1. Tahlil fanining “Audit” fani bilan bog‘liqligi Audit – mustaqil ekspertlar, auditorlar tomonidan korxona moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni anglatadi. Bunda nafaqat tekshirish balki korxonaning iqtisodiy, moliyaviy faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha ham tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Audit – ishonchlilik bo‘yicha mustaqil tekshiruv hisoblanadi.
Audit – auditorlarning yoki auditorlik firmalarining buxgalteriya hisobi yoki moliyaviy hisobotlarni, buxgalteriya hujjatlari, soliqlar va boshqa majburiyatlarni auditorlik tekshiruvini amalga oshirishdan iborat tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi.
Audit – bu korxonaning moliyaviy hisobotlarini ekspertizadan o‘tkazish, buxgalteriya hisobini yuritish tartibini, xo‘jalik va moliyaviy operatsiyalarni qonunchilik normalariga muvofiqligini, hisobotlarning to‘liqligi va to‘g‘riligini tekshirishga qaratilgan mustaqil faoliyat turidir.
Audit – bu firma va kompaniyalar uchun ishlamaydigan, mustaqil sertifikatlangan auditorlar tomonidan amalga oshiriladigan tashqi moliyaviy nazoratdir. Audit – bu sud-buxgalteriya ekspertizasini amalga oshiruvchi keng faoliyat turidir. Audit – bu bevosita va bilvosita manfaatdor bo‘lgan tomonlarning nomidan ish ko‘ruvchi mustaqil ekspertlar faoliyatidir.
Tahlilda audit va auditorlik faoliyati nafaqat axborotlar ishonchligi, to‘liqligi, haqqoniyligini ta’minlab beruvchi sifatida balki korxona boshqaruvi va biznes samaradorligini ta’minlashda, zaruriy axborotlar ta’minotchisi sifatida ham qatnashadi. Shu bilan birga auditorlik faoliyatida eng maqbul yechimga tahliliy amallardan uddaburonlik bilan foydalanish orqaligina ega bo‘linadi.
Auditorlik faoliyati va natijalari bo‘yicha rasmiylashtiriladigan xulosalar tahlilda eng ishonchli manba bo‘lib hisoblanadi.
2. Auditor xulosalarini ko‘rib chiqish.
Auditorlik xulosasi yuridik kuchga ega bo‘lgan muhim hujjatlardan biridir. Xulosa asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bir yillik moliya-xo‘jalik faoliyatiga baho beriladi.
Auditorlik xulosasining quyidagi turlari mavjud: Auditorlik xulosasining ikkita turi mavjud: a) ijobiy auditorlik xulosasi; b) salbiy auditorlik xulosasi. Ijobiy auditorlik xulosasida buxgalterlik balansi va moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarining ishonchliligi auditor tomonidan tasdiqlanadi. Qoidaga ko‘ra ijobiy auditorlik xulosasi auditorlik tashkiloti xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisoboti uning moliyaviy holati va sodir etilgan moliya-xo‘jalik muomalalarining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiqligini ishonarli aks ettiradi‚ degan fikrga kelingan vaqtda tuzilishi lozim. Salbiy auditorlik xulosasi moliyaviy hisobot korxonaning moliyaviy ahvoli to‘g‘risida ishonarli ma’lumot bermagan va buxgalterlik hisoboti hamda uning moliya-xo‘jalik faoliyati hisobi amaldagi me’yoriy qonunchilik talablariga mos kelmagan holda yuritilgan vaqtda tuziladi. Bunday xato-kamchiliklar o‘z vaqtida tuzatilmasa moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarni chalg‘itishi mumkin.
Tahlilning ishonchli axborot manbalariga egaligini zaruriy kafolati bu birinchi navbatda moliyaviy hisobotlarni auditorlik nazoratidan o‘tganligi va xulosalanganligiga bog‘liq.
Auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvi natijalariga ko‘ra ho‘jalik yurituvchi subyektda quyidagilarga baho berishi lozim:
- auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq fikr bildirish uchun yetarli va lozim darajadagi dalillar olinganligiga;
- alohida-alohida yoki umumiy birgalikda olinganda tuzatilmagan buzib ko‘rsatishlar auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq muhim hisoblanishiga;
- qabul qilingan hisob siyosatining asoslanganligiga va uning buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligiga;
- moliyaviy hisobotda aks ettirilgan axborotning ishonchli, qiyoslanuvchanli, tushunarli va o‘rinli ekanligiga;
- moliyaviy hisobotning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotni tuzishga doir normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligiga.
Auditorlik xulosasi auditorlik tashkilotining ijobiy yoki modifikatsiyalangan fikri bilan ifodalanishi mumkin.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisoboti barcha muhimlilik munosabatlarida uning moliyaviy ahvolini, moliyaviy natijalarini haqqoniy aks ettirsa va buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq kelgan hollarda ijobiy fikr bildiriladi.
Modifikatsiyalangan fikr quyidagi holatlarda bildiriladi:
- olingan auditorlik dalillari asosida umumiy holda ko‘rilayotgan moliyaviy hisobot muhim buzib ko‘rsatishlarga ega bo‘lsa;
- umumiy holda ko‘rilayotgan moliyaviy hisobot muhim buzib ko‘rsatishlarga ega emasligini aniqlash uchun yetarli darajadagi tegishli auditorlik dalillarini olish imkoniyati bo‘lmasa.
Auditorlik hisobotining tahliliy qismi auditor (auditorlar) tomonidan bajarilgan ishlar va auditorlik dalillarini olishga qaratilgan auditorlik amallari bayonini hamda quyidagilarning tekshirish natijalarini qamrab olishi lozim: qo‘llanilayotgan hisob siyosatini; xo‘jalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimini; buxgalteriya hisobi tizimi va moliyaviy hisobot tuzilishini; moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini; soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash va to‘lashning to‘g‘riligini; aktivlar saqlanishining ta’minlanganligini; moliyaviy koeffitsiyentlarning hisob-kitobi va uning tahlilini o‘z ichiga oladi.