DIYONAT
Diyonat alloh huzurina yaqin qiladurgan muqaddas e’tiqoddurki, olamda mundan suyukli narsa yo’qdur Din va e’tiqodi salomat bo’lmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, munday kishilardan na o’ziga va na boshqa kishilarga, va na millatga tariqcha foyda yo’qdur. Din janobi Haq tarafidan bandalari uchun qurilmish to’g’ri yo’ldurki, banda dunyo va oxiratda bu yo’l ila sohili salomatga chiqar. Din ulamolari diniy kitoblarda Alloh taologa ibodat qilishning yo’l va qoidalarini bayon qilmishlar. Ibodat ikki turli bo’ladur: Biri tan ibodati, ikkinchisi ruh ibodati. Tan ibodati tahorat, namoz, ro’za, zakot, haj kabi amallardurki, bularning har birini o’z vaqtida shariatga muvofiq ravishda minnat qilmasdan, riyo qilmasdan dilni poklab, niyatni xolis qilub, shavq va zavq ila ado qilmoq lozimdur. Ruh ibodati qalb ila ado qilinadurgan ibodatdurki, e’tiqodni mahkam, dilni pok qilub, Qur’on, Hadis, fiqh kabi diniy kitoblar oqilganda jon qulog’i ila tinglab asarlanmakdur. Bir kishi tan ibodatini qilub, ruh ibodatini qilmasa, yo ruh ibodatini qilib, tan ibodatini qilmasa o’z vazifasini ado qilmagan bo’ladur. Aql din ila, din amal ila, amal taqvo ila kamol topar. Din insonlarning dilidan saxovat, marhamat, shafqat, ulfat, muruvvat eshiklarini ochub, saodat va salomat bo’stoniga olib borur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Allohni ko’z oldingda ko’rub turgandek ibodat qil, zeroki, san oni ko’rmasang ham, albatta, Ul sani ko’radur, nafsingni o’lgan hisob et», – demishlar.
BAYT
Pok qilgil diningni, imoningni, Qul huvar-rahmon omanno bih. Diningni yoqmasun havas zinhor, Va qino rabbano azoban-nor.
ISLOMIYAT
Islomiyat butun insoniyatdur. Insoniyat esa yaxshi xulqdan iboratdur . Islomiyatni rasuli akram sallollohu alayhi vasallam afandimizning yolg’uz o’zlari butun dunyo yuziga yaxshi xulqlari soyasida tarqatdilar. Sahobalar ham Payg’ambarimizning orqalaridan ergashub, mahkam e’tiqodlari, yaxshi axloqlari, pok qalblari, o’tkir shijoatlari ila yer yuzuni titratdilar. Kundan kun islomiyatning shavkat va quvvati ortdi. Olamga madaniyat, ma’rifat, musovot, adolat urug’lari Arabiston yarim orolidan yoyildi. Buning sababi sahobalardagi metin e’tiqod, buzulmas ittifoq, sof qalb, yaxshi amal, xolis niyat, tuganmas g’ayrat, go’zal axloq edi. Har narsaning ofati o’ldig’i kabi zamonlarning o’tuvi ila islomiyatning ittifoqina ko’z tegdi. Musulmonlar orasiga tafriqa tushdi. Hikmat egalari, funun sohiblari islomiyatdan quvlandi. Ilm-u hikmat xazinalari qulflandi. Jaholat, adovat hukm surdi-da, bo’yla o’ldi:
Afsus ekinzorni selob olibdur,
Dehqonni falokat bosub, uyquda qolibdur.
Musulmonlarning diliga ittifoq o’rniga nifoq, adolat o’rniga zulm, muhabbat o’rniga adovat, g’ayrat o’rniga atolat, muruvvat o’rniga g’azab, saxovat orniga buxl, tavozu’ o’rniga kibr, sadoqat o’rniga iftiro, shafqat o’rniga hasad, hilm o’rniga hamoqat, hurmat o’rniga xusumat, qanoat orniga tama, sabr o’rniga g’urur, iqtisod o’rniga isrof, afv o’rniga dahshat, sa’y o’rniga safohat, g’ayrat o’rniga xurofot yerlashdi. Mana, shul yomon xulqlari sababidin asri saodatdan buyon islomiyat keyin qarab ketdi. G’arib millatning chin xulafosi, ulamosi, hukamosi taxtindan, mansabindan mazhabindan suruldi. Odillar yerina zolimlar, olimlar yerina abu jahllar, bulbullar yerina qarg’alar, qumrilar yerina boyqushlar, bilmam va hokimlar yerina kimlar o’turdi. Shul sabablara mabni islomiyat dunyosi inqiroz sahrosina yuzlandi. Islom hukumatlarida birin-ketin ko’zdin nihon o’ldi.
Yetsa navbat o’lturar boyqush Sulaymon tomiga, O’rmaguchlar in qo’yar Afrosiyob ayvoniga.
Do'stlaringiz bilan baham: |