www.ziyouz.com kutubxonasi
288
kelishi kerakdur. Lekin u baxtli kunlarga kim yetgay, kim yetmagay. U kunlarni ko‘rgan
baxtli mo’minlar, ko‘rolmay o‘lgan g‘arib mo’minlarni duoda yod qilgaylar.
Tarix hijratning bir ming ikki yuz yilligida vafot topgan hadis olimlarining ustozlaridan
Imom Shavkoniy Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, imom Mahdiyning xuruji,
Dajjolning chiqishi— shu uch voqea ustida bir kitob yozmishdur. Shularning chiqishlarini
isbotlab ellik hadis Mahdiy oxirzamon haqida, yigirma to‘qqiz hadis Hazrati Iso haqlarida,
yuz hadis Dajjol mal’un haqida shu kitobda keltirmishdur. Bu hadislarning qaysi birlari
gumonlik bo‘lsa ham, ko‘pchiligiga qaralsa, bu voqealarning bo‘lishiga shak qilish
musulmon kishilarga to‘g‘ri emasdur.
Men bu kitobimni Payg‘ambarimiz aytgan, qiyomatgacha iymondan ajralmaydigan
mo’minlar uchun yozganligimdan bu o‘rinda ochiqroq qilib gapirdim. Shundog‘ bo‘lsa
ham, yana, ko‘p so‘zlarim qalamga kelmasdan ko‘nglimning bir chetida yashiringanicha
qoldi. Inshaalloh, ularni ham vaqti kelgach, ko‘ngil zindonidan qalam maydoniga
chiqazib, tilakdosh do‘stlarimiz, vatan bolalarimiz uchun esdalik qo‘llanma qilib qoldirish
vijdoniy vazifadur.
Yana o‘z so‘zimizga qaytdik.
Shundog‘ bo‘lib, bu ulushsizlar Madinadan o‘z yurtiga qaytib ketayotganlarida Omir ibn
Tufaylning bo‘g‘zida yong‘oqdek bir dona bez paydo bo‘lib, katta bo‘lgani turdi. Buning
og‘rig‘iga chidayolmay, yo‘l ustida ko‘ringan bir chodirga kirib tushdi. Bu ersa Saluliy
qabilasidan bir kambag‘al tul kampirning chodiri edi. Bu uyda bir necha kun betob bo‘lib
yotdi. O‘zini butun arablarning sayidi hisoblagan kishi mundog‘ o‘rinda og‘rib yotmoqlik
bek og‘ir edi. Chunki arablar oldida Saluliy qabilasi ersa eng olchoq, past qabiladan
sanalur edi.
Shulardan bo‘lgan bir qalloj kampir uyida yotib o‘lishni o‘ziga qattiq or ko‘rdi. Otimni
keltiringlar, deb yo‘ldoshlariga buyurdi. Alar keltirishgach shijoat bilan otiga minib
nayzasini qo‘liga oldi:
— Ey o‘lim, ko‘zimga ko‘rinsang eding, sen bilan urishur edim, — deb jon achchig‘ida u
yon-bu yon ot chopib, suron solib hayqirdi, oxiri ot ustida joni chiqib yerga yiqildi. Uning
o‘ligini yo‘lda qoldirib, qolgan ikki yo‘ldoshi o‘z yurtiga yetib borishdi.
Qabila kishilari Arbadni ko‘rgach, andin:
— Ey Arbad, ish nima bo‘ldi? Muhammad so‘zini bizga aytgin, ahvol qanday? — deb
undan so‘radilar.
Anda ul:
— Aytgudek hech gap yo‘qdur. Bordik, keldik, o‘rtada ovora bo‘lganimiz qoldi. Uning
aytgan xudosini ko‘rar bo‘lsam, o‘q otib o‘ldirar edim, — dedi.
Arbad bu so‘zni qilgach, bir kundan so‘ngra tuyasini minib dalaga chiqdi. Kun ochiq,
osmonda bir parcha ham bulut yo‘q edi. Shu orada qars-qurs qilib ochiq havodan yashin
tushib har ikkovini halok qildi. Bu voqeadin so‘ng butun qabila iymon keltirishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabilaning iymoniga, Omir ibn Tufaylning halok
bo‘lishiga duo qilgan edilar. Har ikkovining haqiga qilg‘on duolari qabul bo‘ldi. Arbad ibn
Qays ersa, til adabsizligidan o‘ziga loyiq jazoni topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |