MODERNIZM HAQIDA TUSHUNCHALAR
Modernizm (italyancha modernismo - «zamonaviy oqim»; lotinchadan kelib chiqqan modernus — «zamonaviy, yangi») XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asrning 50—60-yillarida Yevropa, AQSH adabiyoti va sanʼatida rivoj topgan oqim va yoʻnalishlarning umumiy nomi. Dastlab, Fransiyada tashkil topgan simvolizm, akmeizm, impressionizm (masalan, 1863 - yilda Parijda ochilgan "Xoʻrlanganlar saloni") vakillari, musiqada K.Debyussi, M.Ravel kabi kompozitorlar ijodiga nisbatan qoʻllangan. Modernizm dekadentlik termini bilan ham yuritilgan. Badiiy ijodning mumtoz anʼanalaridan voz kechish, ijodkor oʻz shaxsiy kechinma, taassurot va tasavvurlarini ustun qoʻyishi, badiiy shakllarni yangilash jarayoniga alohida ahamiyat berish ular ijodiga xos boʻlgan xususiyatlardir. Modernizm vakillari realizmga qarshi kurashdi, klassitsizm (akademizm)ga xos boʻlgan ijodiy tamoyillarni inkor etishga intildi. Modernizm nafaqat mazkur davr sanʼati, balki ilm (Z. Freydning psixoanaliz nazariyasi, F. De Sossyurning struktural lingvistikasi, A.Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, N. Vinerning kibernetikasi) va falsafa (F. Nitsshe, A. Bergson, M. Xaydegger va boshqalarning gʻoyalari) bilan ham bogʻliq boʻlgan.
XX asrning boshida rivoj topgan avangardizm yoʻnalishlarida XIX asr modernizm prinsiplari oʻz rivojini topdi. Modernizmning yangi bosqich xususiyatlari tasviriy sanʼatda anʼanaviy tasvirlash usullaridan butunlay voz kechish, real obrazlar shaklini oʻzgartirish yoki umuman yoʻqotish (kubizm, ekspressionizm, syurrealizm, dadaizm) kabi koʻrinishlarda namoyon boʻlgan. Musiqada modernizm kuy va lab tamoyillarini inkor etish (dodekafoniya, aleatorika, sonoristika), adabiyotda — bayonning mantiqsizligiga asoslanish (dadaizm, ong oqimi, futurizm) yetakchi omilga aylangan. Modernizmning eng yirik nazariyotchisi Ortega-i-Gas-set sanʼatning xalqchilligiga qarshi chiqdi: "Modernistik sanʼat... xalqqa begonadir, buning ustiga u xalqqa... zid ekan. Haqiqiy sanʼat sanʼatkorlar uchun, omma uchun emas...". Bu ijodiy qarashlar XX asrning 2 - yarmida tashkil topgan abstrakt sanʼat, minimalizm, absurd drama kabi postmodernizm yoʻnalishlarida ham oʻz aksini topdi. 1960—70 - yillar sanʼatida paydo boʻlgan modernizmning asosiy tamoyillariga qarshi boʻlgan pop-art, kinetik sanʼat, giperrealizm kabi yoʻnalishlarni baʼzi tadqiqotchilar modernizm tizimi nuqtai nazaridan baholashgan.
Modernizm Oʻzbekistonga 20-asr boshlaridayoq kirib kelgan (A. Nyurenberg, V. Ufimsev, A. Volkov, A. Nikolayev, Oʻ. Tansiqboyev va boshqalar). 1970-yillar oxiridan modernizmning koʻrinishlari ayrim oʻzbekistonlik rassomlar ijodida koʻzga tashlanadi (masalan, abstrakt sanʼat — V. Oxunov, N. Shin; giperrealizm — A. Ikromjonov, S. Raxmetov kabi). Oʻzbek adabiyotshunoslari esa modernizmga xos ayrim unsurlar 1920—30 yillar adabiyotida koʻzga tashlanganini, bu jarayon 1990-yillarda nisbatan kuchayganini taʼkidlaydilar; 2) salbiy maʼnoda — ijodda modaning ustunligi, yaʼni ijodiy uslublar mohiyati, badiiy asarlar mazmunining tez-tez oʻzgarib turuvchi badiiy ehtiyoj va didlarga boʻysunishi. Shu maʼnoda (modaga boʻysunadigan) modernizm haqiqiy novatorlik, yangilanish jarayoniga qarama-qarshidir
Soʻnggi yillar oʻzbek adabiy tanqidchiligida modernizm va modern adabiyoti haqida koʻp yozishayapti, bahs-munozaralar bildirilmoqda. Aslida, oʻtgan asr Gʻarbiy Yevropa va Amerika adabiyoti va sanʼatida yetakchi oqim sanalgan modernizm tanqidiy realizm, xususan sotsialistik realizm aqidalariga qarama-qarshi pozitsiyada turgan adabiy oqim boʻlib, asrning oltmishinchi yillarida oʻz umrini yashab boʻldi va oʻrnini postmodernizm deb ataluvchi yangi oqimga boʻshatib berdi. XX asrning oxiriga kelib postmodernizm ham inqirozga yuz tutdi. Endilikda jahon adabiyotidagi avangard doiralar yana yangicha uslublarni kashf etishga urinmoqdalar.
