www.ziyouz.com kutubxonasi
29
tilaganingcha mol topib beraylik, ichimizdagi eng boyimiz sen bo‘lgin; yoki mansab-
daraja topish uchun bu ishga kirishgan bo‘lsang, o‘z ustimizga seni rais ko‘taraylik, hech
bir ishni sensiz qilmaylik; yoki bu ish orqalik podshoh bo‘lish niyating bo‘lsa, taxt qurib,
toj kiydirib, seni podshoh qilaylik. Yoki bu maqsadlardin hech biri senda bo‘lmasa, balki
ishlashgan jinlar ta’siridan bo‘lgan ish ersa, qo‘lda molimiz, tanda jonimiz boricha buning
chorasiga kirishaylik, — deb shunga o‘xshash so‘zlar qildi. Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Ey Utba, agar so‘zing tugagan bo‘lsa, endi mendin eshitgil, — deb «bismilloh»din
so‘ngra «Ha. Mim.» bilan boshlanuvchi suradin boshlab o‘qiyverdilar. Utba ersa bu qadar
fasohat-balog‘atga ega bo‘lgan Qur’on oyatlarini onglab, quloq solganicha hayron bo‘lib
turib qoldi. Payg‘ambarimiz bu suradagi sajda oyatigacha o‘qib kelganlari so‘ngida
darhol sajda qildilar. So‘ngra aytdilarkim: — Ey Utba, bu o‘qilgan Qur’on so‘zlarini
eshitding, mana senga javobim shuldir, — deb so‘zlarini uzdilar. So‘ngra Utba o‘rnidin
turganicha Quraysh majlisiga qarab jo‘nadi. «Nima javob keltirur ekan?» deb ular ham
kutishib turgan edilar.
O‘ltirishgan kishilardin ba’zi birovlari dedikim: «Allohga qasamyod qilurmankim, Utba
ketganidagi fikridin o‘zgarib qaytmoqdadir». Shu orada o‘zi ham kelib yetdi. Quraysh
raislari: «Ish qandoq bo‘ldi?» deb ondin so‘radilar. Anda Utba: «Qasam ul Xudogakim,
umrimda aningdin hech eshitilmagan bir turlik so‘z eshitib keldim. Shoirlarning she’ri,
sohirlarning afsuni, kohinlarning mavzu’ so‘zlari, mana bularning hech biriga
o‘xshamaydur.
Ey Quraysh ahli, bu to‘g‘rida menga itoat qilishinglarni so‘rayman, bu ishda mening
to‘xtalgan ra- yim shulki, Muhammadning diniga yordamchi bo‘lmasak ham, aning
yo‘liga to‘sqinlik qilmaylik, buni boshqa arablarga qo‘yib beraylik, agan Muhammad
arablardin yengilar ekan, yotlar yordami ila biz ondin qutulgan bo‘lamiz. Ish o‘z
tilagimizcha o‘zimizga kelur. Yoki bu kurashda ularni yengib chiqar ersa, aning davlat-
hukumatiga, izzat-shavkatiga albatta, bizlar sherikdurmiz. Insonlar ichida eng baxtlik
bo‘lib yashaymiz» deb edikim, taraf-tarafdin: «Ey Utba, Muhammad tili bilan seni
sehrlaganga o‘xshaydi», degan qarshi ovozlar ko‘tardilar. Utba: «Bu haqda mening
fikrim shu edi, buni so‘zladim, bunga yo‘q desanglar, sizlarning deganinglarcha bo‘lsin»,
deb sukut qilishga majbur bo‘ldi. Shundoq bo‘laturib ham, Quraysh qabilalari ichida
musulmonchilik kun sayin ko‘paygani turdi. Qabila mushriklari esa alardin bir nechalarini
qamoqqa oldilar va qanchalarini dinlaridin qaytarish uchun turlik azoblar ila qiynadilar.
Endi bu ishlar bilan ham muddaolari hosil bo‘lmaganlikdin, ikkinchi navbat tubandagi
qabila raislari yana qaytadin yig‘ildilar. Bular ersa, Utba, Rabi’a, Shayba, Abu Sufyon,
Abul Baxtariy, Nazr ibn Xoris, Asvad ibn Muttalib, Zam’a ibn Asvad, Valid ibn Mug‘ira,
Abu Jahl ibn Hishom va boshqalar edilar. So‘ngra bir kishi kelib: «Ey Muhammad, qabila
raislari siz bilan kelishmoq uchun, Ka’ba oldida to‘planib, so‘zlashmoqqa chaqiradilar»,
deb xabar berdi. Payg‘ambarimiz gumon qildilarkim, meni so‘zlarim bularga endi ta’sir
qilganga o‘xshaydi, tavfiq topgan bo‘lsalar ajab emas, degan xayol qilib, tezlik bilan
keldilar, qarasalar tuslari boshqacharoq bo‘lib, do‘stlik nishonasi ularda ko‘rinmadi.
Ichlaridin birovlari so‘zga turib:
— Ey Muhammad, butun Quraysh xalqi tomonidin bizlar bu ish ustida sen bilan ochiq
so‘zlashgani keldik. Arablar ichida, sendek o‘z qavmiga zararlik ishni hech kim qilgan
emas, ota-bobolarimiz yo‘lidin chiqding, dinimizni so‘kding, butlarimizni haqorat qilding,
qarindosh-urug‘larimizdin ajratding, jamoatimizni tarqatding, endi bizning ustimizda
sening qilmagan yomonliging qolmadi. Agar bu ishdin maqsading mol topish bo‘lsa, mol
yig‘ib berib, seni boy qilaylik, agar izzat-obro‘y istagan bo‘lsang, butun Quraysh qabilasi
ustiga seni rais qilib ko‘taraylik, agar podshoh bo‘lish ko‘nglingga tushgan bo‘lsa, seni
podshoh qilib, taxtga chiqaraylik. Yo‘q, agar jinlar tarafidin sehrlangan bo‘lsang, mol-
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |