Nazorat savollari.
1. Sporalarni bo’yash usulining mohiyati nimadan iborat?
2. Kapsulalarni bo’yash usulining mohiyati nimadan iborat?
3. Oddiy bo’yashda sporalar va kapsulalar nimaga bo’yalmaydi?
4. Mikroblarning spora va kapsulasini aniqlashning qanday usullari bor?
6-mavzu: Zamburug’larni morfologiyasi va bakteriyalarni harakatini o’rganish
Mashg’ulotning maqsadi: Mog’or zamburug’larini va achitqilarning morfologik xususiyatlarini o’zlashtirish. Bakteriyalarning harakatini o’rganish.
Material va jihozlar: Petri kosachasidagi zich oziq muhitlarda o’stirilgan mukor, aspergillus avlodlariga kiruvchi zamburug’lar kulturasi. Suyuq oziq muhitda o’stirilgan achitqi kulturasi. Buyum va yopqich oynachalar, bakteriologik ilmoq, probirkada spirt, glitserin, suvning teng miqdordagi aralashmasi, fiziologik eritma, mikroskop, ichak tayoqchasi, pichan tayoqchasi kulturasi, mavzuga oid plakatlar.
Uslubiy ko’rsatmalar.
O’qituvchi darsni tushuntirib, talabalarga vazifa beradi:
1. Mukor, penitsillium, aspergillus avlodlariga kiruvchi zamburug’lar va achitqilarning kulturasidan preparatlar tayyorlab mikroskopda tekshirish. Natijasini daftarga chizib, zamburug’larning strukturaviy elementlarini aniqlash.
2. Harakatchan mikroorganizmlar (ichak, pichan tayoqchalari)dan «ezilgan» va «osilgan» tomchi usullarida preparatlar tayyorlash. Ularni mikroskopda ko’rib, bakteriyalarni harakatlanishini kuzatish, o’rganib, daftarga yozib olish.
Zamburug’lar (fungi) - xlorofilsiz eukariot (o’zagi membranaga o’ralgan) mikroorganizmlar. Zamburug’ hujayrasining qobig’i, protoplazmasi, o’zagi va kiritmalari bor. Qobig’i xitin, oqsil, glyukan, yog’lardan iborat. Tashqi ko’rinishi, oziqani o’zlashtirishi bo’yicha o’simlikka o’xshaydi. Lekin farqi – zamburug’larning xlorofili yo’q, zaxiradagi moddasi glikogen (kraxmal emas), hujayra devorida xitini bor, almashinuv mahsuloti mochevina. Zamburug’ hujayrasi ingichka ipchalardan iborat bo’lib bularga – giflar deyiladi. Giflar o’sib, shoxlanadi va o’ralib zumburug’ tanasini — mitseliysini hosil qiladi. Zamburug’ mitseliysi oziq muhitda substratli (koloniya oziq muhitga mustahkam kiradi) va havoli (oziq muhit ustida) bo’ladi. Mitseliysining tuzilishi bo’yicha barcha zambug’lar tuban va yuqori zamburug’larga bo’linib to’rt sinfga kiritilgan.
Fikomitsetlar (Phycomycetes) - tuban zamburug’larga kirib, ularning mitseliysi bo’g’inlarga bo’linmagan, ko’p o’zakli bitta kuchli shoxlangan hujayradan iborat. Askomitsetlar (Ascomycetes), bazidomitsetlar (basidiomycetes) va takomillashmagan zamburug’lar (Fungi imperfecti, Deuteromycetes) yuqori zamburug’larga kiradi (mikomitsetlar). Ularning mitseliysi giflari bo’g’inlarga bo’lingan bir yoki ko’p o’zakli hujayralardan iborat.
Zamburug’lar vegetativ, reproduktiv (jinsiy va jinssiz) usullarda ko’payadi. Vegetativ usulda maxsus ko’payish organlarisiz - mitseliy qismchalari, mitseliy parchalanganda hosil bo’lgan sporalar (xlamidaspora, oidiylar, artrosporalar, blastosporalar va h.k.), bilan amalga oshadi. Reproduktiv usulda zamburug’lar maxsus organlar yordamida ko’payadi. Jinssiz ko’payish maxsus endogen (sporan-giyasporalar, zoosporalar) yoki ekzogen (konidiyalar) hujayralar yordamida kechadi. Jinsiy ko’payishda ikki hujayraning yadrosi qo’shilib, keyin bo’linadi va maxsus giflar hosil bo’ladi. Giflarda esa spora hosil qiluvchi organlar paydo bo’ladi.
Jinsiy ko’payish xususiyatiga ega zamburuglar - (takomillashgan, jinsiy sikli yo’qlari - takomillashmagan (Deuteromycetes) deb ataladi. Takomiliashgan zamburug’larning rivojlanish davrida jinssiz va jinsiy spora hosil qilish bosqichlari bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |