Kishiga dangasalik sha’n-sarofatmi verar? Yalqov inson kishiga xayr-u saxovatmi verar?
«Bo’lmaganlarga bo’lishma» – dedilar bobolariz, Bo’lsa g’ayratsiz agar, millata xizmatmi verar?
ANONIYYAT
Anoniyyat deb xudbin, mutakkabir, manmanlikni aytilur. Manmahlik johilona kibr-u g’ururdan paydo bo’ladurgan eng yomon xulqlarning biridurki, kishini har yerda ma’yus va mahjub qilur. Kerak inson o’zini olamga tanutmasun, kerak bo’lsa olam o’zini tanub olsun. Bu sifat esa yomon xulqlardan hazar qilgan kishilargagina muyassar bo’ladur. Kekkayub o’sub ketgan daraxt yaxshi meva qilmagani kabi kibr va manmanlikdan fazilat hosil bo’lmas. Axloqi yaxshi insonlar o’zlaridagi fazl-u kamolot asarini xaloyiqg’a xush xulqlik va tavozu’ ila ko’rsaturlar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ibodatning afzali tavozu’dur», – deb, bizlarga kibr-u manmanlikni qanday zillat va xorlik o’ldig’ini bayon qilmishlar. Alhosil, kibr va manmanlik balosiga giriftor bo’lg’an kishilar qayu yerda bo’lsa bo’lsun, duchori ajz-u haqorat bo’lurlar.
Azozil kibr qildi, bo’ldi shayton, Takabburlik qilurmi oqil inson? Tavozu’ pesha qil, aslingni qil yod, Vujuding xok erur, e y, odami zod!
ADOVAT
Adovat deb birovga xusumat va dushmanlik qilmakni aytilur. Adovat vijdonni behuzur qiladurgon eng yomon xulqlardan o’ldig’ini inson yaxshi bilsa edi, hech vaqt aziz jonini alamlik azobga giriftor qilmas edi.
Suqrot hakim: «Man dushmanim bo’lg’on bir odamga adovat qilmayman. Zeroki, maning adovatim dushmanimning xusumatini ziyoda qiladur. Man adovatga qarshi do’stlik ila muqobala qilub,
xusumatni muvaddatga aylandurub, dushman kishilarni o’zumga el qilaman», – demish.
Aflotun hakim: «Dildagi adovat temirdagi zangg’a o’xshar. Zang temirni yegani kabi adovat qalbni azobga soladur», – demish. Hazrati Muhiddin: «Xusumat va adovatdan qutulmoq, birovga jabr va zulm bo’ladurgan ishdan ehtiyot bo’lmak, dushman paydo qiladurgan harakotdan ihtiroz qilmak ila bo’ladur. Man hech kimg’a adovat qilmoqg’a luzum ko’rmadim. Chunki hozirgacha man hech dushmanga uchramadim», – demish.
Alhosil, yomon xulqlarning yomoni bo’lgan adovat shunday bir yomon sifatdurki, barcha buzuq ishlarni tug’ub, katta bo’lub chiqadurgan yeri adovatdur. Adovat esa nafsoniyatdan paydo bo’lur . Nafsoniyat esa farishtalarning ustodi o’lan Azozilga «Shaytonur-rajim» ismini bergan shoyoni ihtiroz bir sifati zamimadur. Adovat ila nafsoniyat ikkisi tarbiyasiz dilga hosil bo’ladurgan bir illati jismoniyadurki, buning birinchi iloji vijdon va insof uzra hakimona tadbir va harakotimizga bog’lidur. Hamaga ochuq va oydindurki, adovat daraxti xusumat mevasini chiqarur. Agar adovatni kesub tashlab o’rniga muxolasat novdasi ulansa va bu soyada muhabbat va ulfat mevasi nishona qilur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Alloh taoloni suymagan odam xusumat va da’vosinda qattig’lik qilgan odamdur» , – demishlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |