4.Hosila va maqsadli qimmatli qog‘ozlarni baholash 4.1. Hosila va maqsadli qimmatli qog‘ozlarni baholash asoslari Hosila va maqsadli qimmatli qog‘ozlarni baholash ularning o‘ziga xosliklari va xususiyatlarini hisobga olishga asoslangan. Hosila qimmatli qog‘ozlar – bu ularning egasiga aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa fond qimmatliklari (opsionlar, fyucherslar va b.) ni xarid qilish yoki sotish huquqini beruvchi ixtiyoriy qimmatli qog‘ozlardir. Hosila qimmatli qog‘ozlar (hosila moliyaviy instrumentlar yoki muddatli shartnomalar) – qimmatli qog‘ozlarning ancha o‘ziga xos turidir. Ular fond bozori rivojlanishi, kelishilgan muddatda savdo bitimlarini rasmiylashtirish uchun qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni kengaytirish va takomillashtirish natijasida vujudga kelgan. Hosila moliyaviy instrumentlar uchun bazaviy aktiv tushunchasi – narxining kelgusi o‘zgarishiga muddatli shartnoma tuzilayotgan aktiv dolzarb hisoblanadi. Bazaviy aktiv sifatida aksiyalar, indekslar, turli moddiy va nomoddiy aktivlar, muayyan mulkiy huquqlar namoyon bo‘lishi mumkin. Maqsadli qimmatli qog‘ozlar — bu muayyan maqsadda (garov, tovarning ombordaligini tasdiqlovchi guvohnoma, tashish uchun yuklarni qabul qilib olinganligi bo‘yicha dalolatnoma va boshqalar) chiqariladigan qimmatli qog‘ozlardir. Maqsadli qimmatli qog‘ozlar orasida garovga oid, konosamentlar, varrantlar yoki tovar omborxonasi guvohnomasi, vaucherlar kabi turlari farqlanadi. Hosila va maqsadli qimmatli qog‘ozlarni baholash quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi: – baholash maqsadi, qiymat turi, uslubiy yondashuv va baholash usullarini aniqlash; – fond bozori tendentsiyalarining qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati darajasiga ta’sirini, bazaviy aktiv qiymati o‘zgarishini, shuningdek, muqobil moliyaviy instrumentlar narxi dinamikasini baholash; – emitentning fond bozoridagi holatini va fond operatsiyalari natijalarini aniqlash; – qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymatini hisoblash,
Maqsadli qimmatli qog‘ozlarni baholash
Xaridorga etkazib berish uchun tovarni tashuvchiga berilganligini tasdiqlovchi konosamentning (tovar taqsimlovchi transport qimmatli qog‘ozlari) bozor qiymati yuk turi, tashish masofasi va shartlariga bog‘liq bo‘ladi. Konosament – dengiz yuki tashuvchisi yoki uning vakolatli vakili tomonidan beriladigan qimmatli qog‘ozlardir (yuk egasi yoki uning vakiliga). Bu dengiz tovar taqsimot hujjati quyidagilarni tasdiqlaydi:
a) tashish shartnomasi tuzilganligi dalili;
b) yukni jo‘natish uchun qabul qilinganligi dalili;
v) tasarruf etish huquqi va konosament egasining yukka egalik huquqini;
g) konosamentga egalik va tasarruf egalik huquqini.
Konosament – dengiz tashuvchisining yuk tashish shartnomasida tasdiqlangan shartlar asosida yukni etkazib berish bo‘yicha muqarrar majburiyatidir. Tashilayotgan yuk haqida ma’lumotlar mavjud emasligi konosamentni qimmatli qog‘oz maqomidan mahrum etadi. Konosament ko‘rsatuvchiga, order yoki nomlanishli kabi turlarda bo‘lishi mumkin. O‘tkazish (tsessiya) huquqiga ega tovar taqsimot qimmatli qog‘ozlari sanaladigan ombor guvohnomalarining bozor qiymati tovar va undan foydalanish maqsadlariga bog‘liq bo‘ladi. Ular tovar omborida saqlash uchun joylashtirilgan aniq mahsulot (tovar) ga beriladi. Mazkur qimmatli qog‘ozlardan foydalanish maqsadlariga qarzlarni garov ta’minoti, kreditorlik qarzi restrukturizatsiyasi, qarzlar bo‘yicha hisoblashishlar, o‘zaro hisob-kitoblar, tovar operatsiyalari taalluqli sanaladi. Oddiy va ikkilangan ombor guvohnomalari bir vaqtning o‘zida ombor hujjatlarining turlari va qimmatli qog‘ozlar hisoblanadi. Ikkilangan ombor guvohnomalari oddiysiga nisbatan yuqoriroq bozor qiymatiga ega bo‘ladi. Ikkilangan ombor guvohnomasi ikki qismdan tarkib topadi – varrant (garov qismi), uni garovga berish va o‘tkazish mumkin, ikkinchisi esa tovar taqsimot qismi. Guvohnomaning ombor qismi mustaqil muomala qilishi mumkin bo‘lgan order hisoblanadi. Varrant garov predmetini tasarruf etish huquqini beradi. Agar tovarning garov qiymati kredit summasidan oshsa, u holda uning ombor qismini tovar qiymati va kredit miqdori o‘rtasidagi farqqa teng narxda sotib yuborish mumkin. Kreditni qaytarish muddati kelguniga qadar kredit shartnomasi bo‘yicha talab huquqida yon bosish bilan varrantlar bo‘yicha ham yon bosish mumkin. Varrantni ajratish asosida qimmatli qog‘ozlarning oldisotdi bitimi emas, balki garov munosabati yotadi. Mustaqil qimmatli qog‘oz sifatida varrant ikkilangan guvohnoma bilan aloqasiz sotilishi mumkin emas. Korxonalarning qarzdorligini restrukturizatsiya qilishda tomonlar kelishuviga ko‘ra bajarilmagan pul majburiyatlari tovar garovi bilan ta’minlanadi, bu kreditorga ikkilangan ombor guvohnomasidan ajratilgan varrant (garov guvohnomasi) berish bilan birga qayd qilinadi. Qarzdorning tasarrufida qolgan ombor qismi qarzdorlikning rekonstruksiyalangan qiymatining guvohnoma bilan tasdiqlangan tovar narxi o‘rtasidagi farqqa teng qoldiq qiymat bo‘yicha ixtiyoriga o‘tkazilishi mumkin. Ombor qismi o‘z qiymatini yo‘qotmasligini ta’minlash maqsadida saqlash uchun joylashtirilgan tovar bahosi tovar garovi bilan ta’minlangan majburiyatlar (qarzdorlik) summasidan yuqori bo‘lishi zarur. Masalan, Rossiya davlat ombori ikkilangan ombor guvohnomasi berish bilan omborda saqlashni tashkil qilib, bu guvohnomalarning bozor qiymati saqlash qiymati va saqlanayotgan qimmatliklarning narx darajasi bilan bevosita bog‘liq. Garov kabi maqsadli qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymatini aniqlash alohida o‘ziga xoslikka ega. Garov qimmatli qog‘ozlari – bu pul majburiyatlari bajarilgandan so‘ng ipoteka bilan ta’minlangan mulkni olish huquqini, ipoteka haqida shartnomada ko‘rsatilgan mulk garovi huquqini tasdiqlovchi qimmatli qog‘ozlardir. Vaucherlar xususiylashtirish jarayonida foydalaniladigan o‘ziga xos qimmatli qog‘oz sanaladi. Ularning bozor qiymati mulk munosabatlari o‘zgarishlaridagi aniq shartsharoitlarga bog‘liq bo‘ladi.