Modernizm XX asr gʻarb adabiyoti va sanʼatining umumiy tavsifi tarzida bir necha oʻlchovlarda mavjud boʻlib, bizningcha ularni quyidagi mazmunda xulosalash mumkin.
Birinchidan, modernizm – bu zamonlar oraligʻidagi tafovutni, “eskilik” va “yangilik” oʻrtasidagi ixtiloflarni oʻz gʻoyaviy qarashlari bosh mezoni qilib olgan yuz yillikning maʼnaviy qiyofasidir. Uning ortida F. Nitsshening “xudolar oʻlimi” falsafasi, Yevropa xaritasini qayta tuzgan siyosiy inqiloblar va ilmiy kashfiyotlar, totalitar tuzumga asoslangan diktaturalar, xunrezlik urushlari, informatsion portlashlar, sivilizatsiyaning koinotga chiqishi kabi global oʻzgarishlar yotibdi. Yanada aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, uning ortida “markazsiz dunyo” (U. B. Yeyts)-ning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan obʼyektiv borliq qonuniyatlarining insoniyat tarixida chuqur ildiz otolmaganligi, mustahkam oʻrnashib ololmagani, epis-temologik dudmolligi hamda muayyan shaklga keltirilgan utopik (ilmga asoslanmagan, amalga oshmaydigan, xomxayol) orzu-umidlar bilan shaklsiz, noaniq antiutopik voqelik oʻrtasidagi hal qilib boʻlmaydigan ziddiyatlarning mavjud ekanligida edi.
Dastavval bashariyatni ocharchilik va qashshoqlikni yengishga daʼvat qilgan yigirmanchi asr vaqt oʻtib oʻzining insonparvarlik, yuksalishga intilish, jamoatchilikka tayanish, ilmiy-texnika taraqqiyotining cheksiz rivojlanishiga xayrixoh boʻlish kabi tamoyillariga qarshi turdi, amalda “eskirgan” boʻlib chiqdi. Ayni paytda, umuminsoniy tamoyillarning gʻayriinsoniy tuzum qonunlari oldida erksizligi, voqelikning hardamxayolligi, siyosiy yolgʻon safsatalar, jamiyatning haddan tashqari himoyasizligi va hattoki beʼmaniligi roʻparasida tizilgan odamlarning fojeaviy yolgʻizligi zamoni boʻlib qoldi.
XX asrning halokatga yuz tutishi muallifning “metafizikaga ishtiyoqini” kuchaytirgan, yakka tartibda ijod qilishga undagan boʻlsa, ushbu idealizmning dardu gʻamini ham shu alfozda belgilab berdi. Bunday muhitda “sheʼriyatga oʻrin yoʻqligi”(G. Adamovich)ni jahon urushlarida halok boʻlgan, totalitar tuzum tarafidan otib yuborilgan yoki surgun etilgan, aqldan ozib oʻz hayotiga suiqasd qilgan, alamzada holatda ijoddan voz kechgan qator qalamkashlarning fojiali qismatidan, deb tushunmoq lozim boʻladi. Asrning shu kabi ruhini nemis faylasufi T. Adorno quyidagicha taʼriflangandi: “Osvensimdan keyin sheʼr yozish – bu badaviylik (varvarlik) hisoblanadi…” (Minima Moralia. Majruh hayot haqida oʻylar, 1951).
Ikkinchidan, oʻtgan yigirmanchi yuz yillikda kechgan adabiy jarayon koʻpgina raddiyalarga qaramasdan modernizmni inkor etib, bir chetga surib tashlagani yoʻq, aksincha, uni inkor qilish orqali yanada davom etishiga yordam berdi va oʻz doirasiga “modernizmdan tashqaridagi modernistlar” deya hisoblagan mualliflar. S. Kyerkegor, H. Ibsen, G. Melvill, Sh. Bodler, A. Rembo, S. Mallarme, F. Nitsshe, F. Dostoyevskiy, G. Jeyms, A. Strindberg, J. Konrad va boshqalarning asarlarini ogʻdirib oldi. Aksincha, ayrim buyuk nomlar (V. Skott, V. Gyugo, A. de Vini, Ch. Dikkens, A. Tennison, G. Longfello)ning badiiy ijoddagi qadr-qimmati pasaytirildi, boshqalari (G. Flober, E. Zolya, J. Elliot, U. Uitmen, P. Verlen) esa asos-isbotsiz jahon adabiyoti peshsahnasiga chiqarib qoʻyildi. Eng muhimi, modernizm XX asrning asosiy ijodiy kashfiyoti – subʼyektivlikni tadqiq qilishda davom etdi va tezis-antitezis, “modernizm”-”kontrmodernizm” vositasida individual uslubning stilistik imkoniyatlarini amalga tadbiq qildi. Postmodernizm davriga kelib u uslubdan koʻra koʻproq sifat koʻrinishiga ega boʻldi.
Uchinchidan, modernizm – aslida bu bir-biri bilan kurash olib borgan, oʻzicha mustaqil harakat qilgan alohida modernistik uyushmalar, manifestlar, dasturlar (masalan Lotin Amerikasida simvolizm oʻzicha modernizm nomini olgandi) majmuasidir. Modernizmning bir jabhasi avangardizmga, yaʼni lingvistika nuqtai nazaridan ilmiy tajribalar oʻtkazishga, sanʼatlar va diskurslar sinteziga, polistilistika (futurizm, dadaizm, syurrealizm, imajinizm, vortitsizm, fransuz “antiromani”, Lotin Amerikasi “sehrli realizm”)ga moyillik bildirgan boʻlsa, boshqa bir koʻrinishi ekspressionizm tarafdorlarini barokko va romantizm anʼanalari bilan, ingliz-amerika modernizmini (J. Joys, V. Vulf, E. Paund, T. S. Elliot, U. Stivens) simvolizm bilan, J-P. Satr va A. Kamyu prozasini ekzistensializm falsafasi bilan yaqinlashtirishga intildi. Bizningcha, faqat modernizm va uning taraqqiyoti kontekstida u inkor etgan “realizm”, “sotsialistik realizm” (A. Barbyus, L. Aragon, I. R. Bexer, M. Andersen-Neksyo, A. Zegers) va postmodernizm fenomenlari adekvat baholanishi mumkin, xalos. Ayni paytda shuni ham taʼkidlash joizki, modernizm adabiyoti matni oʻzining stilistikasi jihatdan ham koʻp qiyofalidir. Bir jihatdan, u XIX asr adabiy oqimlari (romantizm, naturalizm, simvolizm va hokazo) dan uzoqlashgan boʻlsa, ikkinchidan ularga yangi urgʻu va ohanglar (J. Romen, J. Dyuamel) olib kirdi, naturalistik, yaʼni voqelikni tasvirlashda maishiy tafsilotlar, ikir-chikirlar bilan cheklanib, umumlashmalardan qochadigan tasviriy uslub (J.-P. Sartr)ni singdirdi, zarurat tugʻilganda esa, biroz toʻgʻrilab naturalizmni (R. Marten dyu Gar, J. Steynbek) yanada sayqallashtirdi. Shu taxlit traditsionalizm (anʼanaviylik)ning turli koʻrinishlari modernizm bilan olib borgan bahsida modernizmga zarardan koʻra koʻproq foyda keltirdi, shuningdek undagi strukturaviy oʻlchovlar: “klassika” va “romantika”, “realizm” va “abstraksiya”, “milliy” va “baynalmilal”, “shimoliy” va “janubiy” kabi tamoyillarning mavjudligiga diqqat-eʼtiborni qaratdi.
Toʻrtinchidan, modernizm – bu J. Joys va G. Stayn, F. Kafka va G. Kayzer, L. Pirandello va Yu. O’Nil, T. Mann va U. Folkner, A. Dyoblin va J. Dos Posos, B. Brext va E. Ionesko, X. L. Borxes va G. G. Markes, A. Myordok va G. Grasslarning modernizm ruhidagi matnlaridan iboratdir. Ularning barchasi modernizm nuqtai nazaridan oʻziga xos, boshqalarga oʻxshamaydigan, ularning har biri alohida yondashishni, modernizmning butun tipologiyasiga, terminologik va stilistik tavsiflariga aniqlik kiritishni taqozo etadi. J. Joys qalamiga mansub “Uliss” romani ham simvolizm, ham avangard, ham “yuksak modern”, ham “postmodern” qolipidagi asardek oʻqilishi mumkin. Shunga yarasha mazkur romanning adabiy jarayondagi mavqei va tutgan oʻrni unga hamohang oʻzgarib borishi ham muqarrardir.
Alhosil, beshinchidan, modernizm – bu parallel ravishda mavjud boʻlgan matnlarning polifoniyasi (koʻpovozliligi)dir. Ushbu inkor etishlar va tasdiqlarning oʻta murakkabli maydoni noklassik boʻlgan masofani hosil qiladi, oʻz makoniga oid chegaralarini doim aniqlab turuvchi qandaydir bir oʻziga xos adabiy jarayonga oʻxshaydi. Uni shartli ravishda subʼyektivlikdan uzil-kesil ozod etuvchi, markazdan qochiradigan kuch, yaʼni girdibod bilan qiyoslash mumkin. Jamiyatning barqaror muvozanatdan chiqqanligi, undagi subʼyekt va obʼyektning bir-biriga mos kelmasligi, his-tuygʻular taʼsirida yashayotgan shunday ramziy faollikning dastlabki koʻtarilib tushishi fransuz adabiyotining XIX asr oxiriga toʻgʻri keladi. Aslida milliy adabiyotlar nazdida mavjud boʻla turib, maʼlum maʼnoda ularning hal qiluvchi, muhim voqea va hodisalarini oʻzaro qorishtirib yuboradigan ushbu “toʻlqin” oʻzini goh XX asr boshlaridagi nemis ekspressionizmi, goh 20-yillar ingliz-amerika modernizmi, goh 1930–1940-yillar fransuz ekzistensializmi andozasidagi proza, goh 1950-yillar “absurd teatri” orqali namoyish qilib, 1960-yillarda Lotin Amerikasigacha yetib bordi-da, oʻsha yerda inqirozga yuz tutib, oʻz kuchini yoʻqotdi. Modernizm yoʻriqlarining “koʻtarilishi” va “pasayishi” kabi holatlarni oʻzida jamlagan bu kabi inqilobiy harakatning davrlarga boʻlinishi oʻta darajada shartlidir. Qolaversa, modernizm taxminan uch ijodiy muhit bilan vobasta kechdi. Bular: postsimvolizm va avangardizm (1910–1940 y.); ekzistensializm (1940–1960 y.) va postmodernizm (1980–2000 y.)dir. Ularning har birida oʻz tipologik belgilarining oʻzaro uygʻun birikmasini, oʻz faollari va mushohada qiluvchilarini, oshkor va nooshkor “modernist”larini, “modernizm” zamondoshlari va “kontrmodernist”larini alohida ajratib koʻrsatish mumkin.
XX asr adabiyotida modernizmdan ustun turuvchi yana biror ijodiy oqim mavjudmidi, degan savolning boʻlishi tabiiy. Bu savolga ijobiy yoki salbiy maʼnoda javob topish osondek tuyulsa-da, fikrimizcha, modernizm adabiyotni oʻrganish doirasidan chiqib ketdi. Aslida modernizmning oʻzi va uning qonun-qoidalari aniq kashf qilinmagan bir holatda XX asr qalamkashlarining qariyb barchasi u yoki bu taqlidda “modern kasali”ga mubtalo boʻldilar.
Nafsilamr, badiiy adabiyot 1930-yillarda inson intellektual hayotidagi boʻsh vaqt ustidan yuz yillab davom qilgan oʻz hukmronligini kinematografiyaga boʻshatib bera boshladi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng kitob egallab kelgan ijtimoiy oʻringa texnik sanʼat turlari: televideniye, mass-medialarning turli shakllari daʼvogar boʻlib chiqdi. Asr oxiriga kelib esa bunga kompyuter ham qoʻshildi. Endilikda gap jiddiy mafkuraviy davlat tangligi haqida emas, oʻz manfaatlari yoʻlida badiiy qadriyatlar bilan hiyla va nayrang qilayotgan mafkuralar tangligi haqida emas, borgan sari eklektizmga asoslanayotgan, mutaxassislarga, universitet professor-oʻqituvchilariga, gumanitar fakultet talabalariga moʻljallangan jiddiy mazmunli adabiyot haqida emas, balki adresat tangligi, kitob bilan shaxsiy munosabat tajribasini yoʻqotayotgan kitobxon inqirozi xususida bormoqda. Shuningdek, adabiy jarayonda chinakam informatsion bosim, yaʼni majburiy plyuralizm va relyativizm (lot.relativus – nisbiylik) oʻtaketgan zamonaviylik oqibatida paydo boʻlayotgan xiraxondon hissiyotlar ostida qolib borayotgan kitobxon tanqisligi yuzaga kelmoqda.
Axborot kommunikatsiyalarining qudratli kuchi xususida 1960-yillardayoq amerikalik tanqidchilar qayd qilganidek, endilikda eng topqir yozuvchining ham gazetada bosilgan, televideniyeda berilgan, internet orqali uzatilgan axborot bilan bellashishga qurbi yetmaydi, bu uning koʻlidan ham kelmaydi. Gazeta, televideniye va internet xabarlari istalgan toʻqima va uydirmadan iborat boʻlsa-da “shubhasiz toʻgʻri”, “mohirona ishlangan”, odamlarda “kuchli taassurot qoldiradigan” yangilik boʻlib bormoqda.
Darvoqe, XX asr oxirlashib qolgan bir paytda uning yana oʻz boshiga qaytganidan darak beruvchi alomatlar sezila boshlagandi. Yaʼni yuz yil burun aytilgan “Gʻarb sivilizatsiyasining poyoniga yetganligi” mavzusiga yana qaytildi. Fransuz shoiri Sharl Bodlerning “Biz hammamiz goʻyoki abadiy dafn marosimida qatnashayotgandekmiz” mazmunidagi hikmatli soʻzlarini anglab olishga, magʻzini chaqishga qaytganligimiz bilinib qoldi. Ayrimlari, J. Papini qalamiga mansub “Oxirgi odam”, O. Shpenglerning “Yevropa zavoli”, A. Blokning “Gumanizm halokati”, P. Valerining “Ruh tangligi”, E. Gusserlning “Yevropa odami va falsafasining tangligi” boshqa nomlar, yaʼni Romano Gvardini qalamiga mansub “Yangi zamon oxiri”, Daniel Bellning “Mafkura intihosi”, Rolan Bartning “Muallif oʻlimi”, Ixab Xasanning “Orfey halokati”, F. Fukuyamaning “Tarix xotimasi va oxirgi odam”, Semyuel Xantingtonning “Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi” bilan almashdi. Baribir ham, Zigmund Freyd aytganidek, shartli ravishda “madaniyat qanoatlanganligi” deb nom olgan tamoyil oʻzgarmasdan eskicha holida qolaverdi. Gap shundaki, ilgʻor gʻarb madaniyati oʻzining liberalizm ruhidagi ideallariga sodiq qolib, kelajak loyihalarini tuzishni, tarixning u yoki bu “xato”larini tuzatishni davom ettirgani bilan, ayni vaqtning oʻzida, inson erkinligi muammosi bilan bogʻliq ziddiyatlar hal qilinmaganligi tufayli, baribir orqaga qaytishga majbur boʻldi.
Shunday qilib, XX asr modernizm adabiyoti ham xuddi XIX asr romantizm adabiyoti singari madaniy maʼno doirasiga aylandi, uning ichida gʻarb dunyosi qadriyatlari tanqidiy jihatdan tekshiruvdan oʻtkazildi. Ular jahon adabiyoti tarixida yashab qolishga, XX asr adabiyotida yalovbardor boʻlishga loyiqmi yoki yoʻqmi – buni kelajak koʻrsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |