12
Yotar vaqti ayolimiz o‘ng oyog‘i boshmaldog‘ini ushlab-ushlab voy-voyladi.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
81
Ayolimiz boshmaldog‘ini onamizga tutdi. Onamiz yoruqqa solib qaradi.
— Eb-e-y! — dedi. — Tirnoq ko‘chibdi, boshmaldog‘ingni tirnog‘i ko‘chibdi. Tirnog‘ingni olib
yursang o‘lasanmi, qirilib ketgur!
— Tirnoqqa qaraydigan vaqtmi, — dedi ayolimiz. Men ishonmayin qaradim.
Chin, tirnoq chetlar qontalash-qontalash bo‘libdi. Chin, tirnoq uchlar ko‘tarilib-ko‘tarilib turibdi.
—
Dehqonqul, bor, qaychini olib kel, — dedi onamiz.
Men qaychini olib keldim.
Onamiz ko‘chgan tirnoqni qirt-qirtillatib olib tashladi.
Ayolimiz ingrab yubordi
— U-u-uh!.. —dedi.
Onamiz qaychini ayolimizga uzatdi.
— Ma, tirnoqlaringni ol, — dedi. Ayolimiz qaychini qo‘li bilan qayirdi.
— Dardim tirnoqmi, — dedi. — O‘zi, uyqum kelib, o‘lib borayapman.
— Kel, unda o‘zim olib qo‘yayin.
Onamiz ayolimiz oyoqlarini tizzasiga oldi. Tirnoqlariga qaychi soldi.
Ayolimizni oyoqlari... turli-tuman bo‘ldi!
Bebilchagidan yuqorisi osma qovundayin to‘r-to‘r qora bo‘ldi.
Kalishdan tashqari yurgich joyi ana shunday to‘rlama-to‘rlama bo‘ldi.
Bebilchagidan pasti quyruqdayin oppoq-oppoq bo‘ldi.
Kalish ichida yurgich joyi ana shunday quyruq-quyruq bo‘ldi.
Ayolimiz tovonlari... qop-qora bo‘ldi!
Ayolimiz tovonlari... tilim-tilim yoriq bo‘ldi! Qaqroq yerday-qaqroq yerday taram-taram yoriq
bo‘ldi!
Subhi sodiqqachayin zim-ziyo uyimizni oh oldi.
— O-o-oh, oyog‘im!.. — deya uyqusiradi ayolimiz. — O-o-oh, oyoqqinam-a!.. — deya oh urdi
ayolimiz.
13
Tag‘in dalalarimni begona o‘t bosdi.
Qadamimda semizo‘t yoyilib yotdi.
Semizo‘t o‘z oti o‘zi bilan yo‘g‘on-yo‘g‘on o‘t bo‘ldi. Barmoqday tanasi to‘la suv o‘t bo‘ldi.
Semizo‘t yerda bor bo‘lmish namni so‘rib-so‘rib oldi. Semizo‘t yerda bor bo‘lmish gumusni
shimib-shimib oldi.
G‘umaylarni tag-tomiri bilan qo‘porib to‘daladim. Jarariqqa olib borib ko‘mib tashladim.
Filquloq bargli itquloq yuldim.
Ikki-uch bargli shalpangquloq yuldim.
Sho‘rao‘t tortqilay berib qo‘llarim sasib-sasib qoldi. Sho‘rao‘t tortqilay berib dimog‘larim aksirib-
aksirib qoldi.
Bir xushro‘y bargli o‘t bilan ro‘paro‘ bo‘ldim.
O‘t bir bargi noparmon bo‘ldi, o‘t bir bargi qip-qizil bo‘ldi. O‘t uchida popugi-da bo‘ldi. Popugida
g‘uj-g‘uj donalari-da bo‘ldi.
Begona o‘t ko‘zimni oldi. Begona o‘t ko‘nglimni oldi. Begona o‘t zavq-shavqimni oldi.
Yovvoyi tojixo‘roz ana shunday o‘t bo‘ldi!
Tojixo‘roz doni shamolda uchsa — besh minggachayin bolalaydi. Tojixo‘roz doni suvda oqsa —
besh yuz minggachayin bolalaydi.
Erkak qamish ichida oppoq poxoldayin po‘pagi bo‘ladi. Shu po‘pagidan ichi mo‘rt bo‘ladi. Bir
qayirib sindirsa bo‘ladi.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |