519
Turizm xavfsizligi chora-tadbirlarini ishlab chiqish sohasidagi xalqaro
tajriba Jahon turistik tashkiloti (JTT) tomonidan tadqiq qilinadi va umumlashtirib
boriladi. Turizm Hartiyasida va Turist kodeksida (JTT Bosh assambleyasining VI
sessiyasi, 1985 yil), Turizm bo‘yicha Gaaga parlament konferensiyasida (1989 yil)
sayohatlarning xavfsizligini ta’minlash shartligi qayd etib o‘tilgan. 1994 yili JTT
Ijroiya Kengashi qoshida sayohatlarning xavfsizligi uchun javob beruvchi Turistik
xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi. Shu yili JTT
«Sayohatchilar, turistlar va turistik ob’ektlar xavfsizligi hamda ularni himoya
qilish» mavzusida jahonning 73 mamlakatida tadqiqot o‘tkazdi. 1995 yili yozda
JTT tashabbusi bilan Esterund (Shvesiya)da turizm xavfsizligi hamda sayohatlar
chog‘ida xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha I xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki, jahon mamlakatlarining 71% da
turistlar tashrif buyuradigan ob’ektlar maxsus turistik politsiya yoki xavfsizlik
xizmati tomonidan qo‘riqlanadi. Mamlakatlarning yarmidan ko‘pida bunday xizmat
davlat politsiyasi yoki munitsipal politsiyaning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST),
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha
tashkiloti (YUNESKO), Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO), Fuqaro aviatsiyasi
xalqaro tashkiloti (ISKAO), Atrof muhit bo‘yicha BMT dasturi (YUNEP), Jinoyat
politsiyasi xalqaro tashkiloti (Interpol), BMT Bolalar fondi (YUNISEF), Iqtisodiy
hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OESR), Jahon savdo tashkiloti singari xalqaro
va nohukumat tashkilotlari turizm masalalari bilan bevosita yoki bilvosita
shug‘ullanadi. Ko‘pgina iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlar, jumladan, Jahon banki,
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar ham turizm muammolari bilan
shug‘ullanadi.
Turizmni rivojlantirishning davlat normativ-huquqiy hujjatlari bilan bevosita
yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan ayrim funksional jihatlari 5-jadvalda keltirilgan.
Darvoqe, turistlarning xavfsizligini ta’minlash va ularni himoya qilish sohasida o‘z
siyosatini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun JTT davlatlarga o‘z siyosiy va
ma’muriy tizimlari doirasida, bir tomondan, barcha miqyoslardagi vakolatli
departamentlar bilan hamda, ikkinchi tomondan, mehmonxona egalarining
tashkilotlari, turistik agentliklar, aviakompaniyalar va turizmda xavfsizlik bilan
bog‘liq masalalarni hal qilishdan manfaatdor bo‘lgan barcha tashkilotlar va organlar
bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishni tavsiya etadi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, yuqorida zikr etilgan tashkilotlar va
organlar o‘rtasida yaxshi aloqa yo‘lga qo‘yilgan bo‘lmasa, turistlar sayohat paytida
ma’lum muammolarga, shu jumladan jinoiy unsurlar tomonidan turistlar hayoti
yoki mol-mulkiga tajovuz qilish, ayrim tashkilotlar (umumiy ovqatlanish
tarmoqlari, joylashtirish vositalari va h.k.) tomonidan malakasiz xizmatlar
ko‘rsatilishi bilan bog‘liq muammolarga to‘qnash keladilar. O‘zR «Turizm
to‘g‘risida»gi qonunining 18-moddasiga muvofiq, «turistik faoliyat sub’ektlari
turistlarning xavfsizligini ta’minlash, ular jarohatlanganda, kasallanganda va
boshqa hollarda tibbiy va o‘zga xil yordam ko‘rsatish yuzasidan aniq chora-
tadbirlar ishlab chiqadilar». Xullas, turistik firmalar marshrutlarning xavfsizligini
qonun tartibida tekshirishlari shart.
Do'stlaringiz bilan baham: