9.4. Maqsadli tushumlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi Maqsadli tushum - bu mablag‘larni ularni ajratgan shaxs qanday maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lsa, o‘sha maqsadlarda ishlatish uchun olish. Iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra maqsadli moliyalashtirish - bu tadbirkorlik faoliyatining turli darajalarida pul mablag‘larini nazorat ostida birtarkibiy birlikdan boshqasiga har qanday o‘tkazish; korxonani rivojlantirishni moliyalashtirish (reklama kompaniyalari, kapital qurilish, faoliyatning yangi yo‘nalishini rivojlantirish, boshqa investitsiyalar); maqsadli tadbirlarni o‘tkazish uchun dav-lat organlaridan mablag‘lar olish; notijrat tashkilotlariga hissa tariqasida mablag‘lar olish va boshqalar. Maqsadli moliyalashtirish tushunchasi fuqarolik qonunchiligi tizimida muayyan shartnoma turi yoki muayyan moliyalashtirish manbasi turi bilan bog‘liq emas85.
9.4-rasm. Maqsadli moliyalashtirish mablag‘lari tarkibi Maqsadli tushumlarining holati va harakati, shuningdek a’zolik badallari va maqsadli yo‘nalish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan boshqa qaytarilmaydigan mablag‘larning kelib tushishi va sarflanishi to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
8810 – “Grantlar”;
8820 – “Subsidiyalar”;
8830 – “A’zolik badallari”;
8840 – “Maqsadli foydalanadigan soliq imtiyozlari”
8890 – “Boshqa maqsadli tushumlar”.
Ushbu maqsadli tushumlarni korxonaning xususiy kapitali sifatida aks ettirish shartlari quyidagilar hisoblanadi:
a) mablag‘larning maqsadli yo‘nalish bo‘yicha ishlatilishi;
b) mablag‘larni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning yo‘qligi;
c) belgilangan shartlar bajarilganda qaytarib berilmasligi.
Grant - davlatlar, davlatlar hukumatlari, xalqaro va xorijiy hukumat tashkilotlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan ro‘yxatga kiritilgan xalqaro va xorijiy nohukumattashkilotlari tomonidan bepullik asosida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan mol-mulk, shuningdek, bepullik asosida xorijiy fuqarolar va fuqarosi bo‘lmagan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga beriladigan mol-mulk.
Aktivlarga kiritiladigan subsidiyalar - bu uzoq muddatli aktivlarni muayyan qurilish loyihalari uchun sotib olish yoki qurish maqsadida xo‘jalik subyektlari ajratadigan davlat subsidiyalaridir, ishga tushirish yoki xarid qilish muddatlari, ushbu aktivlarning muayyan joylashishi.
Daromadga kiritiladigan subsidiyalar - bu aktivlarga kiritiladiganlaridan tashqari, davlatning har qanday boshqa subsidiyalari.
Qaytarmaslik asosidagi ssudalar - bu kreditor qaytarishni talab qilmagan holda, muayyan shartlarga rioya qilib beradigan ssudalardir.
A’zolik badallarini odatda notijorat tashkilotlar ishlatadi.Notijorat tashkilotlar tomonidan ustav faoliyatining ta’minoti va uni amalga oshirish uchun olingan, belgilangan maqsadga ko‘ra va (yoki) tekin kelib tushgan mablag‘lar daromad deb qaralmaydi va ularga foyda solig‘i solinmaydi86.
Boshqa maqsadli tushumlar — maqsadli tadbirlarga sarflanadigan mablag‘lar manbai. Maqsadli tushumlar byudjetdan ajratilgan mablag‘lar, ota-onalarning farzandlari maktabgacha yoshdagi bolalar muassasalarida tarbiyalanganligi uchun to‘lovlari va boshqa manbalar hisobiga tashkil bo‘lishi mumkin. Maqsadli tushumlardan mablag‘lari qat’iy belgilangan maqsadlar: bolalar muassasalarini asrash, madaniy muassasalar, bolalar ormgoxlari, kadrlar tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish, qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashish va boshqa tadbirlar uchun foydalanilishi mumkin.
Davlat subsidiyalari sifatida ajratilgan maqsadli moliyalashtirish mablag‘lari quyidagilarga ishlatilishi mumkin:
a) uzoq muddatli aktivlarni (asosiy vositalarni, nomoddiy aktivlarni va h.k.) xarid qilish, qurish yoki boshqacha yo‘l bilan qo‘lga kiritish bilan bog‘liq kapital qo‘yilmalarni moliyalashtirish;
b) tashkilotning muntazam ravishda kompensatsiya qilinishi kerak bo‘lgan joriy xarajatlarini qoplash (moddiy-ishlab chiqarish zaxiralarini sotib olish, xodimlar mehnatiga haqto‘lash va shu turdagi boshqa xarajatlar);
c) tashkilot amalga oshirib bo‘lgan sarf-xarajatlarni kompensatsiya qilish, xususan, uy-joy kommunal xo‘jalikda, agrosanoat majmuasida;
d) tashkilotni kelgusida sarf-xarajatlar qilmaslikka aloqador bo‘lmagan favqulodda yordam ko‘rinishidagi shoshilinch moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
e) davlat subsidiyalarini ajratish bo‘yicha hukumat qarorlarida va hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa maqsadlar.
Davlat subsidiyalarini tan olish tartibi va ularning buxgalteriya hisobi uslubiyati, shuningdek ular bo‘yicha axborotni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasining 10-son buxgalteriya hisobi milliy standarti “Davlat subsidiyalarining hisobi va davlat yordami bo‘yicha ko‘rsatiladigan ma’lumotlar” bilan tartibga solinadi.
Korxona belgilangan talablarga mos ekanligiga va subsidiya olinishiga etarlicha ishonch bo‘lmagunicha davlat yordami tan olinmaydi.
Qaytarmaslik asosida muayyan shartlar bilan berilayotgan davlat ssudasiga xo‘jalik subyekti ana shu shartlarni bajarishiga etarlicha kafolat mavjud bo‘lgan taqdirda davlat subsidiyasi deb qaraladi.
Grant ajratilgan hollarda tegishli grant ajratuvchi tashkilot va fondlar tomonidan korxonaga xabarnoma yuboriladi. Ushbu xabarnomada ko‘rsatilgan summaga korxona quyidagicha provodka beradi:
Debet 4890 “Boshqa debitorlarning qarzlari”
Kredit 8810 “Grantlar”
Chet el valyutalarida olingan grantlar summasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan xo‘jalik muomalalarini sodir bo‘lish kuniga belgilangan kurs bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasiga aylantiriladi.
A’zolik badallari – notijorat tashkilotlar tomonidan ustav faoliyatining ta’minoti va uni amalga oshirish uchun olingan, belgilangan maqsadga ko‘ra va (yoki) tekin kelib tushgan mablag‘lar hisoblanadi.
A’zolik badallari sifatida kelib tushadigan maqsadli moliyalashtirish mablag‘lari qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan ta’sis hujjatlarida (ustavda) ko‘zda tutilgan maqsadlarga ishlatiladi.
8830 - “A’zolik badallari” schyotida ta’sis hujjatlari bilan belgilangan jamiyat a’zolarining a’zolik badallari summasi aks ettiriladi.
A’zolik badallarining tushumi quyidagi provodka bilan rasmiylashtiriladi:
Debet Pul mablag‘larini hisobga oladigan schyotlar
Kredit 8830 “A’zolik badallari”
8840-“Maqsadli foydalanadigan soliq imtiyozlari” schyotida maqsadli vazifalarni bajarish uchun soliq to‘lashdan ozod qilish natijasida bo‘shagan summalar aks ettiriladi. Soliq imtiyozlarining buxgalteriya hisobi “Yuridik shaxslarga soliqlar, bojxona va majburiy to‘lovlarni byudjetga to‘lash bo‘yicha berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalterlik hisobida aks ettirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom87 bilan tartibga solinadi. Qabul qilingan Nizom mulkchilik shaklidan, faoliyat turidan, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalarga tatbiq etiladi.
Maqsadli ishlatish sharti bilan beriladigan imtiyozlar hisobi 8840-“Maqsadli ishlatiladigan soliq imtiyozlari” schyotida, berilgan soliqlar va bojxona imtiyozlarining turlari bo‘yicha yuritiladi. Bunda maqsadli soliq imtiyozlarini batafsil hisobga olish uchun korxonalar ishchi schyotlar rejasining tegishli schyotlar guruhiga qo‘shimcha schyotlar kiritilishi lozim.
Soliqlar va bojxona imtiyozlari ikki turga bo‘linadi:
- korxonalarga bo‘shayotgan mablag‘larni maqsadli foydalanish sharti bilan berilgan imtiyozlar;
- korxona bo‘shayotgan mablag‘larni maqsadli ishlatishning biror-bir shartisiz qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan imtiyozlar.
Imtiyozni qo‘llash tartibi tasdiqlangan mahalliylashtirish Dasturi loyihalari amalga oshirilayotgan korxonalar tomonidan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom88 bilan tartibga solinadi.
Bo‘shaydigan mablag‘larni maqsadli vazifalarni bajarishga yo‘naltirish sharti bilan soliq imtiyozlari berilganida soliqlar umumbelgilangan tartibda qonun hujjatlariga muvofiq hisoblab yoziladi. Biroq ular byudjetga o‘tkazilmaydi, bo‘shagan mablag‘larni esa maqsadli vazifalarni bajarishga (sizning holatda - mehmonxonani rekonstruktsiya qilishga olingan kreditni uzishga) yo‘naltirish kerak.
Bo‘shaydigan mablag‘larni maqsadli vazifalarni bajarishga yo‘naltirish sharti bilan soliq imtiyozlarining buxgalteriya hisobi 8840-“Maqsadli foydalaniladigan soliq imtiyozlari” hisobvarag‘ida berilgan imtiyozlarning turlari bo‘yicha yuritiladi.
Soliq imtiyozlari hisoblab yozilayotganda batafsil hisobga olish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisobvaraqlarining ish rejasida soliqning har bir turiga (va unga doir bo‘nak to‘lovlari)ga alohida hisobvaraqlar ochiladi.