"Marjon" navi - O‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan yaratilgan va 2008-yilda davlat reyestriga kiritilgan. Nav issiqqa va kasalliklarga chidamli, o‘rta sho‘rlangan yerlarda yetishtirish uchun mos. Vegetatsiya davri 95 kun. O‘simlik tik o‘suvchan, bo‘yi 60-65 sm, poyasida 35 dona va undan ortiq dukkaklar shakllanadi. Xar bir dukkakda 10-12 dona urug‘ shakllanadi. 1000 dona urug‘ vazni- 82 g. Doni zaytunrang tusda, yaltiroq.
Dukaklari poyasining ustki qismida shakllanishi terim jarayonini yengillashtiradi.
Dukkaklarining birinchi yig‘imi maysalarning paydo bo‘lgandan 60-63 kundan so‘ng amalga oshirish mumkin. O‘simlikdagi dukkalari dalada chatnab ketmaydi, shu munosabat bilan xosil yig‘imi dukkaklarining to‘liq yetilishi davrida amalga oshiriladi. O‘simlikda yetilgan dukkaklari sariq tusda bo‘ladi. Intensiv tipdagi nav, kombaynda yig‘ish uchun yaroqlidir. Xosildorligi 25,5-28,0 s/ga.
"Turon" navi -O‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan yaratilgan va 2012-yilda davlat reyestriga kiritilgan. Nav issiqqa va kasalliklarga chidamli, o‘rta sho‘rlangan yerlarda yetishtirish uchun mos.
O‘rtapishar nav. Vegetatsiya davri 100 kun. O‘simlik tik o‘suvchan, bo‘yi 70-75 sm, 40 va undan ortiq dukkaklar shakllanadi. Xar bir dukkakda 12-14 dona urug‘ mavjud. 1000 dona urug‘ vazni- 85 g. Doni to‘q zaytunrang tusda.
Dukaklari poyasining ustki qismida shakllanishi terim jarayonini yengillashtiradi.
Dukkaklarining birinchi yig‘imi maysalarning paydo bo‘lgandan 65 kundan so‘ng amalga oshirish mumkin. O‘simlikdagi dukkalari dalada chatnab ketmaydi, shu munosabat bilan xosil yig‘imi dukkaklarining to‘liq yetilishi davrida amalga oshiriladi. O‘simlikda pishgan dukkaklar to‘q jigar rangli yoki qora rangli.
Intensiv tipdagi nav, kombaynda yig‘ish uchun yaroqlidir. Hosildorligi 30,0- 32,0 s/ga.
Mosh yetishtirish Almashlab ekishdagi o‘rni - Mosh uchun o‘tmishdosh ekin sifatida xar qanday qishloq xo‘jalik ekini bo‘lishi mumkin. Yosh bog‘larni ichida ham ekish mumkin. Mosh kuzgi g‘alla va qator boshqa sabzavot ekinlaridan keyin takroriy ekin sifatida ishlatilishi maqsadga muvofiqdir. Agar sentabr oyida uning yig‘im-terimidan so‘ng birato‘la bug‘doy ekilsa, mosh kuzgi bug‘doy uchun yaxshi o‘tmishdosh ekin hisoblanadi.
Tuproq- mosh turli ekologik va tuproq-iklim sharoilarida yaxshi hosil bera oladi. Uni unumdorligi past bo‘lgan tuproqlarda yetishtirish mumkin, lekin botqoqlangan (zaxkash) yerlar mosh yetishtirish uchun to‘g‘ri kelmaydi. Navlar sug‘oriladigan sharoitda ekin ekish uchun mo‘ljallangan. Lekin sizot suvlari yaqin bo‘lgan tuproqlarda mosh yetishtirishda kam sug‘oriladi.
Ekish uchun dalani tayorlash- Asosiy (bahor mavsumida) mosh ekish uchun dalani tayyorlash uchun kuzda shudgor o‘tqaziladi. Bahorda chizellash, boronalash va ariqlarni ochish ishlari olib boriladi.
Takroriy (yoz mavsumida) ekish uchun oldingi ekindan keyin yer haydaladi. Chizellash, boronalash va egat olish ishlari olib boriladi.
Kuzgi bug‘doy hosilini kechgi yig‘im terimdan keyin yerni xaydamasdan dalani mosh ekish tayyorlash uchun dala sug‘oriladi va egatlarni orasidan chizel yordamida mosh urug‘larni ekish uchun egat olinadi.
Organik dehkonchilikda resurs tejamkor texnologiyasidan foydalanganda yerni xaydamasdan texnika yordamida qatorlar ochiladi va mosh urug‘lari ekiladi. Ekish muddati
Yangi mosh navlari asosiy (bahorda) va takroriy (yoz mavsumida) ekin sifatida to‘liq hosil olishga yaroqlidir. Bahor faslida urug‘lar 10-20-aprelda ekiladi va yoz mavsumida esa 15-iyundan -1-iyulgacha. 5-iyuldan so‘ng ekilgan moshning hosildorligi past bo‘ladi.