Qora metallurgiya korxonalarini, ayniqsa cho‘yan eritish zavodlarini (domna pechida eritiladi) joylashtirishda eng avvalo yoqilg‘i va xom-ashyo katta ahamiyatga ega. Bir tonna cho‘yanni olish uchun taxminan ikki tonna temir rudasi, 1,2 tonna yoqilg‘i-kokslanuvchi ko‘mir lozim. Rudada temirning (Fe) miqdoriga, boy yoki boy emasligiga qarab zavod uch ko‘rinishda joylashtiriladi: yoqilg‘i yaqinida (temir ruda koni «boy»), xom-ashyo yaqinida (rudada Fe miqdori yuqori emas) va ikkalasining o‘rtasida (yoqilg‘i va xom-ashyo uchun transport xarajati deyarli bir xil). Uchinchi variantda suv hamda iste’mol omillari ham e’tiborilidir.
Qora metallurgiyaga kiruvchi ferrosplav (temir qotishmalari) zavodlari «elektrtalab» hisoblanadi: 1 t. ferrosplav uchun 8-9 ming kVt\s. elektr energiya sarflanadi. Binobarin, bunday zavodlar arzon elektr manbalariga yaqinroq joylashtiriladi.
Rangli metallurgiya sanoatiga kiruvchi korxonalar turli-tuman (allyuminiy, mis, kumush, oltin, qo‘rg‘oshin, qalay va h.k.). Ular tabiatda alohida-alohida uchramaydi. Shuning uchun rangdor metallarni qazib olishda kompleks, kombinat usuli qo‘llaniladi.
Tog‘ metallurgiya kombinatlari xom-ashyo rayonlarida (sababi-rangdor metallar miqdori rudada juda oz) quriladi, bevosita tozalangan metall esa iste’mol rayonlarida va xususan arzon elektr energiyaga yaqin joyda o‘rnashtiriladi: tozalangan yoki «rafinatsiya» qilingan misning bir tonnasiga 9-10 kVt\s.gacha, allyuminiyga 18-19, titan va nikel uchun 50 ming kVt\s.-gacha elektr energiyasi ishlatiladi. Shu bilan birga rangdor metallurgiya korxonalarini joylashtirishda ekologiya omilining ham o‘rni sezilarli.
Mashinasozlikning tarkibi boyligi sababli, unga ta’sir qiluvchi omillar turi ham har xil. Chunonchi, metallni ko‘p talab qiluvchi og‘ir mashinasozlik (vagonsozlik, tog‘-kon va shaxtalar uchun asbob-uskunalar va h.k.) qora metallurgiya rayonlarida kam, ammo malakali ishchi kuchi kerak bo‘lgan priborsozlik, elektrotexnika, hisoblash texnikalari kabi nozik va aniq mashinasozlik fan-texnika taraqqiyoti markazlarida joylashtiriladi.
Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi ko‘p hollarda iste’mol rayonlarida rivojlanadi. Masalan, yuqorida aytib o‘tilganidek, O‘zbekistonda paxta terimi, Ukrainada g‘alla va qand lavlagi, Belorussiyada-kartoshka va zig‘ir, Moldaviyada uzumchilik, Qirg‘izistonda pichan o‘ruvchi va preslovchi mashinalar ishlab chiqariladi. Demak, mamlakat nimaga ixtisoslashsa o‘sha sohaga xizmat qiluvchi mashinasozlik tarmog‘i tashkil etiladi. Bu qonuniyat boshqa tarmoqlarga ham tegishli. Chunonchi, Kareliyada o‘rmon, Uralda-qora metallurgiya, Donbassda-shaxta, O‘zbekistonda-to‘qimachilik, Irkutskda-oltin saralash mashinasozligi rivojlangan va h.k.
Shunday qilib, mashinasozlik mahsulotiga qarab uni joylashtirishga xom-ashyo (metall), ishchi kuchi, iste’mol, ilmu-fan, geografik o‘rin omillari ta’sir ko‘rsatadi. Tabiiyki, dengiz kemasozligi quruqlik ichkarisida emas, port shaharlarda joylashtiriladi. Xuddi shunga o‘xshash stanoksozlik, elektrotexnika, traktorsozlik kabi juda ko‘p mashinasozlik tarmoqlari o‘ziga xos hududiy tashkil qilish xususiyatlariga ega. Albatta, bu sanoat tarmog‘i uchun kooperatsiya shakli muhimligi tufayli uning markazlari qulay transport geografik o‘ringa ega bo‘lishlari ham lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |