3. Auditdan o‘tkazilmagan hisobotlar. Moliyaviy koeffitsiyentlarning hisob-kitobi va ularning tahlili quyidagilarni o‘z ichiga qamrab oladi:
- tekshirilgan moliyaviy hisobot asosida hisoblangan moliyaviy koeffitsiyentlar tahlili;
- o‘tkazilgan tahlil natijalaridan kelib chiqib, xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy holati to‘g‘risida ma’lumot.
Hisob-kitob va tahlil uchun moliyaviy koeffitsiyentlarni tanlab olish auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotida ahamiyatli buzib ko‘rsatishlar mavjud bo‘lsa va ularning xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan bartaraf etilmasligi, moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan hollarda auditorlik tashkiloti salbiy fikr bildirilgan auditorlik xulosasini tuzadi.
Shuningdek, quyidagi holatlarda ham salbiy fikr bildiriladi:
- xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan amalga oshirilgan moliya-xo‘jalik operatsiyalari moliyaviy hisobotda haqqoniy aks ettirilgan, lekin ular qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaganda;
- xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbariyati aniqlangan buzib ko‘rsatishlarni bartaraf etish maqsadida moliyaviy hisobotga tuzatishlar kiritishga rozi bo‘lmaganda.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt auditorlik tekshiruvi davomida moliyaviy hisobotda aniqlangan buzib ko‘rsatishlarni bartaraf etsa salbiy fikr bildirilmaydi.
Auditorlik xulosasi yozma ko‘rinishda tayyorlanishi kerak. Auditorlik xulosasiga unga nisbatan fikr bildirilgan, buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan sanasi ko‘rsatilgan va imzolangan moliyaviy hisobotning nusxasi ilova qilinadi.
Auditorlik xulosasini olish barcha uchun majburiy hisoblanmaydi.
Moliyaviy hisobotlarni tuzishda tashqi buxgalterlarga yoki autsorsing xizmatlari bo‘yicha maxsus firmalarga murojaat qiluvchi ko‘pgina korxonalarni auditdan o‘tkazish ma’lum bir xarajatlar qilinishi talab qilganligi sababli doimo ham auditorlar xizmatidan foydalanavermaydilar. Bunday holatlarda analitiklar oldida qator vazifalar yuklanadi:
- moliyaviy hisobotlarni tuzuvchilar qanchalik tajribali va uddaburonligini;
- tuzilgan moliyaviy hisobotlar qanchalik ishonchli, to‘liqligiga;
- barcha majburiyatlar hisobga olinganmi yoki yo‘qmi;
- agar moliyaviy hisobotlarni yetuk mutaxassislar tomonidan tuzilganligi qayd etilgan holda, ularning mustaqilligi qay darajada ta’minlanganligiga;
- moliyaviy hisobotlarni tuzuvchilar korxonaning shaxsiy tarkibida doimiy turishiga;
- moliyaviy hisobot tuzuvchilarni aktivlar qiymatini aniqlashda va majburiyatlarni hisobga olishda obyektiv yondashganlik darajasiga;
- korxona rahbarining moliyaviy hisobotlarni tuzishga ta’sir darajasiga baho berish talab etiladi.
Auditorlik xulosalari talab etilmaydigan axborot manbaalariga soliq hisobotlari, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armalari, sug‘urta badallari bo‘yicha hisobotlar va boshqa axborot manbalari kiradi.