Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasiga ta’siri.
Ko'rib o'tganimiz - tabiat estetikasi bizni hozir avvalgiga qaraganda olisdan o'rab turgan biologik muhitning hayotimizni go'zallashtirishdagi, umuman, estetiklashtirishdagi ahamiyatini tadqiq etsa, uni insonni "tabiiylashtirish" vositasi sifatida olib qarasa, texnika estetikasi, aksincha, bugungi kunda bizga eng yaqin bo’lgan noosferani - texnikaviy muhitni muntazam "insoniylashtirib" borish muammolarini o'rganadi.
Inson doimiy ravishda ravnaq topib boradigan mavjudot, uzoq davom etgan insoniy taraqqiyotning maxsuli, ya’ni tosh asridagi va hozirgi odam, garchand ikkalasi ham odam deb atasakda, bir-biridan farq qiladi. Zamonaviy odam aqlan, Axloqan nisbatan yuksak darajaga kutarilgan, jismonan esa - guzallashgan. Texnikani ana shu go'zallashgan inson yaratgan.
Shu o'rinda imom G'azzoliynnng inson va uning ijodiga nisbatan aytgan: "Yaratilgan yaratganiga o'xshaydi", degan so’zlarini yana bir bor eslaylik. Alloh, insonni yaratib, uni o'ziga o'xshashini istasa, inson ham o'z ijodi mahsulining o'ziga o'xshash bo’lishini xohlaydi. Texnika inson ijodining maxsuli sifatida inson qanchalik nozik, qanchalik aqlli, qanchalik go'zal bo’lsa, shunga qarab o'zgarib boradi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, so'nggi ikki asr mobaynida, ayniqsa, XX asrda inson tafakkuri, uning jisman va axloqan taraqqiyotidan ilgarilab ketdi. Chunki tafakkur, vujud va axloqdan farqli o'laroq, narsalarga aylanish xususiyatiga ega. Narsaga aylangan tafakkur tinimsiz ravishda yangi, o'zidan yuksakroq narsaga aylanadigan tafakkurni taqozo etadi, u esa o'z navbatida yana yangi narsani yaratadi va shu tarzda tafakkur olg'a qarab boraveradi. Bu, biz, odatda, hisobga olmaydigan qonuniyat. Chunki tafakkurning nima ekani, u qanday qilib moddiy jarayonlarni o'zgartirishi hozircha noma’lum, vaholanki u biologik xodisa emas. "Tafakkur energiya shakli emas, - deydi akademik V.I.Vernadskiy. - qanday qilib u moddiy jarayonlarni o'zgartira oladi? Bu savolga ilm hozircha javob topgan emas" . Nima bo’lganda ham, tafakkurning ravnaqiga qarab taraqqiyqilib borishi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Ana shu ravnakning sur’ati biz yaratgan texnika vositalarini tezkorlik bilan o'zgarib, qulaylashib, go'zallashib borishini ta’minlab kelmoqda. Bunda badiiy-texnik yoki estetik faoliyat hisoblanmish dizaynning roli katta.
Dizayn (inglizchada loyiha, chizma degani) XX asrning boshlarida "xunuk buyum yaxshi sotilmaydi" degan iqtisodiy talab asosida Garbdagi sanoat ishlab chikarishiga kirib keldi. Gap shundaki, inson bilan texnikaning eskicha shaklidagi o'zaro aloqasi endilikda yaxshi samara bermay qo'ygan edi. Unda inson texnologik rejimga moslashgan xolda, tezlik, aniklik, mustahkamlik kabi texnologik mezonlar asosida ishlaydigan ishchi sifatida baholanardi. Bu na fakat insonparvarlik, balki texnikaviy ravnaq nuktai nazaridan ham nomaqbo’l edi. Shu bois texnikani insoniylashtirish zaruriyati tug'ildi. Endi ishchi yo xizmatchining shaxsiy qizikishi, ijodiylik kasb etgani xolda, faqat mehnat natijasi bilan cheklanmasdan, mehnat jarayoni va uning mazmuniga ko'chib o'tishi lozim bo’lib qoldi. Bu - mehnatning estetik tabiat kasb etishi va insoniylashuvi demakdir. Shunday qilib, texnikani va ishlab chikarish muhitini insoniylashtirish mehnatni faqat zaruriyat deb emas, balki ehtiyoj darajasida tushunishga olib keladi; texnik insoniylashtirish muhitni insonga moslashtirishi barobarida, uni estetik tarzda tashkil etishni ham o'z ichiga oladi.
Dizaynning zaruriyatga aylanishi na faqat zamonaviy ilmiy- texnikaviy ravnaqqa, balki ommaviy ishlab chiqarish va ommaviy madaniyat darajasining yuksakligiga ham bog'liq. Bunday sharoitda xaridor o'zining erkin tanlov imkoniyati bilan ishlab chiqarish taklif qilgan maxsulotni rad etishi va o'z extiyojiga javob beradigan tovarni yuqori baholashi mumkin. Ya’ni, xaridor o'z didiga moyil narsani tanlaydi. Xarid jarayoni "boriga baraka " tarzidagi tavakkalchilik holatiga emas, balki tovarga faol munosabat shakliga aylanadi. Ana shunday munosabatga loyiq bo’lishi uchun tovarning shakli muhim ahamiyatga molik. Tabiiyki, birinchi navbatda go'zal va ulug'vor ko'rinishga ega narsalargina jamiyatning e’tiborini qozonadi. Shunda tovarning umummezonga javob beradigan estetik qadriyat sifatida qabul qilinishi ro'y beradi va u ishlab chiqarishning xaridorga, xaridorning esa ishlab chiqarishga estetik ta’sirini ta’minlaydi.
Shuni unutmaslik lozimki, har kanday konstruksiyachi-injener dizayner bo’la olmaydi. Injener-konstruktor, deylik, mashinani loyihalashtirar ekan, dastlab uning motoridan tortib, ko'zovigacha bo’lgan qismlari loyhasini chizadi va shundan keyingina ularni bir-biri bilan bo'glab yahlit mashina shakliga keltiradi. Natijada har bir kiyim alohida "o'z hayotiga" ega bo’ladi. Ya’ni, mashina zamonaviylashtirilganida (modernizatsiya qilinganida) muayyan detallarni so'ngi loyiha asosida, alohida-alohida almashtirish jarayoni ro'y beradi. Dizaynchi-injener esa mashinani go'zallik va ulug'vorlik qonuniyatlariga asoslanib, birdaniga muayyan yaxlitlik tarzida tasavvur qiladi. Bu yaxlitlik konstruksiyaga bo'ysunsa-da, o'zini badiiy ijod sifatida namoyon etadi. Shunday qilib, konstruktor-injener mazmunni, dizaynchi-injener shaklni yaratadi, ya’ni birinchi mutaxassis - texnik, ikkinchisi - estetik. Ikkala faoliyatning uyg'unligi tufayli zamonaviy xaridor talabiga javob beradigan mashina vujudga keladi va unda, istaymizmi-istamaymizmi, estetik ko'rinish yaxlitlik sifatida ustuvorlikka, xaridorgirlik ahamiyatiga ega bo’ladi. Zotan, eslaylik, Shiller aytganidek, shakl insonga butunicha, mazmun - uning muayyan qismigagina ta’sir ko’rsatadi. Xaridor esa, eng avvalo inson.
Biroq, bu - dizaynda hamma narsa shakl bilan bog'liq ekan, degani emas. Unda ham san’atdagidek shakl va mazmun uyg'unligi asosiy omil hisoblanadi. Bunday uyg'unlikka birdan erishish qiyin, u bir necha texnikaviy bosqichlarning hosilasi sifatida vujudga keladi. Masalan, "Zinger" rusumli tikuv stanogining XX asr davomida rivojlanib, dastlabki qo’pol ko'rinishidan "xohlasang ham, xohlamasang ham ishlaging keladigan" darajada go'zallashib, noziklashib, insonni o'zida ishlashga chaqirib turadigan mashinaga aylandi. Yoki o'zimizdagi "Daewoo" korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chikarilayotgan "Matiz" avtomobiliga e’tibor qiling. U dizayn nuktai nazaridan o'zidan avvalgi kichik mashinalardan, xususan, "Tiko"dan keskin farqlanadi. Uning yo'lda yengil borishi kishida xuddi suzib ketayotgandek tassurot uyg'otadi, asosiy chiroqlari (faralari) ana shu taassurotingizga moyil ulkan baliqning ko'zlariga o'xshaydi, oldindagi pastki ikki chiroq esa sizga bodomqovoq - Sharq go'zallariga yarashib turadigan kiyik kuzlarni eslatadi. Bunda avtomobilning tashqi ko'rinishi bilan mohiyati nihoyatda muvaffaqqiyatli moslashtirilgan: "Matiz" - baliqdek silliq olg'a intiladigan, "epchil", go'zal, Sharkda ishlangan, sharqona mashina.Qisqasi, bugungi kunda biz dizayn tufayli atrofimizdagi texnikaviy olamni odamiylashtirib, o'zimizga, estetik didimizga moslashtirib borishga erishdik va erishmoqdamiz; hozir ruchkamizdan tortib, kompyuterimizgacha, mashinamizdan tortib, kuylagimizgacha - hammasi bizni har jihatdan ko'niktirishga qaratilgan.
Dizaynning tub ildizi, mohiyat nuqtai nazaridan, ko'rgazmali amaliy san’atga (xalq amaliy san’atiga) borib taqaladi: u ham, bu ham foydalilik, manfaatlilik xususiyatiga ega, ya’ni ular maqsadga muvofiklikka emas, maqsadga xizmat qiladi. Lekin xalq amaliy san’atiga asos bo’lgan hunar, aytib o'tganimizdek, san’atga aylanishi mumkin, dizayn esa - dizaynligicha qoladi. Sababi shuki, hunarmand-usta xar bir ashyoga, deylik, uzukga, qumg’onga, xontaxtaga yoki naqshin qutichaga o’z dunyosini, xaridorga moyil ruhda singdiradi, ya’ni hunarmand-usta yasagan o’nta mis laganda ustaning o’n xil ruhda xolatini, kechinmalarini ilg’ash mumkin. Dizaynda esa o’n minglab yoki yuz minglab ashyolarga zamonaviy texnika vositasida dizaynchi-injenerning bir galgi ruhda dunyosi singdiriladi. Keyinroq ular modernizatsiya qilinishi mumkin, lekin unda ham yana bir xillik avvalgisidan boshqacharoq namoyon bo’ladi, usta esa doimo yangi narsa yasaydi va mana shu yangilik rang- baranglik, individuallik hunar mahsuliki san’at darajasiga olib chikishga xizmat qiladi. Bundan tashqari hunarmand har bir tovarni butunisicha badiiy-ashyoviy yaxlitlik sifatida olib qaraydi va ishlab chiqaradi. Ya’ni, unda mazmun ham shakl ham bir ruhda dunyo va "bir kulning" mehnati. Dizaynda esa ashyolar "turli kul" ishlagan qismlarni bir mutaxassisning - dizaynerning yaxlitlashtirishi natijasida o’zini butunicha namoyon qiladi. Shu sababli hunarmandning mahsuloti - san’at, dizaynerning ishi nosan’at estetik faoliyat hisoblanadi. Shunga qaramay, dizayn va dizaynerning ijodiy mehnati yer yuzida tobora ko’payib borayotgan inson zotining zamonaviy iqtisodiy-maishiy hamda estetik ehtiyojini, ma’naviy talablarini qondirishi bilan muhim hamda e’tiborga loyik. Texnika estetikasi esa dizayn nazariyasi sifatida estetikaning o’ziga xos turi, o’siz bugungi estetika fanini to’liq tasavvur qilib bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |