1.2. Ishlab chiqarish tarmoqlarini shakllanish va rivojlanish bosqichlari
Moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarining shakllanish va rivojlanish jarayonlari inson va tabiat komponentlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Insonlarning tabiiy muhit bilan bo‘lgan o‘zaro aloqalari o‘tgan barcha tarixiy davrlarda yuz bergan siyosiy, iqtisodiy voqeyliklar natijasida o‘zgarib borgan. Agar insonlarning eng qadimiy ongli avlodlari (Homo sapiens) yashagan davrlarda tabiat hukmronligi kuzatilgan bo‘lsa, keyinchalik ikki tomonlama munosabatlarda odamlarning ta’siri orta bordi (1-jadval).
Jadvalda ko‘rsatib o‘tilgan har bir davr oralig‘ida insonlarning tabiatga bo‘lgan ta’siri orta borganini ko‘rish mumkin. SHu bilan birga bosib o‘tilgan davrlar davomida odamlarning ma’lum sohalarga ixtisoslashishi moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarining shakllanishi va rivojlana borishiga asos bo‘lib xizmat qildi.
Eng qadimgi davrda insonlarning termachilik, ovchilik va baliqchilik sohalari bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Tabiat insonga nimani in’om etsa, odam shuni olgan, topgan yeganligi bilan qanoatlangan bo‘lib, bu holat ko‘p hollarda ularning tabiiy sharoitga moslashuvi asosida yuzaga kelgan deyish mumkin. Chunki, bu davrda odamlar mavjud tabiiy imkoniyatlardan hayot kechirish uchun foydalanib kelgan bo‘lib, tabiatni o‘zgartira olish kuchiga ega bo‘lmaganlar. Bunga texnik imkoniyatlar va zaruriy malakalarning chegaralanganligi asosiy sabab bo‘lgan.
Olovning kashf etilishi bilan inson va tabiat munosabatlarida ilk o‘zgarishlar yuz berdi. Uning natijasida yer yuzasining turli geografik mintaqalarida xo‘jalik yuritish shakllari o‘zgara boshladi. Neolit davrida o‘zlashtiruvchi xo‘jalikda tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, tabiatdan barcha tayyor narsalarni olgan inson endi ishlab chiqaruvchi xo‘jalikka-ziroatchilik va chorvachilikka o‘tdi. “Qishloq xo‘jaligi inqilobi” deb nom olgan mazkur jarayon moddiy ishlab chiqarish tarmoqlari orasidagi ilk tarmoq-qishloq xo‘jaligining yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi.
Ayniqsa, bu holat Nil, Dajla va Frot, Xind va Gang, Xuanxe va YAnsze daryolari vodiylari hamda Qadimiy Rim va Qadimgi Gretsiya kabi ilk sivilizatsiyalar tarqalgan hududlarda yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Mazkur mintaqada o‘zlashtiruvchi xo‘jalik ko‘rinishlari hisoblangan termachilik, ovchilik yoki baliqchilik sohalari son jihatdan tez ko‘payib borayotgan aholini zaruriy kundalik mahsulotlar bilan ta’minlay olish qobilyatiga ega bo‘lmay qolganligi moddiy ne’matlarni ishlab chiqarish uchun ehtiyoj tug‘ulishiga sababchi bo‘ldi. Oykumena2 hududlarida yovvoyi o‘simlik va hayvonlarining xonakilashtirilishi boshlandi. Buning natijasida eramizdan avvalgi X-VI ming yilliklarda o‘simlik va hayvonlar madaniylashuvi natijasida yuzaga kelgan 9 ta o‘choqlar (mintaqalar) paydo bo‘ldi.
Mazkur mintaqalar bir-biridan geografik o‘rni, tabiiy sharoiti, iqlimi va relyef xususiyatlari bilan farq qilishidan tashqari, bu hududlarning qishloq xo‘jalik mahsulotlariga ixtisoslashuvi ham turli yo‘nalishga egaligi bilan ajralib turgan. Ularning har birida o‘z sharoitidan kelib chiqqan holda donli, dukkakli, moyli, tolali o‘simliklar, sabzavot va mevalar etishtirilgan hamda qayta ishlangan. Go‘shti va sutini iste’mol qilish, juni va terisidan kiyim-kechak tayyorlash maqsadida qo‘y, qo‘tos, tuya kabi hayvonlar uy xo‘jaliklarida ko‘paytirila boshlandi. Ushbu holatlar qishloq xo‘jaligi va turli hunarmandchilik tarmoqlarining rivojlanishiga sababchi bo‘ldi. Shu maqsadda mazkur hududlar aholisi to‘g‘onlar qurish, kanallar qazish, botqoqliklarni quritish, ixota daraxtzorlarni barpo etish orqali qum bo‘ronlaridan himoyalanish kabi eng qadimgi meliorativ jarayonlarni amalga oshira boshlaganlar. Buning natijasida atrof-muhitga bo‘lgan antropogen ta’sir orta boshladi.
Bundan tashqari, neolit davrida yuz bergan “Qishloq xo‘jalik inqilobi” jamiyatda ilk bora sinfiy tabaqalanishning shakllanishi, yerga bo‘lgan mulkchilik va quldorlik tizimining yuzaga kelishiga imkon yatardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |