Mehnat shartnomasining taraflar ixtiyoriga bog’liq bo’lmagan holatlar bo’yicha bekor qilinishi.
U quyidagi hollarda bekor qilinadi:
xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda;
shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklangan taqdirda;
xodimni jazoga mahkum etgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, basharti buning natijasida xodim avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatidan mahrum etilgan bo’lsa, shuningdek, xodim sudning qaroriga binoan ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yo’llangan taqdirda;
ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan, agar yo’l qo’yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni bo’lmasa va u ishni davom ettirishga to’sqinlik qilsa;
xodimning vafoti munosabati bilan;
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo’lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.
Mehnat shartnomasi g’ayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki xodim g’ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o’tkazilgan hollarda, u ish beruvchining o’zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi lozim.
Nizoni ko’rish vaqtida, ish beruvchiga mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni boshqa ishga o’tkazishning asosliligini isbotlab berish mas’uliyati yuklatiladi.
Agar jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishni kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan oldindan kelishib olish nazarda tutilgan bo’lsa, sud kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligi olingan-olinmaganligini aniqlaydi.
Ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga etkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi. Zararni qoplash:
majburiy progul vaqti uchun haqto’lash shartligidan;
mehnat shartnomasi bekor qilinganligi yoki xodim boshqa ishga o’tkazilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bog’liqqo’shimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun ketgan xarajatlar va boshqalar) uchun kompensatsiya to’lashdan;
ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to’lashdan iboratdir. Ma’naviy zarar uchun to’lanadigan kompensatsiyaning miqdori, ish beruvchining xatti-harakatiga berilgan bahoni hisobga olib, sud tomonidan belgilanadi, lekin bu mikdor xodimning oylik ish haqidan kam bo’lishi mumkin emas.
Xodimning iltimosiga ko’ra sud ishga tiklash o’rniga uning foydasiga kamida uch oylik ish haqi miqdorida qo’shimcha haq undirib berishi mumkin.
Mehnat shartnomasini g’ayriqonuniy ravishda bekor qilishda yoki xodimni g’ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o’tkazishda aybdor bo’lgan mansabdor shaxs zimmasiga xodimga ish haqi to’lanishi munosabati bilan ish beruvchiga etkazilgan zarar o’rnini qoplash majburiyati yuklanadi.
Bunday majburiyatni yuklash uchun mehnat shartnomasini bekor qilish yoki boshqa ishga o’tkazish qonunni ochiq-oydin buzgan holda amalga oshirilganligi yoki mansabdor shaxs sudning xodimni ishga tiklash to’g’risidagi qarori ijrosini kechiktirishi asos hisoblanadi.
Etkaziladigan zarar o’rnini qoplash uchun to’lanadigan haq miqdori amaldagi qonunchilikka muvofiq mansabdor shaxsning uch oylik maoshidan oshib ketmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |