2.3. Iqtisodiy tahlilda qo‘llaniladigan usullar va ularni guruhlarga ajratish
Iqtisodiy tahlil jarayonida turli usullar va metodikalar qo‘llaniladi. Bu usul va metodikalardan foydalanish jarayonida tahlil metodining asosiy jihatlarini kompleksligi va tizimlashganligi yaqqol ko‘rinadi. Xo‘jalik jarayonlarining umumiy birligi, o‘ziga xos tuzilish va tarkibga egaligi hamda murakkab tavsifdagi o‘zaro bog‘liqligi tahlil usullari va metodikalarini qo‘llashda asosiy e’tiborda turadi.
Tahlilning usul va metodikalarini qo‘llashda korxonaning xo‘jalik
va boshqa turdagi faoliyatini bir butun tizim ekanligi, uning umumiy yakuniy natijasi mavjudligi nazarda tutilgan holda faoliyatning turli tomonlari va elementlari ham alohida, ham birgalikda o‘rganilib, ularning o‘zaro bog‘liqligi, biri ikkinchisining ta’siridan kelib chiqishi, ya’ni ketma-ketligi aniqlanib, barcha omillar asosiy hamda asosiy bo‘lmagan guruhlarga bo‘linadi va ular o‘zaro uyg‘unlashtirilgan hamda tizimga solingan holda yakuniy natijaga omillarning birgalikdagi bevosita va bilvosita ta’siri hisoblanadi.
Tahlil usullarini qo‘llash o‘rganilayotgan jarayonlarning bir-biriga bog‘liqligi, o‘zgarish sababi, ta’sir ko‘rsatgan omillar va qo‘shimcha sabablarni aniqlashga yordam beradi.
Hozirgi raqobatdosh iqtisodiyotda aksariyat yetuk iqtisodchi olimlarimiz tahlilning usullarini iqtisodiy adabiyotlarda shartli ravishda ikki guruhga ajratib ko‘rsatishmoqda. Iqtisodiy tahlilning usullarini quyidagi ikki guruhga ajratish mumkin:
Oddiy-an’anaviy (odatdagi) usullar guruhi.
Iqtisodiy - matematik (omilli tahlil) usullar guruhi.
Oddiy-an’anaviy (odatdagi) usullar guruhiga iqgisodiy tahlil paydo bo‘lgandan buyon an’anaga aylanib, amaliy tajribada keng qo‘llanilib kelayotgan usullar kiritiladi. Ularning tarkibiga mutlaq va nisbiy farqlarni aniqlash, taqqoslash, guruhlashtirish, balansli bog‘lanish, zanjirli bog‘lanish, indeks, foizlar va hokazo usullarni kiritishimiz mumkin bo‘ladi.
Iqtisodiy-matematik usullarni yuzaga kelishi esa iqtisodiy axborotlarni qayta ishlovchi kompyuterlar hamda axborot texnologiyalarini rivojlanishi bilan bog‘liq. Ushbu usullar iqtisodiy axborotlarni hisoblash va qayta ishlash jarayonini tezlashtirib, ularni qisqa muddatda boshqaruv xodimlariga uzatish hamda murakkab masalalarni tez va aniq hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Korrelatsiya, regressiya, integral, nazariy o‘yin, matematik dasturlash va shu kabilar iqtisodiy-matematik usullarga misol bo‘ladi.
Xo‘jalik jarayonlarini o‘rganish, tahlil etishda yangi usul va vositalardan foydalanish iqtisodiy tahlilni takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda tahlilda qo‘llaniladigan iqtisodiy-matematik usullarni ham ushbu qatorga kiritish mumkin (3-jadval). 3-jadval Tahlilda qo‘llaniladigan iqtisodiy-matematik usullar va ularni qo‘llash o‘rni
Do'stlaringiz bilan baham: |