UO‘К: 336 (075) КBК: 65.261
ISBN 978-9943-13-399-0 © «Iqtisod-Moliya», 2013
© A.V. Vahobov, N.F. Ishonqulov, A.T. Ibrohimov, 2013
K I R I SH
O‘zbekiston Respublikasida jamiyat taraqqiyotining barcha jabhalarida, eng avvalo iqtisodiy sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish va erkinlashtirish borasida aniq dastur ishlab chiqilgan. Bu dasturni joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonning demokratik va bozor islohotlarini amalga oshirish, jahon hamjamiyatiga keng integratsiyalashuvi va barqaror olg‘a borishi uchun mustahkam zamin yaratishdir.
Prezidentimiz I. Karimov: «Oldimizda turgan birinchi va asosiy vazifa – bu izchil iqtisodiy o‘sish, chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni mukammallashtirish va ilg‘or texnologiyalar bilan qayta qurollantirishning bosh sharti bo‘lgan makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikka erishish muammosidir» deb ta’kidlagan. Bu, Respublika iqtisodiyotida faoliyat yuritayotgan barcha soha korxonalarining foyda ko‘rish maqsadida, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarishi yoki xizmat ko‘rsatishini talab etadi. Bu, o‘z navbatida, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini, unda sodir bo‘ladigan iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarni va munosabatlarni muntazam ravishda tahlil qilib borishni taqozo etadi.
Respublikaning iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikka erishishida muhim omil, ishlab chiqarish hajmining o‘sishi, pul qadrsizlanishini pasaytirish, eksport hajmini oshirish va boshqa shu kabi makroiqtisodiy o‘sishni ta’minlash bilan birga mamlakatda faoliyat yuritayotgan har bir korxona, firma, kompaniyalarni xo‘jalik subyektlari sifatida rivojlantirishni taqozo etadi.
Korxona, firma va kompaniyalarning iqtisodiy mustaqil hamda moliyaviy barqaror faoliyat ko‘rsatishlarida ularni oqilona boshqarish, hisob-kitob yuritilishini bozor iqtisodiyoti talablariga moslash, moliyaviy menejment ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bor moddiy, moliyaviy va mehnat boyliklaridan samarali foydalangan holda ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, natijada yuqori foyda olib, davlat budjeti oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish, rezervlar tashkil etish eng dolzarb vazifalardan sanaladi.
Shu bois, bozor iqtisodiyotini erkinlashtirish har birimizdan buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit haqida ma’lum bilimga ega bo‘lishimizni talab etadi. Tadbirkorlik faoliyatining muvaffaqiyati hisobkitoblarning puxtaligiga, pul oqimlarining oqilona boshqarilishiga, moliyaviy masalalardagi qarorlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilinishiga hamda moliyaviy tahlilning sifatli tashkil etilishiga uzviy bog‘liqdir. Ayniqsa, bozorni to‘g‘ri o‘rganishda, hamkorlarning moliyaviy ishonchliligini bilishda, o‘zaro hisob-kitob ishlarida yutqazib qo‘ymaslik va boyliklardan o‘rinli foydalana olishda kompleks iqtisodiy tahlilning natijalariga asoslanib boshqaruv qarorlarini belgilash, foyda olishning zaruriy sharti ekanligi tajribada bir necha bor isbotlangan.
Iqtisodiy tahlil boshqaruvning bir funksiyasi sifatida mavjud axborotlarga tayanadi, ammo axborotlar hali hech narsani hal qilmaydi. Ularni menejerning maqsadidan kelib chiqqan holda qayta ishlashni, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha tizimlashtirishni, moliyaviy hisobotlarni iqtisodiy jihatdan o‘qishni talab qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy tahlil orqali amalga oshiriladi. Shu tufayli zamonaviy mutaxassislar shu fanni mukammal o‘rganishi lozimligini obyektiv zaruratga aylantirdi. Bunday zaruriyat tufayli barcha iqtisodiyotga oid mutaxassisliklar iqtisodiy tahlil fanini, uning tarkibiy qismi bo‘lgan moliyaviy va boshqaruv tahlilni o‘rganishi majburiy qilib belgilangan va mutaxassislarni shakllantiruvchi fan sifatida ularning o‘quv rejasiga kiritilgan.
Oliy o‘quv yurtlari faoliyati baholanadigan mezonlarni shakllantirishda oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qitish sifati va ilmiy salohiyat darajasi indeksiga asosiy e’tibor qaratiladi.
E’tiboringizga havola etilayotgan «Moliyaviy va boshqaruv tahlili» darsligida korxona, firma, kompaniyalarning mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish, mehnat va moddiy boyliklaridan foydalanganligi, asosiy ishlab chiqarish va davr xarajatlari tarkibi, moliyaviy natija hamda moliyaviy holat, asosiy vositalar tarkibi, pul oqimlari va xususiy kapitallar harakatini tahlil qilishning uslublari sodda va tushunarli tilda yoritilgan. Darslik korxona mablag‘larini, uning tashkil topish manbalarini, moliyaviy natijalarini, asosiy vositalar harakatini, pul oqimi va xususiy kapital o‘zgarishini omilli, qiyosiy tahlil qilishning amaldagi tartibi, firma hamda kompaniyalarning kreditga layoqatliligi, moliyaviy barqarorligini aniqlashning uslubiy asoslarini o‘rganishga yordam beradi.
Darslikning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda har bir iqtisodiy kategoriyani baholash va ularni tegishli ko‘rsatkichlar bilan ifodalashda mavjud bo‘lgan turli qarashlarga tanqidiy yondoshilgan va ularga fikr bildirilib, har biri imkon qadar nazariy jihatdan asoslangan. Nazariy masalalarning yechimi amaliy ma’lumotlarni qo‘llagan holda isbotlab berilgan. Demak, mazkur darslikda nazariy masalalar bilan amaliyotning uyg‘unligi ta’minlangan.
Oliy o‘quv yurtlarining «Biznes va boshqaruv» ta’lim sohasida bilim olayotgan talabalar, bo‘lg‘usi buxgalter-auditorlar, davlat moliyasini boshqarish, qimmatbaho qog‘ozlar va sarmoyalar bozori, soliq va soliqqa tortish, bank ishi, sarmoyalar moliyasi va ularning monitoringi, kasb ta’limi hamda magistraturaning «Kredit», «Xalqaro valuta-kredit munosabatlari», «Iqtisodiy tahlil», «Davlat moliyasini boshqarish», «Soliq va soliqqa tortish», «Buxgalteriya hisobi», «Audit», «Bank auditi», «Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish», «Korxona moliyasi», «Sug‘urta ishi», «Tashqi iqtisodiy faoliyat», «Korporativ moliya va qimmatli qog‘ozlarni boshqarish», kabi mutaxassisliklarini egallovchilar uchun ham «Moliyaviy va boshqaruv tahlili» darsligidan foydalanish, o‘z kasbini chuqur egallashiga yordam beradi.
Mamlakatimiz Prezidenti I. Karimov o‘z ma’ruzasida: «Ta’lim sohasidagi ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, Fransiyadagi dunyoning eng yaxshi beshta biznes maktabi qatoriga kiradigan «Inssad» xalqaro biznes maktabining 2012-yilgi «Innovatsiyalarning global indeksi» ma’ruzasida bayon etilgan ma’lumotlarni keltirish o‘rinli, deb o‘ylayman»,1 degan fikrni yuritgan.
«Moliyaviy va boshqaruv tahlili» nomli darslik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmasi asosida tayyorlandi va uslubiy kengash tomonidan oliy o‘quv yurtlarida foydalanishga tavsiya etildi.
Kitobxonlarni moliyaviy va boshqaruv tahlil uslubiyati bilan chuqur tanishtirish maqsadida har bir yoritilgan mavzudan so‘ng tayanch iboralar, takrorlash uchun savollar, mustaqil bajarish uchun topshiriqlar va test variantlari berilgan.
Darslikda keltirilgan hisobot ma’lumotlari va raqamlar respublikamizda faoliyat yuritayotgan real xo‘jalik yurituvchi subyektning ma’lumotlari shartli axborot manbasi sifatida olindi.
Ushbu darslik Toshkent moliya institutining uslubiy Kengashi tomonidan chop etishga tavsiya etilgan.
Mualliflar ushbu darslikni yaratishda qimmatli maslahatlarini bergan iqtisod fanlari doktori, professor M.Q. Pardayev, iqtisod fanlari doktori, professor B.A.Xasanov va ustoz-murabbiy, dotsent T.Sh. Shagiyasovlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |