Moliyaning mohiyati va zarurligi
Moliya va moliyaviy munosabatlarning vujudga kelish tarixi insoniyat tarixining tarkibiy qismi bo‘lib, ming-yillar avval paydo bo‘lgan. Qadimgi Bobil davlatida amal qilgan Xamurabi qonunlari yoki Qadimgi Hindistonning Manu qonunlarimi, Xitoy, Yunoniston yoki Turon, Rim imperiyasi qonunlarimi, baribir ularning barchasida soliqlar to‘plash, davlat xazinasi hisob-kitobi kabi masalalar o‘z aksini topgan. Ularda jamiyat hayotida mustahkam o‘rin tutgan pul hisob-kitobi bilan bog‘liq moliyaviy munosabatlarga katta ahamiyat berilgan. Chunki moliya sohasida, soliq-boj sohasida to‘g‘ri siyosat yuritilishi jamiyat taraqqiyotining muhim sharti bo‘lgan.
Sohibqiron Amir Temur o‘z Tuzuklarida: «Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi» deya soliqlarning, moliyaning davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab o‘tgan.
“Moliya” iborasi XIII - XV asrlarda Italiyaning savdo shaharlarida paydo bo‘lib, avvaliga har qanday pul to‘lovini bildirgan. Keyinchalik bu ibora qandaydir jarayonni, subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarni, aniqrog‘i, pul munosabatlarini bildirgan va xalqaro ko‘lamga yoyilgan, lekin uni ishlatish sohasi umumdavlat pul fondlariga pul to‘lovlari bilangina chegaralangan.
XVII-XVIII asrlarda Yevropada sanoatning rivojlanishi, fan-texnika sohasidagi inqiloblar, buyuk jug‘rofiy kashfiyotlar, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi turli aloqalarning kengayishi o‘rta asrlardagi yirik yer egalari, qirollar, sultonlar va ularga qaram bo‘lgan dehqonlar o‘rniga jamiyat sahnasiga savdogarlar, fabrikantlar, bankirlarning kelishiga, davlat hayotida hisob-kitob va moliyaviy ishlar ahamiyatining keskin oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Iqtisodiy va moliyaviy munosabatlarning avj olishi kapitalistik davlatlarga moliyaviy munosabatlardan siyosiy maqsadlarda foydalanish, soliq, boj, kredit kabi vositalar yordamida ichki va tashqi siyosatda muayyan muvaffaqiyatlarga erishish imkonini yaratdi. XVII-XVIII asrlarda taraqqiy etgan davlatlarda jamiyatni boshqarish sohasidagi qudratli ma’muriy-buyruqbozlik tizimlarining vujudga kelishida (Shvetsiya, Avstriya, Prussiya, Rossiya kabi) katta o‘rin tutdi. Bunday ma’muriy-boshqaruv tizimining vujudga kelishi ulkan amaldorlar guruhi va yirik qurolli kuchlarni saqlab turish zaruratini vujudga keltirdi, bu esa oqibatda davlat xarajatlarini keskin oshirib yubordi. Bunday sharoitda davlat moliyaviy tizimlarini vujudga keltirish, ularning bir maromda ishlashini ta’minlovchi qoidalarni yaratish, jamiyat moliyaviy faoliyati tamoyillarini ishlab chiqish dolzarb muammolardan bo‘lib qoldi. Shu davrga kelib samarali moliya va soliq siyosati yuritish har bir davlat uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki Rim imperatori Tiberiy ta’biri bilan aytganda: «Soliq to‘lovchilar - junini oldirishni istovchi, lekin terilarini shilib olinishiga qarshi bo‘lgan qo‘ylar singari bo‘lib, me’yordan oshish har qanday davlatni taraqqiyotga emas, balki tanazzulga olib kelishi mumkin». Shunday sharoitlar tufayli moliya va moliyaviy munosabatlarga oid ko‘plab ilmiy va adabiy asarlar yuzaga keldi. Mashhur shotland iqtisodchisi Adam Smit «Xalqlar boyligining tabiati va sabablari haqida tadqiqot» asarida moliyaning davlat va jamiyat hayotidagi yuksak ahamiyatini ko‘rsatib berdi.
Fan-texnika ulkan yutuqlarga erishgan, ishlab chiqarish yuksak rivojlangan, jamiyatni idora qilishda davlat muhim o‘rin tutgan bizning davrimizga kelib moliya va moliyaviy munosabatlar tarixiy taraqqiyotning eng muhim omillaridan biriga aylandi. Davlat moliyaviy mexanizmlar yordamida ishlab chiqarishni, iqtisodiy hayotni, fan-texnika taraqqiyotini, madaniyatni, ijtimoiy ehtiyojni qondirish masalalarini, davlat va jamiyat xavfsizligini ta’minlash sohalarini samarali tartibga solmoqda. Har qanday davlatda moliya va moliyaviy salohiyat norasmiy hokimiyat bo‘lib, uning yordamida muayyan ichki va tashqi siyosat amalga oshirilishi mumkin.
Moliya va moliyaviy tizimlar har qanday davlatga mablag‘larni soliqlar, boj va boshqa yig‘imlar tarzida fuqarolardan yig‘ib olish, bir joyga to‘plash hamda ulardan ko‘zlangan maqsadga muvofiq foydalanish imkonini beradi. Shu yo‘l bilan davlat apparatining bir maromda ishlashi, mamlakatning samarali mudofaa qudrati, insonparvarlik sohalarining rivoji, jamiyatning kam ta’minlangan va yordamga muhtoj bo‘lgan tabaqalarining ijtimoiy jihatdan himoyalanishi ta’minlanadi, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini tezroq rivojlantirish choralari ko‘riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |