So‘z o‘zgartuvchilar (aloqa – munosabat qo‘shimchalari) muayyan so‘zning nutqdagi boshqa so‘zga nisbatan sintaktik munosabatini, aloqasini ko‘rsatuvchi affikslardir. So‘z o‘zgartuvchilar 1) kelishik (turlovchi) qo‘shimchalari; 2) egalik qo‘shimchalari; 3) shaxs-son (tuslovchi) qo‘shimchalaridan iborat. Masalan: kuzning havosi, kitobni o‘qidim, daladan qaytayapman kabi birikmalar tarkibidagi so‘zlar o‘trtasidagi sintaktik aloqa -ning, -ni, -dan kabi kelishik, -i egalik, -m, -man kabi shaxs-son qo‘shimchalari vositasida yuzaga kelgan.
Affikslarning tuzilishiga ko‘ra turi. Affiksal morfemalar tuzilishiga ko‘ra sodda va murakkab bo‘lishi mumkin. Masalan, gulzor, gulla, aqlli kabi so‘zlardagi -zor, -la, -li sodda affikslar bo‘lsa, zavqlan, dehqonchilik, isrofgarchilik kabi so‘zlardagi —la\n, -chi\lik, -gar\chi\lik murakkab affikslar bo‘lib, ular tarkiban bir necha sodda affikslarning birikishidan tuzilgan. Demak, murakkab affikslar ikki yoki undan ortiq sodda affikslarning bitta ma’noli qism doirasida birikishi orqali yuzaga keladi.
Unumli va unumsiz affikslar. Affikslar so‘z tarkibida ishtiroki darajasiga ko‘ra unumli, kam unum va unumsiz turlarga bo‘linadi. Bunday affikslarning aksariyat qismi so‘z yasovchilarga taalluqlidir.
So‘z tarkibida ma’noli qism sifatida faol ishtirok etadigan affikslar unumli sanaladi. Masalan, ot yasovchi –chi: ishchi, ovchi, a’lochi; sifat yasovchi –li: mazali, totli, savodli; fel yasovchi-la: arrala, ishla kabilar, shuningdek, shakl yasovchi va so‘z o‘zgartuvchi affikslarning asosiy qismi unumli affikslardir.
Hozirgi tildagi so‘zlarning yasalishi va morfologik shakllanishida kam qatnashadigan affikslar kam unum sanaladi. Masalan, ot yasovchi – oq: o‘roq, taroq; – kash: mehnatkash, aravakash;-dosh: maktabdosh; sifat yasovchi –ma: bo’g‘ma (ilon), qaynatma (sho‘rva) kabilar hamda shakl yasovchi –ish: oqish; -imtir: qoramtir;—ov\-ala: ikkov, uchala; -v\-ov: o‘qiv;-sat:ko‘rsat kabilar kam unum affikslardir.
Tarixan mavjud bo‘lib, hozirgi tildagi so‘zlarning yasalishi va shakllanishida ishtirok etmaydigan affikslar unumsiz affikslardir. Masalan, ot yasovchi-vul: qorovul, bakavul, -gar: savdogar, zargar; sifat yasovchi –ag‘on: qopag‘on, bilag‘on, -g‘oq: toyg‘oq, -kin: keskin, -mon: o‘larmon, bilarmon; fe’l yasovchi –ar:oqar, ko‘kar kabilar, hamda -lamchi:birlamchi,- ajak:kelajak kabi shakl yasovchilar shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |