MIROBOD TUMANI XALQ TA’LIMI BO‘LIMI MUDIRINING BUYRUG‘I
Umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida
Yurtimizda eʼlon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida umumtaʼlim muassasalarini yanada obod va ko‘rkam maskanlarga aylantirish, shu orqali o‘quvchilar ongiga milliy qadriyatlarni singdirish, o‘zlari taʼlim olayotgan maktabni yashil maskanga aylantirish hamda Xalq ta’limi vazirining 2021-yil 5-noyabrdagi “Umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi 363-sonli, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘ining 2021 yil 9 noyabrdagi 314-sonli buyruqlari ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘ining 2021 yil 9 noyabrdagi 314-sonli buyrug‘i rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Respublikamizda daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida umumtaʼlim maktablarida 2021-yil 10-dekabrga qadar “Maktabni yashil maskanga aylantiramiz” aksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Aksiya) eʼlon qilinganligi inobatga olinsin.
3. Ma’naviy-ahloqiy ishlar bo‘yicha sho‘ba mudiri Sh.A.Imamova va barcha umumta’lim maktab direktorlariga:
joriy o‘quv yilining II chorak birinchi o‘qish kuni (10-noyabr) barcha umumtaʼlim maktablarida “O‘zbekiston-yashil makon” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish;
2021-yil 13-noyabr (shanba) kuni barcha umumtaʼlim maktablarida “Maktabni yashil maskanga aylantiramiz” shiori ostida ommaviy daraxt ekish aksiyasini o‘tkazish;
Bunda, o‘quvchilarning ota-onalari bilan birgalikda faol ishtirok etishlari hamda har bir ekilgan daraxtga ramziy maʼnoda “Mening birinchi niholim” nomi bilan o‘quvchining ismi, sharifi, sinfi, daraxt ekilgan sanasi yozilishini tavsiya etish;
Aksiya doirasida hayotda muvaffaqiyatga erishgan sobiq bitiruvchilar, taniqli insonlar, sanʼatkorlar, sportchilar va boshqa jamoatchilik vakillarini taklif etish;
tuman Obodonlashtirish boshqarmasining malakali bog‘bonlari tavsiyalari asosida maktab hududining bo‘sh yer maydonlarida manzarali, mevali tez o‘suvchi daraxt ko‘chatlarini (pavlovniya, tut, chinor, terak va boshqalar) ekilishiga alohida eʼtibor qaratish;
ko‘chat ekilgan yer maydonlariga mas’ullarni biriktirish, ular tomonidan ko‘chatlarni mavsum davomida parvarishlash, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda payhon etilishini oldini olish choralarini ko‘rish;
ko‘chat ekish va ekilgan ko‘chatlarni to‘liq undirib olish uchun sug‘orish tizimi (artizan qudug‘i, ariqlar va boshqalar) tashkil etish;
Aksiya doirasida daraxt ekish jarayonlarini ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borish;
joriy yilning 10-noyabrida (II chorak birinchi o‘qish kuni) tantanali saflanishlar o‘tkazilib, o‘quvchilarga yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilinganligi, daraxt ekishning ahamiyati, ekologiya hamda atrof-muhit tozaligi orqali inson salomatligini asrash zaruriyati oddiy va sodda tilda tushuntirib berish;
joriy yilning 15-noyabriga qadar Aksiya doirasida eng faol qatnashgan va ijtimoiy tarmoqlarda faol yoritilgan bitta umumta’lim maktabini taqdirlash uchun Bosh boshqarmaga tavsiya etish.
daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida umumiy o‘rta taʼlim maktablarida “Maktabni yashil maskanga aylantiramiz” aksiyasi jarayonlarini ommaviy axborot vositalari, Bosh boshqarmaning rasmiy veb sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida keng yoritish choralari ko‘rilsin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish mudir o‘rinbosari I.B.Islamov zimmasiga yuklatilsin.
Mudir B.A.Xo‘jaqulov
Тоshkent sh.
Мirobod tuman
2021 yil “_12_” noyabr
_168_-sonli
Do'stlaringiz bilan baham: |