II-Bob. Istiqlol yillarida Samarqand shahri tarixi tarixshunosligi doir tadqiqotlari
II.I.Mulla Aziz bin Muhammadrizo Marg‘iloniyning «Tarixi Aziziy» asarini mustaqillik yillarida o’rganilishi(I. Qayumova tomonida)
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida 11108- inventar raqami ostida Mulla Aziz bin Muhammadrizo Marg‘iloniy (1850 – 1913)ning «Tarixi Aziziy» (ikkinchi nomi «Tasnifi G‘arib») asari saqlanadi. Ushbu asarni taniqli olimlar Ahmad Zakiy Ahmadshoxovich – To‘g‘on , Ch.A. Stori2, T. Beysimbiev3 , R. Nabiev2, Sh. Vohidov3, B. Bobojonov4, D. Sangirova5 o‘rganganlar va undagi ma’lumotlardan o‘z tadqiqotlarida foydalanganlar. Dastlab «Tarixi Aziziy»ning 5- bobi Sh.Vohidov va D.Sangirova tomonidan o‘zbek tiliga tabdil qilingan holda nashr etilgan. 2016 yilda asarning faksimile nusxasini nashrga tadqiqotchi I. Qayumova tayyorlagan6. Unda kirish qismi va ko‘rsatkichlarni tuzuvchi I. Qayumova, mas’ul muharrir B. Bobojonovning so‘zboshisi ham berilgan. Ushbu asar yagona nusxa bo‘lib, muallif tomonidan turkiy, ba’zi qismlari forsiy tilda 1912 yilda yozib tugatilgan. Asar 166 fasl va 5 bobdan iborat: 1-bob mo‘g‘ullar istilosigacha, 2-bob Amir Temur tarixi, 3-bob turli kasblar va shaharlar tarixi, 4- va 5- boblar Qo‘qon xonligi va Rossiya imperiyasi davrida Farg‘ona tarixiga bag‘ishlangan. Asarning 1 – 4-boblaridagi ma’lumotlar hali o‘rganilishi lozim. Shuningdek, asarda qadimiy va navqiron Samarqand tarixiga oid ma’lumotlar ham berilgan. «Tarixi Aziziy»da Samarqand Shamarqand shaklida berilgan. Muallif o‘z asarida Samarqand tarixi haqida nimalarni yozmoqchi ekanini qayd etgan: «va ham Samarqandda o‘tgan musannif aziz- avliyolarni nomi shariflari va turbat fayz asarlari va qaysi joyda o‘tgan ekanlar, oni bayoni va ya’ni Samarqand qanday joy va asli nima va qanday zamonda qanday podshoh binoiy shahar solgan ekan, oni bayoni va Samarqandg‘a qanday podshohlar va qanday ulug‘ masjid va madrasai oliy imoratlarni solgan va qanday bog‘-rog‘larni solubdur, oni bayoni» Asarning 1- bobdagi 54- fasl «Chingizxonning Samarqandg‘a yurg‘oni va bul shaharni fath qilg‘oni», 55- fasl «Chingizxonning Samarqand shahrini tasaxir qilg‘oni xususinda», 60- fasl «Samarqandi firdavsmonandning bayoni», 61- fasl «Nodir devonbegi madrasasining bino imorati va Samarqandda o‘tgan zoti shariflari to‘g‘risida», 62- fasl «Samarqand mahkumidagi zoti shariflarning xususida», 63- fasl «Samarqand tarixidan» deb nomlangan. Garchi bu ma’lumotlar tarixiy manbalar, kitoblar va risolalardan olingan parchalar hisoblansa-da, o‘z davri uchun ham, hozirda ham muhim ahamiyatga ega. Muallif dastlab o‘spirinlik davrida Buxoro madrasalarida tahsil olish uchun ketayotganida Samarqandga kelib tushganini asarida bayon etgan. Jumladan, asarning 11- faslida: «O‘rusiya Samarqandning olganidan keyin bir katta vabo bo‘lundi va mani kamina duogo‘ylari (otasi) va ham marg‘ilonlik Mullo Muhammadjon mahdum va Mullo Muhammadiminxon Olim xalifa o‘g‘ullari va yana bir necha nafar xo‘qandlik tolibi ilmlar hammalarimiz Buxoroyi sharifga borib tahsil qilamiz deb borib. Samarqandg‘a borib, to‘g‘ri madrasai Tillokoriga tushib, hijrata olub, qaror olduq. Yoz fasli, balki, saraton oyidan chiqib, sunbula oyi doxil bo‘lib edi. Buxoroda ta’til boshlanib, mullolar Samarqand va g‘ayri xush, havoyi xush ob joylarga kelib, to tahsil ayyomig‘acha ammom bo‘lub turur va kitobat va takror qilibu turur ekanlar. Ammo, aslida, Xo‘janddan piyoda jo‘nab, Samarqandga yetib olib ayduk va mehnat va kulfatni yo‘llarida ko‘b chekub eduk, umidvor bo‘lamizkim, agarchandi xushk-xoli qaytub kelgan bo‘lsak ham, omoniyatda o‘qimoqg‘a deb borilgan uchun Parvardigor azza va jalla misli Buxoro mulloolimlarini qatorlarida rahmat qilsa chi ajabdur», – deb yozgan. Bu voqea taxminan 1862 yillarning boshiga to‘g‘ri keladi. «Samarqand tarixidan» deb nomlangan parchada quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: «Habib us- siyar fi axbori afrod il-bashar» degan katta mo‘tabar forsiy tilda yozilgan kitobdan intixob qilibdurki, turkiy tilga tarjima qilib yoziladurki: «Samarqand3 qadim va ko‘hna shaharlardandur, beshinchi iqlimdan, Movarounnahr podshohlarini poytaxti va shahri Samarqand ichinda suvlar joriya va mevalik ashjarlar ko‘pdir. Xususan, Amir Temur Ko‘ragonning podsholik va hukumatdonlik vaqtlarida nihoyat ziyoda darajada obod bo‘lgan ekan. ... shaharni aksaridin imorat va jamiyat xususiyatda ziyoda ko‘rinur erdi. Va qadim zamondaki Samarqand qo‘rg‘onining atroflarini qadamlagan vaqtlarida ellik ming qadam kelgan erdi» Ushbu ma’lumotlar Tohirxo‘janing «Samariya» asarida4 uchramaydi. Asarda «Ul qo‘rg‘on nobud bo‘lgandan keyin Kirshosib7 degan podshoh kelgan vaqtda qattiq zilzila voqe’ bo‘lib, nobud bo‘lgandan qolgan devori ham yiqilib erdi. Oni ostidin azim ganj (oltin) chiqqan ekan. Kirshosib podshoh mazkur ganjni olib, zikr bo‘lingan qo‘rg‘onga sarf qilib qaytadan qo‘rg‘on barpo qilgan erdi. Hirosib6 Kushtosib o‘g‘li ham kelib, qo‘rg‘on xususida nihoyat darajada xat- xabor qilib erdi. «Samarqandi firdavsmonandning bayoni»da Samarqanddagi bir necha yodgorliklar haqida ma’lumotlar berilgan. Jumladan, «shahzoda Qusam ibn Abbos1 mozorlari» bayonida shunday yozilgan: «Amir Temur podshoh hunarmandlar usto va xushxat fazllar va shoirlar xizmat kamarini bog‘lab, mazkur ravzai muborak hazrat Qusam ibn Abbosga binolarin qo‘yib, bir necha gumbaz va peshtoqlariga koshinkorlik, bir necha alvon asl rang oq va qora va qizil va sariq va ko‘k ranglar bilan xatti kufiy va ma’qola va suls va qur’oniy va kitobiy va yana bir necha qalam xatlari bilan Alloh ta’loning ismi va oyat, hadis va salovot va duo va ismi amirzodalar va xonimlar va masturalar va mazkur Amir Temurning haram muhtaramalarining ismlari yozib koshin qilib naqsh o‘rniga o‘tkargan ekan... mazkur ravzai tabarruklarning binoi imoratlariga besh yuz oltmish olti yil bo‘lgon ekan». Ikkinchi yodgorlik 1878 yilda Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan buzib tashlangan Qutbi Chordaho‘m mozori bo‘lib, ushbu kishining asl ismi Shayx Nuriddin Basirdir. Bu mozor to‘g‘risida «Tarixi Aziziy»da «mazkur zotning gumbazlari ham ko‘p zeb va ziynatlik va koshinkorlik» bilan bezatilganini keltiradi. Uchinchi yodgorlik Go‘r Amir bo‘lib, bu haqda asarda shunday fikrlar berilgan: «Uchinchi imorat koshinkorlik gumbaz janob Amir Temur Ko‘ragonning tufroq joylari ekan. Ushbu mazkur gumbaz ko‘b zeb-ziynat bilan koshinkorlik bir necha alvon asl ranglar va bir necha xil qalam xatlar bilan hamma ismi Alloh va oyat, hadis, duo, salovot yozur, koshin qilib naqsh o‘rniga o‘tkargan va fulod va olmos qalam bilan bir necha qimmatbaho toshlarning ustiga yozib o‘ygan. Suls xati va mazkur xatlar o‘zlarining ismlari va ota-bobolarining ismlari ekan. Alholda mazkur ushbu xatlar ravshan va aniqdur. Mazkur gumbazning ismi alholda Go‘r Amir nomi bilan shuhrat topgan va mazkur Amir Temurning piru peshvozlari zoti sharif Sayiid Mir Baraka ismli Balx viloyatidan ekanlar. Mazkur zoti sharif Balx viloyatidan kelub, janob hazrat Amir Temurdin andak ilgari yiroq vafot topgan ekanlar. Alholda mazkur zoti sharifning qabrlari mazkur gumbazi oliyni ichinda ekan...» Hazrati shahzoda Qusam ibn Abbosning yaqinlarida madrasa xonim va masjidi jomeni bino qilgan ekanlar va mazkur filda yuklab olib kelingan xazinalarni shunday ulug‘ xayrlarga sarf qilgan ekanlar. Mazkur madrasa va masjidi jomening koshinkorlik imoratlari hech bir sifat va ta’rif bilan ado qilib bo‘lmas ekanlarkim, mazkur koshinkorlik naqsh va nigor xatlarga ko‘zi tushib tomosha qilsa lol bo‘lib beshuur bo‘lib qolar ekan. Mazkur madrasaning marmartoshlariga Alloh taoloning hamma ismi va oyat va hadis va salovot va duolar yozib fulodi olmos qalab bilan uzgan va marmartoshlardagi xatlarning ustiga tillo suvlarini yugurtirgan ekanlar. Mazkur eshik yaqinlikda bor ekan. Samarqandning qimmatchilik va xarobchilik vaqtida aksar och va yalang‘och qizil oyoq kishilar mazkur toshlarni tarashlab olib borib nobud qilgan ekanlar. Mazkur madrasaning bino imoratiga 425 yil bo‘lgan ekan. «Mazkur jome masjidi bino imoratiga». Ushbu ma’lumotlar Tohirxo‘janing «Samariya» asaridagi ma’lumotlar bilan o‘xshashdir. Ammo jome masjid eshigidagi tillo suvi yuritilgan naqshlar va yozuvlar «Samariya»da: «Samarqandning buzuqchilik chog‘ida yo‘qolgandir», – deb qayd qilingan1 . Xullas, Muhammad Aziz Marg‘iloniyning «Tarixi Aziziy» asarida Markaziy Osiyodagi ko‘pgina shaharlar qatorida qadim va navqiron Samarqand tarixiga doir ko‘pgina ma’lumotlar umumiy tavsif qilingan. Ayniqsa, Samarqandning qadimdan to XIX asrga qadar bo‘lgan tarixi haqida qiziq ma’lumotlar berilgan. Ushbu ma’lumotlarni boshqa manbalar bilan birgalikda taqqoslagan holda ko‘pgina tarixiy masalalarga javob topsa bo‘ladi8.
Do'stlaringiz bilan baham: |