1-rasm. Transformatorning elektr tarmog'iga ulanishi: 1 - birlamchi
cho’lg’am, 2 - magnit o’tkazgich (po’lat o’zak), 3 - ikkilamchi cho’lg’am, 4 -
iste'molchi.
Elektr energayasi turli xil elektr stantsiyalarda ishlab chiqariladi. Odatda, elektr
stantsiyalar tabiiy energetika resurslari mavjud bo’lgan rayonlarda quriladi. Bunday
rayonlar esa ko’pincha sanoat markazlaridan ancha uzoqda bo’ladi. Elektr stantsiyalarda
ishlab chiqarilgan elektr energiyasi elektr uzatish liniyalari orqali sanoat markazlariga,
ya'ni iste'molchilarga uzatiladi. So’nggi vaqtlarda elektr energiyasi uzatilishi lozim
bo’lgan masofa va uzatiladigan quvvatlar tobora ortib bormoqda.
Elektr energiyasi ma'lum masofaga uzatilganda liniya simlarida sodir bo’ladigan
quvvat isrofi mumkin qadar kam bo’lishi lozim. Shundagina elektr uzatish liniyasining
foydali ish koeffitsienti katta bo’ladi, ya'ni iste'molchilarga ko’proq energiya etib
boradi. Energiya uzatuvchi liniya simlarida quvvat isrofi, asosan, ulardan o’tuvchi tok
kuchining kvadratiga hamda liniya simlarining aktiv qarshiligiga bog'liqdir. Tok kuchi
qancha katta bo’lsa, quvvat isrofi shuncha katta bo’ladi. Liniyalarda tok kuchi katta
bo’lsa, bu simlarning ko’ndalang kesim yuzalarini katta qilib olishga to’g'ri keladi.
Quvvat isrofini kamaytirish uchun simlarning aktiv qarshiligini kamaytirish lozim.
Ma'lum uzunlikdagi simning aktiv qarshiligini, asosan, uning ko’ndalang kesim yuzini
kattalashtirish yo’li bilan kamaytirish mumkin.
Liniyalarda ko’ndalang kesim yuzi katta bo’lgan simlarning ishlatilishi elektr
uzatuvchi liniyalar uchun sarflanadigan rangli metallar (mis, alyuminiy va boshqalar)
sarfini ko’paytiradi hamda simlarning og'irligini oshirib yuboradi. Og'ir simlarni
ko’tarib turish uchun baquvvat tayanchlar o’rnatish lozim bo’ladi. O’z navbatida
bunday tayanchlar uchun ko’p metall va yog'och materiallar sarflash talab qilinadi.
Bunday sharoitda elektr energiyasini ma'lum masofaga uzatish ancha qimmatga tushadi
va ba'zan maqsadga muvofiq bo’lmay qoladi.
Bu masalani boshqacha hal qilish mumkin. Ma'lumki, elektr tokining quvvati,
asosan, kuchlanish va tok kuchi qiymatlarining ko’paytmasi P = UI bilan aniqlanadi.
Bu formulaga muvofiq, ma'lum quvvatda kuchlanish katta bo’lsa, tok kuchi kichkina
bo’ladi va aksincha. Ma'lum quvvatni uzoq masofaga uzatishda kuchlanish qiymati
necha marta oshirilsa, simlardan o’tadigan tok kuchining qiymati shuncha marta
kamayadi. Energiya uzatishda liniya simlarida tok kuchi kichik bo’lsa, kuchlanish
pasayishi ham, quvvat isrofi ham kam bo’ladi. Bundan tashqari, tok kuchi kichkina
bo’lgani elektr uzatish liniyalarida ko’ndalang kesim yuzi kichikroq bo’lgan simlar
ishlatishga imkon yaratiladi. Natijada liniya qurish uchun sarflanadigan rangli metallar
hamda tayanchlar qurish uchun ishlatiladigan metall va yog'och materiallar sarfi
kamayadi. Elektr energiyasini uzoq masofaga uzatish tannarxi arzonlashadi. Demak,
elektr energiyasini uzoq masofaga kuchlanish qiymatini oshirib uzatish foydali ekan.
O’zgaruvchan tok kuchlanishi qiymatini transformatorlar yordamida istalgancha
oshirish ham, pasaytirish ham mumkin. Energetika sistemalarida va yuqori hamda past
kuchlanishli elektr tarmoqlarida kuchlanish qiymatini oshirib beruvchi yoki kamaytirib
beruvchi transformatorlar keng ishlatiladi.
EUL-elektr uzatish liniyasi, KL-kabel' liniyasi MP-st-markaziy podstantsiya
Hozirgi vaqtda elektr stantsiyalarda ishlab turgan yoki yangi o’rnatilayotgan
generatorlarning nominal kuchlanishi 6...24 kV dan oshmaydi. Energiyani uzoq
masofaga, chunonchi 10...24 kV kuchlanishda uzatish (yuqoridagi mulohazalar asosida)
maqsadga muvofiq bo’lmaydi. Shuning uchun katta quvvatlarni uzoq masofaga
uzatishda o’ta yuqori kuchlanishlardan (masalan, 110 kV, 220 kV, 500 kV, 750 kV va
hokazo) foydalaniladi. Bunday liniyalarda quvvat isrofi ancha kamayadi, energiya
uzatish liniyasining FIK katta bo’ladi. SHuning uchun ham har bir elektr stantsiya
qoshidagi podstantsiyada kuchlanishni bir necha o’n marta oshirib beradigan KL
transformatorlari o’rnatiladi. (2-rasmdagi sxemada ko’rsatilgan) T-1, T-2, T-5, T-6
transformatorlari kuchlanishni oshirib beradigan transformatorlardir.
Uzatiladigan quvvat qancha katta va masofa qancha uzoq bo’lsa elektr uzatuvchi
liniya kuchlanishi shuncha katta bo’ladi. Umuman, ma'lum miqdordagi elektr quvvatini
uzoq masofaga uzatishda liniya kuchlanishining qiymati texnika-iqtisodiy
ko’rsatkichlarni hisoblab chiqish yo’li bilan aniqlanadi.
Masalan, O’zbekiston energetika sistemasida Farhod GESi bilan Toshkent va
Chirchiq shaharlaridagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini birlashtiruvchi liniyalar
orqali elektr energiyasi 110 kV kuchlanishda uzatilmoqda.
Shahar va qishloqlarda joylashgan sanoat va qishloq xo’jalik korxonalari orasida
ham elektr energiyasi yuqori kuchlanishda (masalan, 6 kV, 10 kV va 35 kV) havo
liniyalari yoki kabellar yordamida uzatiladi. Sanoat markazlarida uzel podstantsiyalari
quriladi. Bu podstantsiyalarda kuchlanishni pasaytiruvchi kuch transformatorlari
o’rnatiladi. Bundan tashqari, sanoat korxonalari podstantsiyalarida ham kuchlanishni
pasaytiruvchi transformatorlar o’rnatiladi. Bunday podstantsiyalarda kuchlanishni 6,10
va 35 kV dan 660 V yoki 400/230 V gacha bo’lgan pasaytiruvchi transformatorlar
o’rnatiladi. 2-rasmda ko’rsatilgan T-4, T-3, T-7 transformatorlari markaziy uzel
podstantsiyalarida; T-8, T-9, ... T-12 transformatorlari esa korxona podstantsiyalarida
o’rnatilgan kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlardir.
Shunday qilib, elektr energiyasi elektr stantsiyadan iste'molchilarga yetib
kelguncha uning kuchlanishi transfarmatorlar yordamida bir necha marta o’zgartirilar
ekan. Energetika sistemalarida va elektr tarmoqlarida o’rnatiladigan, kuchlanishni
oshirib yoki pasaytirib beradigan transformatorlar katta tokli transformatorlar deyiladi.
Katta tokli transformatorlarning quvvati 50 kVA (an 1000000 kVA gacha (standart
shkala bo’yicha) bo’lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |