www.ziyouz.com kutubxonasi
32
Bu ko‘ringan mo’jizaga Abu Jahl o‘zi iqror qilganligidan, bu so‘z tarqalib, xalq ichiga yana
g‘ulg‘ula tushdi. Quraysh raislaridan Nazr ibn Horis degan odam turib:
— Ey Quraysh xalqi, bu voqea ersa taajjub qilurlik darajada bir qiziq ishdur. Chunki
Muhammadning bolalik, yigitlik davrlari ko‘z oldimizda o‘tdi. Ul bo‘lsa ichimizda eng oliy
axloqlik, chin so‘zlik, har ishda ishonimlik, har kimga yoqimlik yigitimiz edi. Qachonki
uning yigitlik davri tugab, chakka sochlari oqara boshlaganda bundoq bir ulug‘ hodisani
o‘rtaga chiqardi. Endi buni birimiz sehrchi, birimiz folchi dedik, yana birimiz turib ani
majnun dedik. Men Alloh oti ila ont ichib, qasam qilamanki, uning haqida bularning barisi
bir quruq tuhmatdur. Bu ishning haqiqatiga endi bizlar yetishimiz kerakdur, — dedi.
Quraysh raislari andin bu so‘zlarni eshitgandin keyin, unga Uqba ibn Abu Muayt degan
odamni qo‘shib, Madinaga yubordilar. Alarga aytdilarkim:
— Madina shahrida Yahud toifalari ko‘pdur. Alarning ichlarida Tavrot, Injil kitoblarini
o‘qiydigan katta olimlar bor, deb eshitamiz, shularning oldilariga boringlar.
Muhammadning sifatlarini, xalqqa aytayotgan so‘zlarini, o‘rtamizda o‘tgan voqealarni
ularga yaxshilab tushuntiringlar, chunki Yahud qavmi kitob ahllaridur, o‘tgan
payg‘ambarlar, ulamolardin xabardor bo‘lib, biz bilmagan sirlarni albatta ular bilishlari
kerak — dedilar.
Shuning bilan bu ikkovlari Madinaga keldilar, yahud olimlari bilan ko‘rishib, bo‘lgan
voqeani ularga bayon qilishdi. Yahud olimlari bu haqda bir qancha fikr qilishgandin
keyin, ularga:
— Andog‘ bo‘lsa, ul payg‘ambarlik da’vosini qilgan kishiga shul uch narsadin savol
beringlar, buni payg‘ambardin boshqa hech kim bilmaydi.
1. O‘tmish zamondagi Ashobi Kahf qissalaridin so‘ranglar.
2. «Butun olam atrofini aylangan bir odam o‘tgan, u kim?» deb so‘ranglar.
3. Inson ruhining haqiqati nimadur?
Agar shu uch savolga haqiqati ila javob bera olsa, bilinglarkim, u kishi payg‘ambardur.
Anda u odamga iymon keltirib, ko‘rsatgan yo‘liga kirish kerak, agar bu savollarga javob
bera olmasa, ul chog‘da uning yolg‘onchiligi ma’lum bo‘lib, o‘zi jazoga loyiqdur, dedilar.
Shuning bilan bu ikkovi Makkaga qaytishdi, ularning xabarini kutishib turgan ko‘p xalq
yig‘ildilar. Anda bu ikkisidin birovi turib:
— Ey xaloyiq, Madinaga borib, xizmat topshirig‘ini sizlar degandek bajarib keldik. Yahud
ulamolarining maslahatlaricha, ushbu uch narsadin savol beramiz. Agar haqiqatga
muvofiq javob bera olsa, uning payg‘ambarligi aniqlanadi, yo‘q ersa, yolg‘onchiligi
yuzaga chiqib, o‘zi jazoga tortildai, deb shu ko‘pchilik bilan Payg‘ambarimiz oldilariga
kelishib:
— Ey Muhammad, Ashobi Kahf yigitlari kimdur? Alar qaysi zamonda o‘tmishdurlar?
Ikkinchi, butun dunyoni kezgan mag‘rib-mashriqqa qadami yetgan qaysi kishidur?
Uchinchi, inson ruhining haqiqati nimadur? Mana shu uch narsaga javob berishingni
sendan so‘raymiz, — dedilar.
Anda Payg‘ambarimiz bu haqda Xudo tarafidin vahiy kelishiga ishonib: «Buning javobini
mendin ertaga olinglar» — dedilar, ammo «Xudo xohlasa», demadilar. Bandachilik, ul
so‘z yodlaridin chiqqan edi. Shuning bilan ertaga, deb va’da bergan kishi o‘n besh kunlab
vahiy kutib turdilar. Islom dinida butun ishlarni Alloh irodasi ila bo‘lur, deb ishonish
farzdur. Shuning uchun har bir musulmonga, so‘z boshlarida yoki aning tugashida,
«Inshaalloh» — «Xudo xohlasa», demak lozimdur. Mana shunchalik ishga tanbeh bo‘lib,
vahiy kelishi o‘n besh kun kechikdi. Makka mushriklari ta’na qilishlariga bu ishni bahona
qildilar:
— Mana, Muhammadning qilgan va’dasidin o‘n besh kun o‘tdi, hali daragi yo‘q, biz
so‘ragan narsalarning javobiga ojiz qolgandek ko‘rinur.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |