"Tungi xabarlar” jamoasi Morrinikiga uchinchi va oxirgi marotaba tashrif buyurdi. Bu galgi ko‘rsatuvdagi ruhiyat mutlaqo o‘zgacha edi. Odatiy suhbatdan ko‘ra ko‘proq qayg‘uli vidolashuv sahnasini eslatardi. Ted Koppel kelishidan oldin bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib, Morridan qayta-qayta "Suratga olish jarayoni sizni charchatib qo‘ymaydimi?” deb so‘radi.
Morrining ko‘rsatuv oxirigacha turib bera olishiga ishonchi komil emasdi.
-
Hozirda har daqiqa o‘zimni horg‘in sezaman, Ted. Tez-tez nafasim bo‘g‘ilib qoladi. Agar ba’zi so‘zlarni aytolmay qolsam, o‘rnimga nima demoqchi bolganimni izohlab turasizmi?
-
Albatta, — dedi Koppel. Keyin esa tabiatan qat’iyatli bo‘lgan teleyulduz: - Agar ko‘rsatuvda qatnashgingiz kelmasa, ayting, buni xijolatli yeri yo‘q, Morri. Har qanday holatda ham xayrlashgani boraman yoningizga, - deya qo‘shib qo‘ydi.
Go‘shakni qo‘ygach, Morri ayyorona jilmaydi.
-
Va nihoyat, uning ham qalbini eritdim.
U haq edi. Koppel Morrini "do‘stim” deb atay boshlagandi. Keksa professorim, hattoki, telebiznes vakillarining qalbida ham rahm-shafqat uyg‘otishga muvaffaq bolgandi.
Juma kuni peshindan keyin o‘tkazilgan suhbatda Morri bir kun oldin kiygan kiyimida o‘tirdi. Bu paytga kelib, u ust-boshini har ikki kunda almashtirardi va hali ikki kun tolmagani sababli belgilangan tartibni buzgisi kelmadi.
Avvalgi ikki Koppel-Shvarts ko‘rsatuvidan farqli ravishda bu galgi tasvirga olish ishlari faqatgina Morrining kabinetida olib borildi. U xonada turgan kursiga bandi edi. Keksa professorim bilan o‘pishib ko‘rishgan Koppel kitob javoni yoniga qisilibgina joylashdi, aks holda, kadrga sig‘may qolardi.
Suhbatni boshlashdan oldin Koppel Morrining dardi qanchalik og‘irlashganini so‘radi.
-
Ahvolingiz qanday o‘zi, Morri?
Morri bemajol qo‘lini ko‘tardi - zo‘rg‘a qornigacha ko‘tarildi. Undan yuqoriga ko‘tarishga madori yetmasdi. Koppel savoliga javob olgandi.
Tasvirga olish ishlari boshlandi: uchinchi va so‘nggi suhbat. Koppel Morridan “o‘lim ingiz yaqinlashgani sari qo‘rquvingiz ortib boryaptimi?” deb so‘radi. Morri “yo‘q” deb javob qaytardi. Aslini olganda, hozir qo‘rquv avvalgidan ancha kamaygandi. U tashqi olamdan tobora uzilib borayotgandi: avvalgidek gazeta o‘qib berishlarini so‘ramas, pochta orqali kelayotgan xatlarga ham uncha e’tibor bermas, bularning o‘rniga ko‘proq musiqa tinglar va derazadan barglar rangi o‘zgarishini tomosha qilardi.
Morri ALSdan aziyat chekkan boshqa kishilar borligini ham bilardi; ulardan ayrimlari mashhur shaxslar edi, masalan, buyuk fizik, “Vaqtning qisqacha tarixi” kitobi muallifi Stiven Xoking. U tomog‘idan ochilgan teshik bilan kun kechirar, kompyuter sintezatori yordamida gapirar va ko‘z harakatlarini ilg‘ab oluvchi sensor yordamida kiprik qoqish orqali harf terardi.
Morri uning matonatiga qoyil qolar, biroq o‘zi bu tarzda yashashni xohlamasdi. U Koppelga hayot bilan xayrlashish vaqti qachon kelishini bilishini aytdi.
-
Ted, hayot men uchun muloqot degani. O‘z his-tuyg‘ularimni ifoda etish, boshqalar bilan suhbatlashish, qayg‘u va quvonchlariga sherik bo‘lish tirikligimni anglatadi. - Morri chuqur nafas oldi. - Bular poyoniga yetganda, Morrining ham paymonasi to‘ladi.
Ular xuddi qadrdonlardek suhbatlashishdi. Oldingi ikki suhbatdagidek, Koppel “ketni artish sinovi” haqida so‘radi - aftidan, hazilomuz javob kutgandi. Biroq Morrining jilmayishga ham holi qolmagandi. U faqat bosh chayqab qo‘ydi:
-
Hozir hatto tuvakda ham qaddimni tik tutib o‘tirolmayman. Har yonga og‘ib ketaveraman, shu sababli meni ushlab turishadi. Ishimni tugatgach, ketimni artib qo‘yishadi. Ahvolim shu darajaga kelib qolgan.
U Koppelga osoyishtalikda jon berishni xohlashini aytdi. Va o‘zining yangi yozilgan hikmatli so‘zi bilan bolishdi: “Juda erta ketishga oshiqma, lekin juda uzoq ham qolib ketma”.
Koppel tushkun kayfiyatda bosh irg‘atdi. “Tungi xabarlar”ning dastlabki soni olinganidan beri atigi olti oy o‘tgan bo‘lsa-da, hozirgi Morri Shvarts deyarli murdaga aylangandi. Ko‘rsatuv
tomoshabinlari o‘lim haqidagi miniserial ko‘rayotgandek edi, Morri ularning ko‘z o‘ngida so‘lib borardi. Biroq uning jismi nurab borgani sari, shaxs sifatida oldingidan-da yorqinroq porlardi.
Suhbat oxirlab qolganda, tasvirda Morrining bir o‘zini qoldirishdi, Koppelning esa faqat ovozi eshitilib turardi. Koppel keksa professorimdan "sizning muxlisingizga aylangan millionlab teletomoshabinlarga aytadigan biror so‘zingiz bormi?” - deya so‘radi. Koppel buni xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa-da, uning savoli o‘limga hukm qilingan shaxsga so‘nggi so‘zini aytishga imkon berayotgandek yangradi.
-
Mehr-shafqatli bo‘ling, - shivirladi Morri. - Bir-biringizga tayanch bo‘ling. Agar shu narsalar bizga saboq bo‘lganida edi, dunyo yashash uchun yaxshiroq joyga aylangan bo‘lardi. - So‘ng bir nafas tin olib, qo‘shimcha qildi - "Bir-biringizga mehr-muhabbat ko‘rsating, yo‘qsa halokatga yuz tutasiz”.
Suhbat yakunlandi. Lekin negadir tasvirchi video-kamerani o‘chirmadi va oxirgi sahna ham tasvirga tushdi.
-
Barakalla, suhbatni yaxshi o‘tkazdingiz, Morri, - dedi Koppel.
Morri bazo‘r jilmaydi.
-
Qo‘ldan kelgancha harakat qildim, - dedi keyin.
-
Har doimgidek.
-
Ted, xastalik ruhimga chang solmoqda. Lekin uni sindirolmaydi. Jismimni barbod qilishi mumkin. Ruhimni emas.
Koppelning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
-
Juda yaxshi insonsiz, Morri.
-
Shunday deb o‘ylaysizmi? - Morri ko‘zini shiftga tikdi. - Hozir U bilan muzokara olib boryapman. Undan qayta-qayta: "Farishtalaringdan biriga aylanamanmi yoki yo‘q?” deb so‘rayapman.
Morri Xudoga murojaat qilishiga ilk bora iqror bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |