4. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish.
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish mulkdorlar sinfini shakllantirish hamda bozor iqtisodiyotiga asoslangan fuqarolik jamiyatini qurishning asosiy yo`llaridan biri hisoblanadi. Har qanday yuksak taraqqiy etgan jamiyat o`z tadbirkorini himoya qiladi va qonuniy raqobatni ta`minlaydi. Tadbirkorlikning muhim ahamiyati uning mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarda tutgan o`rni bilan belgilanadi. Davlat va tadbirkorlik maqsadlarining uyg`unligi (umumiyligi) quyidagi yo`nalishlarning birligida namoyon bo`ladi: 1. Davlat uchun vazifalarni muvafaqqiyatli amalga oshirish, tadbirkorlik uchun esa daromad (foyda) olish imkoniyatini yaratuvchi jamiyatdagi siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta`minlash; 2. Aholining tovar (xizmat)ga bo`lgan ehtiyojini imkon qadar to`laroq qondirish. Bunda tadbirkor o`z tovarlarini sotish (realizatsiya qilish) orqali daromad (foyda) olsa, davlat ishlab-chiqarishini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy qilish, soliq undirish orqali milliy iqtisodiyotni taraqqiyotiga erishadi; 3. Raqobatbardosh tovar (xizmat)larni ko`paytirish, ularni eksport qilish, jahon bozoridan munosib joy olish. Bunda tadbirkor yangi sotuv bozorlaridan joy olsa, davlatning xalqaro maydonda nufuzi oshadi.
Demak, davlat va tadbirkorlik bir-biriga muhtoj va bir-birini qo`llab- quvvatlashi bozori iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishning muhim omilidir. AQSH tajribasi shuni ko`rsatadiki, tadbirkorlikni rivojlantirishni mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining umumiy yo`nalishlaridan ajratib bo`lmaydi. Shuning uchun tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga doir asosiy yo`nalishlardan kelib chiqqan holda, iqtisodiy rivojlanish dasturlari doirasida o`z faoliyatlarini belgilashlari hamda yuritishlari maqsadga muvofiq bo`ladi. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash, avvalambor, uning mustahkam va jamiyat bilan chamcharchas bog`lab turuvchi huquqiy tizimini yaratishdan iborat. Bunda huquqiy tizimning, qonunlarning respublikamiz iqtisodiyotining bozor sharoitiga mos keladigan va siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy-ahloqiy talablariga javob beradigan huquqiy asosining shakllanishini ta`minlash muhim ahamiyatga ega. Davlat iste`molchilarining huquqi ustunligini inobatga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligini kafolatlaydi. Barcha xo`jalik yurituvchi subyektlar uchun tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish huquqini beradi. Aytish lozimki, xo`jalik yurituvchi subyekt sifatida tadbirkorlarning huquqiy maqomini belgilashda va ular o`rtasidagi mulkiy munosabatlarni tartibga solishda O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi alohida o`rin tutadi. Tadbirkorlikning huquqiy tizimini mukammallashtirish maqsadida 2000 yil 25 mayda O`zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida»gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonun xo`jalik yurituvchi subyektlarning huquqiy maqomini mustahkamlashga xizmat qildi, unda davlatning tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilgan xohish-irodasi yana bir karra o`zining amaliy ifodasini topdi. Qonunda umumiy qoidalar, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish asoslari belgilangan bo`lib, tadbirkorlarning qator huquqlari har tomonlama kafolatlandi. Tadbirkorlik faoliyati, tadbirkorlik subyektlarining o`z mahsuloti (ish xizmati) va daromadlarini tasarruf qilish, tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy faoliyat, ularning mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlari, xom ashyo, tovarlar va xizmatlar bozorlariga erkin kirish, kredit resurslaridan erkin foydalanish, axborot olish, tadbirkorlik faoliyatiga aralashmaslik, ular erkinliklarining kafolatlari shular jumlasidandir. Ko`rinib turibdiki, yuqorida qayd etilgan Qonunlarda tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash elementlari bir butunlikda yaqqol aks ettirilgan bo`lib, ularning mazmuni quyidagicha: a) davlat tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari va huquqlarining amalga oshishini kafolatlaydi;
