Mutlaq va nisbiy ko‘rsatkichlarni hisoblash usuli
Iqtisodiy tahlilda ko‘rsatkichlarni o‘rganish mutlaq miqdorlardan foydalanishdan boshlanadi. Misol uchun, mahsulot ishlab chiqarish hajmi (natural va qiymat o‘lchovlarida), tovar aylanish hajmi, mahsulot ishlab chiqarish tannarxi, yalpi tushum, ishchilar soni va hokazo. Mutlaq ko‘rsatkichlar hodisa birliklarning o‘lchov, og‘irlik, hajm, davomiylik, maydon, qiymat va boshqa hodisalarning o‘lchamiga nisbatsiz miqdoriy o‘lchovini aks ettiradi, nisbiy esa – kattaliklar o‘rganilayotgan hodisa va kattaliklarning boshqa davr yoki boshqa obyekt bo‘yicha olingan qandaydir boshqa hodisa yoki kattaliklarga nisbatini ifodalaydi. Mutlaq miqdorlarsiz tahlil ishlarini amalga oshirib bo‘lmaydi. Iqtisodiy tahlilda mutlaq miqdorlar voqelikni bilish, tushunish, o‘qish va o‘rtacha hamda nisbiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda asosiy axborot bazasi bo‘lib foydalaniladi. Shuningdek, mutlaq o‘zgarish iqtisodiy tahlilda muayyan ko‘rsatkichni avvalgi davrlarga nisbatan mutlaq miqdordagi farqlarini ko‘rsatib beradi. Nisbiy ko‘rsatkichlar bir xil tur va mazmundagi ko‘rsatkichlarni o‘zaro nisbatini aniqlab foiz, koeffitsiyent, indeks ko‘rinishida aks ettirib beradi. Ushbu usul reja bajarilishi, o‘sish sur’atlari hamda salmog‘lar asosida voqeliklarni tarkibiy tuzilish holati kabilarni o‘rganishda keng qo‘llaniladi. Nisbiy ko‘rsatkichlar bir kattalikni boshqasiga bo‘lish natijasida olinadi va u taqqoslash bazasiga qabul qilinadi. Bu reja, bazis yil, boshqa korxonaning, o‘rtacha sohaviy ma’lumotlari bo‘lishi mumkin. Nisbiy kattaliklar koeffitsiyentlar (baza 1) yoki foizlar (baza 100) shaklida ifodalanadi.
Ushbu jadvalda «Mustaqillik» fermer xo‘jaligining mulki, ham mutlaq, ham nisbiy ko‘rsatkichlar asosida hisob-kitob qilingan. Xo‘jalik faoliyati tahlilida nisbiy kattalikning turli shakllari qo‘llaniladi: makoniy taqqoslash, rejaviy topshiriq, reja bajarilishi, dinamika, struktura, koordinatsiya, intensivlik, samaradorlik. Makoniy taqqoslash nisbiy kattaligi ayni bir davr yoki bir vaqt momenti bo‘yicha olingan turli obyektlarga tegishli ko‘rsatkichlarning darajasini taqqoslash natijasida olinadi. Rejaviy topshiriqni taqqoslash nisbiy kattaligi ko‘rsatkichni joriy yil rejaviy darajasining o‘tgan yil haqiqatdagi yoki 3-5 yil oldingi o‘rtachasi darajasiga nisbatini o‘zida aks ettiradi. Reja bajarilishi nisbiy kattaligi – ko‘rsatkichning hisobot davrining haqiqatdagi va rejaviy darajasi o‘rtasida foizlarda ifodalangan nisbatida ifodalanadi. Dinamika nisbiy kattaligi qandaydir vaqt oralig‘ida ko‘rsatkichlarning o‘zgarishlarini tavsiflash qo‘llanilishi uchun va joriy davr ko‘rsatkichlari kattaliklarini uni oldingi davr (oy, kvartal, yil) darajasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlaydi. Ular o‘sish sur’ati deb aytiladi va odatda, foiz yoki koeffitsiyentlarda ifodalanadi. Dinamikaning nisbiy kattaliklari bazis va zanjirli bo‘lishi mumkin.
Struktura ko‘rsatkichi – bu qismning umumdagi ulushi (solishtirma salmog‘i) bo‘lib, foiz yoki koeffitsiyentlarda ifodalanadi. Misol uchun, umumiy ekin maydonida donli ekinlar solishtirma salmog‘i, korxonaning xodimlari umumiy miqdorida ishchilarning solishtirma salmog‘i, korxonaning aktivlari shakllanishida o‘z kapitalining solishtirma salmog‘i va shu kabilar. Koordinatsiya nisbiy kattaligi bir qism va umumiy ko‘rsatkichning o‘zaro nisbatini o‘zida aks ettiradi, misol uchun asosiy ishlab chiqarish fondlarining aktiv va passiv qismlari, o‘z hamda qarz kapitali va boshqalar. Intensivlik nisbiy kattaligi biror hodisaning muhit bilan mutanosiblikda rivojlanishi darajasini ko‘rsatadi. Misol uchun, xodimlar va ishchilar tarkibida yuqori malakali ishchilar foizini oshib borishi va shu kabilar. Samaradorlik nisbiy kattaligi – bu foydalilikni resurslar yoki xarajatlar bilan nisbatini ifodalab beradi. Misol uchun, mahsulot sotishdan olingan foydani ishlab chiqarish xarajatlarining bir birligiga to‘g‘ri kelishi va hokazo.
Iqtisodiy tahlilda o‘rtacha miqdorlardan foydalanish Iqtisodiy tahlilda xususiydan umumiyga, tasodifdan qonuniyatga o‘tishda mutlaq, nisbiy ko‘rsatkichlar bilan birgalikda o‘rtacha miqdorlar asosida voqeliklarni o‘rganish ham muhim rol o‘ynaydi, chunki, ushbu usulda bir xil turdagi yalpi ya’ni ko‘p sonli iqtisodiy voqeliklar matematik hisob-kitoblar bilan yagona o‘rtacha miqdorga keltiriladi. Bu jarayonda bir turdagi yalpi voqeliklarni o‘ziga xos xususiyati hamda jihatlariga jiddiy e’tibor qaratiladi, chunki, voqeliklarni har tomondan bir xil bo‘lishi bu borada kelib chiqishi mumkin bo‘lgan tasodifiy holatlarni oldini oladi. Natijada o‘rtacha miqdorlarning aniqligi yanada oshadi. O‘rtacha miqdorlarni keltirib chiqarishda zaruriyat yoki talabga ko‘ra turli xil hisob-kitob shakllari – o‘rtacha arifmetik, o‘rtacha kvadratik, o‘rtacha xronologik, o‘rtacha geometrik va shu kabilardan foydalaniladi. Bir turdagi ko‘p sonli voqealarni o‘rtacha miqdori va ularni o‘zgarishini bilish o‘rganilayotgan iqtisodiy jarayonlar rivojlanishining umumiy yo‘nalishi hamda qonuniyligini aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
ITda o‘rtacha miqdordan foydalanishda ommaviy ma’lumotlarga asoslangan holda hodisalarning umumlashma tavsifini berishini hisobga olish lozim. Ularning kuchi ham, nuqsoni ham shunda. Ko‘pincha yomon bo‘lmagan umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichlar ichida yomon ishlovchi brigada, sex va boshqa xo‘jalik bo‘linmalari natijalari yashirin bo‘ladi. O‘rtacha olingan ma’lumotlarda korxonaning alohida segmentlari yutuqlari ham ko‘rinmaydi. Shuning uchun tahlilda ularni o‘rtacha guruh, ayrim hollarda esa individual ko‘rsatkichlar bilan to‘ldirib, o‘rtacha miqdor mazmunini yoritish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |