O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA INSTITUTI
2-KURS 420-GURUH KURSANTI MAMIROV JASURBEKNING
«IQTISODIY FANLAR»
KAFEDRASI
«BUXGALTERIYA HISOBI VA AUDIT» FANI
“MOLIYAVIY HISOBOT AUDITINING MAQSADI VA UNING ASOSIY TAMOYILLARI”
MAVZUSIDAN TAYYORLAGAN MUSTAQIL ISHI
1- MAVZU. MOLIYAVIY HISOBOT AUDITINING MAQSADI VA UNING ASOSIY TAMOYILLARI
Moliyaviy hisobot auditi fanining maqsadi, vazifalari va me’yoriy-huquqiy asoslari
«Moliyaviy hisobot auditi» fani hozirgi rivojlangan iqtisodiyotda auditning o‘rni va ahamiyati, iqtisodiy nazorat tizimida auditning roli, moliyaviy hisobotlarni hujjatli va haqiqiy tekshiruvlardan o‘tkazishning xususiyatlari, iqtisodiy ma’lumotlarni umumlashtirib, tahlil qilib, real ma’lumotlarga ega bo‘lish, korxonaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari va moliyaviy hisobotlari bo‘yicha xulosa va takliflar berishda yetarli darajada bilimlarni beradi. Auditorlik faoliyatini rivojlantirish iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida nihoyatda muhim hisoblanadi. Auditorlik tekshiruvida asosiy e’tibor moliyaviy hisobot auditiga qaratilib, bu o‘z navbatida, moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarga ishonchli xulosa berishda o‘z aksini topadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda moliyaviy hisobot auditining qonuniy-me’yoriy asoslari tarkibida auditning xalqaro standartlari muhim o‘rin tutib, u ushbu kasb bilan shug‘ullanishning muayyan me’yorlarini belgilab beradi. Shu boisdan ham respublikamizda auditorlik faoliyatining milliy tizimini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Auditning milliy standartlarini ishlab chiqishda xalqaro audit standartlariga tayanilmoqda. Respublikamizda ishlab chiqilayotgan auditning milliy standartlari, avvalo, O‘zbekistonda shakllangan iqtisodiy madaniyat va xo‘jalik yuritish uslubiga mos kelishi lozim.
“Moliyaviy hisobot auditi” fani talabalariga yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarda auditorlik faoliyati xususida bilimlar berishga xizmat qiladi va mazkur fan magistratura ta’lim bosqichida auditorlik faoliyatiga qo‘yilgan xalqaro talablar xusisida atroflicha bilim berishga xizmat qiladi.
Ushbu fanning maqsadi – auditning xalqaro standartlari asosida moliyaviy hisobot auditi bo‘yicha mustahkam nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda shu sohaga doir yangiliklar bilan yaqindan tanishishdir. «Moliyaviy hisobot auditi» fanini vazifalari buxgalteriya balansi, moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot va moliyaviy hisobotning boshqa shakllarini xalqaro audit standartlari asosida auditorlik tekshiruviga oid nazariy va amaliy masalalarni echish hisoblanadi.
O‘z navbatida, yuqoridagi ta’rifdan kelib chiqqan holda fanning obyektlari deganda fan aynan nima(obyekt)larni o‘rganishini izohlash
talab etiladi. Demak, moliyaviy hisobot auditi fanining obyektlari bo‘lib, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda amalga oshirilgan xo‘jalik muomalalari va moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlari hisoblanadi. Bunday obyektlar qatoriga xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mulk(tovar-moddiy zahiralari, kapital va moliyaviy qo‘yilmalari, asosiy vosita va nomoddiy aktivlari) va mablag‘ (pul mablag‘lari va qimmatli qog‘oz)lari harakati bo‘yicha muomalalar hamda mazkur muomalalarga oid moliyaviy hisobotlardagi ko‘rsatkichlarni misol qilib keltirish mumkin. Mazkur fanning subyektlari deganda esa yuqorida ta’kidlangan fanning obyektlarini o‘rganishda qatnashuvchilar, ya’ni, xo‘jalik yurituvchi subyektlar mulk va mablag‘laridan foydalanuvchilar, ular hisobi va nazoratini amalga oshiruvchilar tushuniladi. Quyidagi 1.1.–jadvalda moliyaviy hisobot auditining vujudga kelish tarixi keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |