www.ziyouz.com
kutubxonasi
104
Mototsiklimni kasalxona darvozasi oldida qoldirdim. Ichkarilab chopdim.
Qabulxonada odam mo‘l bo‘ldi. Birov kasalxona kiyimida bo‘ldi. Birov ko‘cha-ko‘y kiyimida
bo‘ldi.
Men dardimni tuynukdan aytdim.
Oq xalatli yigit bosh irg‘adi.
— Bilaman, olib keldi, bilaman, — dedi.
— Ichkari kiraman, — dedim.
— Yo‘q, mumkin emas.
— Men... men xo‘jayini bo‘laman.
— Qat’iy nazar, bemorga hozir tez yordam ko‘rsatilmoqda.
U dedim, bo‘lmadi, bu dedim, bo‘lmadi.
— Bo‘lmasa, momoni chaqirib bering? — dedim.
— U kim?
— Bizni enamiz.
— Ha-ha, yonida bir kampir bor edi, o‘sha-da? Bu mumkin!
Qabulxonada bari-bari menga qaradi. Birov achinib qaradi. Birov qayg‘urib qaradi. Birov bosh
chayqadi. Birov bosh irg‘adi. Qabulxonada pichir-pichir boshlandi.
— Erkagi ekan, sho‘rpeshonani erkagi ekan.
— Hay, bechora-e, bechora.
— E, tavba-e, tumanda bir oyda to‘rtta shunday ko‘rgilik bo‘ldi-a?
— To‘rtov bo‘ldimi-a?
— Esa-chi. Jobida birov, Mo‘minqulda birov, Sayrakda birov, bunisi bilan to‘rtov.
— Qanday zamon bo‘ldi-a?
— Oldinlariyam ko‘p bo‘lib edi, bildirishmadi. Endi bildirishayapti.
— Ko‘rasiz, hali shuniyam bosdi-bosdi etadilar.
— U-ku, chin. Oldingi to‘rttasiniyam bosdi-bosdi etdilar.
— Oyday-kunday ko‘rinib turgan kuyikni qaytib bosdi-bosdi etadilar?
— Eb-e, jo‘qchi desa, jo‘qchi deguliksan-da, eb-e. Kattalarni oldida oqni qora deyish nima degan
gap...
Oq xalatli yigit telefonda birov bilan gapirishdi.
— Bir chetga? Bo‘pti, bir chetga, bo‘pti, — dedi.
Yigit bilagimdan ushlab hovli yetakladi. Qo‘li bilan bir chetni — quyuq daraxtlar ostini ko‘rsatdi.
— Ana o‘sha o‘tirg‘ichga borib o‘tirib turing, kampirni hozir yuboraman, — dedi. — Shovqin-
suron qilmay, tinchgana o‘tiringlar.
— Kim shovqin qilayapti?
— Siz emas, kampir shunday ekan. Kampir kelganda shunday baqirib-chaqirdi, shunday shovqin-
suron qildi, kasalxonani boshiga ko‘tardi! Shunga, bosh vrachimiz shovqin qilmasin, chetroqda
gaplashsin, deyapti. Endi siz erkak odamsiz, kampirga aytib qo‘yasiz-da.
Men yigit aytmish xilvat borib o‘tirdim. Oyoq uzatib o‘tirdim.
14
Sag‘al o‘tdi — onamiz paypanglay-paypanglay keldi.
Onamiz rangida rang bo‘lmadi. Onamiz ko‘zlari shish-shish bo‘ldi. Onamiz burunlari oqib-oqib
yotdi.
Onamiz qabatimdan joy oldi. Doka ro‘moli bilan og‘zini ushlab... sel-sebor yig‘ladi.
— Ko‘rgiliging ko‘p bo‘lsin, sendaychikin erkakni! — dedi.
— Eb-e, men sizga nima qildim?
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |