Cho'kmani filtrlash va yuvish.
Eritmadan ajratish uchun, turiga qarab, cho'kma filtrlanadi. Filtrlar tayyorlangan materialiga (kulli, kulsiz), zichligiga va o‘lchamiga ko‘ra har xil bo'ladi. Zichligi katta filtrlar, mayda zarrachali cho'kmalarni filtrlashda ishlatiladi (va aksincha). Cho'kmani ajratish (filtrlash) ga bosim, eritmaning yopishqoqligi (harorat), filtrning sirti kabi omillar ta’sir qiladi. Filtrlashda filtrning katta-kichikligi muhim ahamiyatga ega. Filtr filtrlanadigan suyuqlikning hajmiga qarab emas, balkicho'kmaning miqdoriga qarab tanlanadi. Cho'kma filtrga solinganda, uning yarmidan oshmasligi kerak, aks holda cho'kmani yaxshilab yuvib bo'lmaydi. Voronka o'lchami shunday tanlanadiki, filtr voronka chekkasidan 5—10 mm past bo'lsin.Filtr to'rt buklanadi, to'rtdan bir qismi ochiladi va suv bilan ho'llab, 60° burchakli voronka devorlariga zich qilib yopishtiriladi. Filtrlayotganda filtrning teshikchalari cho'kma zarrachalari bilan tez bekilib qolmasligi uchun, suyuqlik dastlab filtrga shisha tayoqcha bo'ylab, cho'kmani chayqatmasdan quyiladi. Shisha tayoqchani filtr qog'ozning uch qavatli joyining tepasida, o'rtada vertikal ushlash kerak. Tayoqchaning pastki uchi filtrdagi suyuqlikka tegmasligi kerak. Tayoqcha yo stakanda, yo filtr tepasida turishi kerak. Tayoqcha stolga qo'yilmaydi. Cho'kmadan undagi suyuqlikning ko'p qismi filtrga quyilib, stakan tubida cho'kma ozgina suyuqligi bilan qolganda, cho'kmadekantatsiya yo‘li bilan yuviladi.Cho'kmani yuvishdan maqsad, yuqorida qayd etilganidek, uning sirtiga adsorbsiyalangan begona qo'shimchalar va cho'kmaga shimilgan asosiy eritmani yo'qotishdir. Yuvuvchi suyuqliklar sifatida cho'ktiruvchining suyultirilgan eritmasi, elektrolit eritmasi, distillangan suvdan foydalaniladi. Buning uchun yuvgichdan suyuqlik oqimi shunday yo'naltiriladiki, u stakan devorlariga yopishgan cho'kma zarrachalarini yuvib tushirsin. Cho'kma chayqatib loyqalantiriladi va cho'kma stakan tubiga yig'ilishi uchun qoldiriladi. Tingan suyuqlik filtrga solinadi. Bu ish 3—4 marta takrorlanadi. Oxirida cho'kmani qolgan suyuqlik bilan chayqatib filtrga solinadi. Stakan tubida va devorlarida qolgan cho'kma zarrachalari yuvgichdagi yuvuvchi suyuqlik oqimi bilan filtrga tushiriladi. Stakan va shisha tayoqchaga mustahkam yopishib tushmay qolgan cho'kma zarrachalarini kulsiz filtr bo'lakchasini suvda ho'llab, artib olinadi. Filtr bo'lagi cho'kmali filtrga solinadi va stakan yana 2—3 marta yuviladi. Cho'kma to'la yuvilganligini tekshirish uchun, filtrdano'tayotgan eritma (filtrat)dan olib tegishli ionga xos xususiy reaksiya o'tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |