sh, shunday rivojlangan Qadimgi Hind sivilizatsiyasining inqirozi qanday yuz berdi? Olimlarning taxmin qilishlaricha, dastlab sivilizatsiyaning asosini tashkil qilgan shaharlar inqirozga yuz tutib, vayronalarga aylangan. Bunchalar rivojlangan va keng hududga tarqalgan jamiyatning tanazzuli uning har bir hududida o’zgacha yuz bergan. Mohenjo-Daroga kelsak, uning inqirozi uzoq davom etgan, intihosi esa fojiali bo’lgan. Olimlar asosiy sabab qilib yer osti suvlarining ko’tarilishi va daryo toshqinlarini ko’rsatishmoqda. Bundan tashqari, tabiat ofatlariga qarshi to’xtovsiz kurashishga, doimiy ruhiy hayajon holatida turishga majbur bo’lgan jamiyat oxir-oqibatda charchagan, qiyinchiliklar oldida taslim bo’lgan va tanazzulga yuz tutgan bo’lishi ham mumkin. Tanazzulga olib kelgan keyingi faktor ham tabiat bilan bog’liq. Mohenjo-Daroning qurilishiga millionlab pishiq g’isht sarflangan va bu g’ishtlarni pishirish uchun atrofdagi o’rmonlar yoqib bitkazilgan. Natijada atrof-muhit cho’lga aylana boshlagan. Shu tariqa shahar bu sivilizatsiya intihosida nuqta qo’ygan oriylar bosqinidan ancha oldin tanazzulga uchragan. Svastika belgisi ostida jang aravalarida kirib kelgan oriylar10 (svastika oriylar nishoni bo’lib, sanskrit tilida svasti deyilgan) esa mardlikni, jang qilishni unutgan hindlarni dahshatga solgan va sivilizatsiyaning to’liq halokatiga sabab bo’lgan11. Bu voqeaning tarixiy ahamiyatiga kelsak, Mortimer Uiler, Ram Sharan Sharmava va boshqa bir qator tarixchi olimlarning fikricha, Qadimgi Hind sivilizatsiyasi o’z xarakteriga ko’ra oriylar sivilizatsiyasi bo’lmagan.
Xulosa o’rnida, Hindiston bugun ham o’simlik dunyosining xilma-xilligi, inson qo’li tegmagan tropik o’rmonlarning tabiiy go’zalligi bilan kishini hayratga soladi. O’rmonlar bu ertaksimon mamlakat aholisiga faqat yog’och, hunarmandchilik uchun xomashyo, uy-joylarni isitish uchun o’tin berib qolmasdan, o’zining yong’oqlari, reza mevalari va boshqa boyliklari bilan ularni boqar ham edi. Yevropada oltindan ham qimmat sanalgan, o’rta asrlarda pul o’rnida ishlatish mumkin bo’lgan xushbo’y va xushta’m ziravorlar Hindistonga nisbatan doimo qiziqish uyg’otib kelgan va keyinchalik Xristofor Kolumbning Amerikani kashf etishida katta turtki bo’lgan.
ADABIYOTLAR:
Елена Элк. “Индия”,
http://elena-elk.narod.ru/Ancient-civilizations/india.html
“Древняя Индия - цивилизация древней Индии”,
http://www.historie.ru/civilizacii/drevnyaya indiya/228-drevnyaya-indiya-civilizaciya-drevney-indii.html.
Артур Бэшем. “Цивилизация древней Индии”,
http://razym.ru/naukaobraz/istoriya/41271-artur-byeshem-civilizaciya-drevnej-indii.html.
Мортимер Уилер. “Древный Индостан. Раннеиндийская цивилизация»,
http//bookz.ru/authors/mortimer-uiler/drevnii-_323.html.
“История мировых цивилизаций. Древнеиндийская цивилизация”. http://godsbay.ru/civilizations/civilization_indiya.html.
Аджи М. “Азиатская Европа/Мурад Аджи”. – M.: AСT: AСT МОСКВA, 2008.
Чайлд Г. “Расцвет и падение древных цивилизаций. Далекое прошлое человечества”.
http:/bookz.ru/authors/gordon-4aild/rascvet-694, html.
Ergashev Sh. Qadimgi sivilizatsiyalar. – Toshkent: ”O’zbekiston” NMIU, 2016.
Do'stlaringiz bilan baham: |