b) tadbirkor xo`jalik faoliyatini amalga oshirishda qonunga zid bo`lmagan barcha turdagi xatti-harakatlarni qilishga haqli; v) tadbirkorning xo`jalik va boshqa faoliyatiga davlat, jamoat yoki boshqa organlarning noqonuniy aralashuviga yo`l qo`yilmaydi; g) davlat vakolatli organlari va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlar va ular faoliyatiga aloqador masalalar yuzasidan faqat qonun asosidagina qaror qabul qilishlari lozim va o`z xatti-harakatlari uchun qonun oldida javobgardirlar. Muhimi, davlat organlari va mansabdor shaxslar tadbirkorlarga qonunda belgilangan vakolatlari doirasidagina ko`rsatma (farmoyish) berishlari mumkin. Agarda davlat yoki boshqa vakolatli organ tomonidan qonunchilik talablariga zid bo`lgan akt qabul qilinsa, tadbirkor bunday aktni haqiqiy emas deb topish haqida sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega; d) davlat tadbirkorlarni mulk shakllaridan qat`i-nazar xo`jalik yuritishning bir hil huquqiy va iqtisodiy shart-sharoitlari bilan ta`minlaydi; ye) davlat bozorni rivojlantirishga imkon yaratadi, yakkahokimlikka qarshi kurashadi, iste`molchilarni ijtimoiy himoya qiladi; j) davlat yangi texnologiya joriy etish, tovar, (ish, xizmat) sifatini yaxshilash va miqdorini ko`paytirish orqali ishlab-chiqarishni rivojlantirgan tadbirkorlarga imtiyozli sharoitlar yaratadi; z) davlat va boshqaruv organlari tadbirkor bilan uzaro munosabatlarini bilvosita iqtisodiy vositalar va uslublar asosida shakllantiradi. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan va amalda bo`lgan qonun hujjatlari normalarini tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarning vujudga kelish doirasi hamda tartibga solish yo`nalishiga ko`ra, shartli ravishda to`rt guruhga ajratish mumkin: - tadbirkorlik faoliyati subyektlarning ichki munosabatlarini belgilovchi normalar; - tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat va boshqaruv organlari bilan munosabatlarini tartibga soluvchi normalar; - tadbirkorlik faoliyati subyektlarining boshqa tashkilotlar, xususan bank, sug`urta tashkilotlari, jamg`armalar bilan munosabatlarini tartibga soluvchi normalar; - tadbirkorlik faoliyati subyektlarining o`zaro munosabatlarini belgilovchi normalar.
Qonunda tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash nazarda tutilgan bo`lib, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari belgilangan vakolatlari doirasida qator ishlarni amalga oshirishlari mumkin. Masalan, davlat tadbirkorlik faoliyati subyektlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining rivojlantirilishini ta`minlaydi (Qonunning 47-moddasi). Bundan tashqari, Qonunda tadbirkorlikni rivojlantirishni davlat tomonidan rag`batlantirish yo`llari, xususan, investitsiyalarni, zamonaviy texnologiya va uskunalarni jalb etish uchun sharoitlar yaratish, soliqlar, yig`imlar va tariflar bo`yicha imtiyozlar belgilash va boshqalar nazarda tutilgan. Ayniqsa, kichik va xususiy tadbirkorlikning qonuniy asosini mustahkamlash va uni qo`llab- quvvatlashga alohida e`tibor qaratilgan. Masalan, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga energiya ta`minoti manbai iste`molidagi imtiyozlar, asosiy fondlarning tezlashtirilgan amortizatsiyasi bo`yicha imtiyozlar berish ko`zda tutilgan. Bu sohadagi ishlarni amalga oshirishda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 26 iyuldagi Farmoniga ko`ra tashkil qilingan xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo`llab-quvvatlash Fondi (Biznes-Fond) yetakchi ahamiyat kasb etadi. Ushbu jamg`arma tadbirkorlikni har taraflama rivojlantirish, ilg`or ish uslublarini keng joriy qilishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ydi. Respublikamizdagi eng yaxshi uch tadbirkorga har yili «O`zbekiston tadbirkori» degan unvon berilishi belgilandi. Kichik va xususiy tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash fondlari: - kreditlar berish asosida tadbirkorlarni moliyaviy ta`minlash; - ustav sarmoyasida ishtirok etish; - maslahat va axborot xizmatlari ko`rsatish shaklida texnik jihatdan ko`maklashish; - infratuzilmani rivojlantirishga ko`maklashish; - kreditorlar uchun kafolatlar va kafilliklar berish yo`li hamda qo`llab-quvvatlashning boshqa shakllari bilan kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini rag`batlantirish maqsadida tashkil qilinadi. Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tadbirkorlikni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashni hamda kreditorlarga qarz evaziga kafolatlar berilishini ko`zda tutuvchi dasturlarni ro`yobga chiqarish uchun qulay shart- sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida «Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni
sug`urta yo`li bilan himoya qiluvchi agentlikni tashkil etish to`g`risida»gi Farmon e`lon qilindi. Mazkur Farmonga muvofiq «Madad» sug`urta agentligi tashkil qilinib, uning asosiy yo`nalishlari etib, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni imtiyozli shartlar asosida sug`urta qilish, kreditorlar qoplanmaganligi uchun qarzlarning mas`uliyatini sug`urtalash, xorijiy sarmoyalarning sug`urta yo`li bilan himoya qilinishini ta`minlash belgilab berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |