TARIXIY YODGORLIKLAR
(Amaliy mashgulot)
Bugungi amaliy mashg‘ulot rejasini tuzish, uni qayerda va qachon o‘tkazish, tabiiyki, muallimingiz zimmasidagi vazifadir. Lekin bu mash- g‘ulotga hech qanday tayyorgarliksiz, «quruq qo‘l bilan kelish» sizga yarashmaydi, to‘g‘rimi? Shunday ekan, keling, bo‘lajak mashg‘ulotga o‘zimizni tayyorlaylik, avvaldan bilishimiz mumkin bo‘lgan narsalar to‘g‘risida gaplashib olaylik.
Bilasizki, yurtimizning har bir viloyati, shahar-qishlog‘i, ovuli va mahallasida olis yoxud yaqin o‘tmish bilan bog‘liq tarixiy yodgorliklar topiladi. Bu yodgorlik qadimgi madrasa yoki masjid, xonaqo yoki minora, saroy yoki sardoba, hammom yoki ko‘prik, muzey yoxud kutubxona bo‘lishi mumkin. «Tarixiy yodgorlik» tushunchasi juda keng ma’noli bo‘lib, u o‘z ichiga mahallangizda saqlanib qolgan qadimgi tegirmonni ham, azim daraxtni ham, ko‘hna mozorni ham, noyob qo‘lyozma kitobni ham qamrab oladi. Shunday ekan, o‘qituvchingiz ana shu yodgorliklardan birortasi misolida siz va tengdoshlaringizga xalqimizning ilmiy-ijodiy dahosi to‘g‘risida keng tushuncha berishi mumkin.
Xohlardikki, bo‘lajak mashg‘ulot paytida siz oddiy sayohatchi, tomo- shabin, kuzatuvchi bo‘lib qolmasangiz. Albatta, o‘qituvchingiz yoki amaliy mashg‘ulotga jalb etiladigan mutaxassis kishi sizga mazkur tarixiy obida haqida ko‘p narsalarni hikoya qilib beradi. Avvalo, siz bu hikoya- larni jon qulog‘ingiz bilan eshitishga, kerakli ma’lumotlarni daftaringizga yozib olishga harakat qiling. Ustozingiz yoki mutaxassisdan tushunmagan narsalaringizni so‘rab, aniqlashtirib olishga ham erinmang.
Agar bu yodgorlik biror tarixiy inshoot bo‘Isa, uning joylashgan o‘rni, hajmi, xonalarining soni va katta-kichikligi, tashqi va ichki bezaklari, peshtoqidagi yozuvlarning ma’nosi, bu yozuvlarning nima bilan amalga oshirilgani, qaysi tilda ekani, mazkur inshootni kim, qachon, nima munosabat bilan va nimaga mo‘ljallab bunyod etgani singari ko‘plab masalalar e’tiboringizdan chetda qolmasin.
Masalan, aksariyat bunday ulug‘vor inshootlarning atrofiga ajdod- larimiz ko‘proq tut daraxti ekishgan. Qiziq, nima uchun aynan shu daraxt ekilgan ekan?
Gap shundaki, tut daraxti o‘zining chuqur ketgan ildizlari bilan shu bino joylashgan yer ostidagi va uning atrofidagi zax suvlarni tortib, novda va yaproqlari orqali havoga bug‘latib yuborishdek noyob xususi- yatga ega ekanini bobolarimiz juda yaxshi bilishgan. Natijada, ulkan inshoot poydevori va devorlari quruq, mustahkam saqlangan, uzoq asrlar davomida zavol nimaligini bilmagan. Qolaversa, tut o‘zining boldek shirin, serhosil mevasi, tanga rohat bag‘ishlaydigan salqini, uzoq yashashi bilan ham boshqa daraxtlardan ajralib turadi.
Qiziqib ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan yana bir masala — shuncha baland qilib qurilgan binolarning asrlar to‘foniga — yomg‘ir va qor, sha- mol va dovullar «hujumi»ga, zilzila hamda qanchadan qancha jangi jadallar shiddatiga hamon dosh berib kelayotganining siri nimada ekanidir. Bu binolarning asosiga nima, qancha chuqurlikda yotqizilganki, ular zamin-u zamonda bu qadar barqaror turibdi? Bugungidek mustahkam temir qurilmalar, sement va beton qorishmalari mutlaqo ishlatilmagan bo‘lsa-da, ularning qalin devorlarini, gumbazlarini, ustunsiz peshtoqlarini nima ushlab turibdi? Tashqi va ichki bezaklariga ishlatilgan ranglar ko‘rgan odamning ko‘zini hamon yashnatib yuborishining siri nimada? Bu va boshqa o‘nlab savollarni siz bermasangiz, kim beradi, bu qiziqarli savollarning o‘zidan ham qiziqarliroq javoblarini siz bilib olmasangiz, kim bilib oladi?
Bino peshtoqi yoxud boshqa joylaridagi yozuvlar to‘g‘risida gapirdik. Eslatganimizdek, bu yozuvlarning nima ma’no berishi, qanday tilda yoki xatda yozilgani, o‘yib yozilganmi yoki bo‘rtma shakldami — bular- ning hammasi ham muhim ahamiyatga ega. Deylik, masjid bilan madra- sada uchraydigan yozuvlar, maqbara yoxud minoraga naqshlangan bitiklar bir-biridan har jihatdan farq qiladi. Eng muhimi — bu yozuvlar mazkur inshoot, qadamjo, ziyoratgoh to‘g‘risida juda muhim ma’lumotni o‘zida saqlashi bilan qimmatlidir...
Guvohi bo‘lganingizdek, «Tarixiy yodgorliklar» mavzusida o‘tkazilajak amaliy mashg‘ulot ham oddiy sayohat bo‘lmasdan, har birimizdan jiddiy tayyorgarlikni, ko‘plab savollarni o‘ylab ko‘rishimizni talab qiladi.
AMALIY MASHG‘ULOT UCHUN ADABIYOTLAR:
Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. Toshkent. «Ma’naviyat», 2013-y.
Islom Karimov. Yoshlarimiz — xalqimizning ishonchi va tayanchi. Toshkent. «Ma’naviyat», 2006-y.
Islom Karimov. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. Toshkent. «O‘zbekiston» NMIU, 2011-y.
Barkamol avlod — kelajagimiz tayanchi. «Ma’naviyat», Toshkent. 2010-y.
O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati. Xalqaro konferensiya materiallari. Toshkent, «O‘zbekiston» nashriyoti, 2014-yil, 4—36-betlar.
NAZORAT ISHI
T o p sh i r i q: «Ma’naviyatning jamiyat rivojidagi ahamiyati» mavzusida referat tayyorlang.
Unda quyidagi masalalarni yoritishga harakat qiling:
Yurtboshimiz Islom Karimov tomonidan «ma’naviyat» tushunchasiga berilgan ta’rif;
xalqimizning boy ma’naviy merosini o‘zlashtirish zarurati;
ma’naviyatga e’tibor — kelajakka e’tibor ekani;
inson ma’naviyati nimalar evaziga boyishi mumkin ekani;
erkin, demokratik jamiyatni faqat ma’naviyati yuksak kishilar barpo eta olishi;
xalqimizni dunyoga tanitishda milliy ma’naviy boyliklarimiz — adabi- yotimiz, san’atimiz, madaniyatimizdan keng foydalanishning ahamiyati va boshqa masalalar.
Aziz o‘quvchi, avvalgi darslarimizdan bilib oldingizki, «globallashuv» so‘zi «Yer yuzini qamrab olish», «butun Yer yuziga tegishli» degan ma’nolarni anglatadi. Globallashuv so‘zi orqali, shuningdek, bugungi dunyoda fan-texnika sohasidagi kashfiyotlarning keskin ko‘payishi, axborot va ma’lumotlarni zudlik bilan tarqatish imkoniyatining ortishi, mamlakatlararo va odamlar o‘rtasidagi barcha aloqalarning tezlashuvi singari hodisalar ham ifoda etilmoqda.