www.ziyouz.com kutubxonasi
216
Muhammadga yordam berdi. Aning askarini aziz qildi. Ahzob urushida ko‘p askarni
yolg‘iz o‘zi yengdi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahar ichiga kirganlarida Makka mushriklari
Qaynuqo’ tog‘i ustida qarab turishgan edi. Mushriklar o‘zaro gapirishar edi: «Madina
xalqining kuchlari ko‘p yo‘qdur. Chunki ular bezgak, isitma bo‘lgan kishilardur. Bugun
Baytullohni shunday odamlar kelib tavof qilishdilar, qarab turaylik».
Bu so‘zni Rasululloh angladilar ersa aytdilarkim: «Mo’minlar Baytullohni tavof qilib
aylanganlarida bahodirlardek yelib-yugurib aylansinlar. Shu uchunkim, alarning
ko‘zlariga askarlarimiz kuchlik, haybatlik bo‘lib ko‘ringay».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baytullohni tavof qilish oldida ridolarini ostidan olib
o‘ng qo‘llarini yelkalari bilan ochiq qo‘ydilar. Buni ko‘rib barcha sahobalar ham shundoq
qilishib, Rasululloh aytganlaridek, bahodirona yurishib Baytullohni tavof qilishga turdilar.
Tog‘ boshida qarashib turgan mushriklar musulmonlarning tavof qilishidagi bahodirona
yurishlarini ko‘rishib, ko‘ngillariga vahima tushdi. Sahobalarni dastlab ko‘rganlarida
bularni Madina bezgagi qonlarini so‘rib, kuch-quvvatlarini qo‘ymagan, deyishgan edi.
Baytullohni bu xildagi tavof qilganlarini ko‘rishgach, ul o‘ylaganlari puchga chiqdi. Mana
shundan boshlab hajga borgan kishilarga Ka’bani birinchi tavof qilishlarida uch marta
aylanganlaricha bahodirona yurishlari sunnat bo‘lib qoldi.
Islomning besh asosidan bittasi hajga borishdir. Boy kishilarga umri ichida bir marta haj
qilish farz bo‘ldi. Boshqalar esa borishga ixtiyorlidurlar. Sharoiti bo‘laturib qudrati yetgan
kishilar uzrsiz umri ichida haj qilmay qolsalar, Rasulullohning marhamat qilishlaricha,
unday odamlar islomiyatdan tashqari qolgaylar. Qirq besh yildan beri biz Turkiston
musulmonlari asorat ostida qolib, o‘z vatanimizda g‘arib bo‘lganligimizdan bu ulug‘ diniy
vazifamizni bajarolmay kelamiz. Ilm, fan kundan-kunga ko‘tarilib, madaniyat eng o‘sgan
davr hisoblangan XX asrda inson olamining bir tomoni ongsizlik davrining natijasi
bo‘lgan mustamlakachilar asoratidan qutilayotgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan onglik
vahshiylar changali ostida ezilib, qayta boshdin qullik davriga kirmoqdadur. Buning
sababi, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytganlaridek, bu olamning hayoti
tubsiz dengiz ustida qalqib yurgan kemadagi xalq kabidur. Kema ahllari esa uning qaysi
qavatida o‘ltirgan bo‘lishiga qaramay, «kemaga tushganlarning joni bir» degandek,
kemaning qay yeri zararlangan bo‘lsa, uni tuzatib turishlari albatta zarur.
Agar unday qilmay, har kim o‘zi o‘ltirgan qavatigagina qarab, shunigina nazarga olsalar,
boshqa qavatlarining buzilib teshilishi bilan ishlari bo‘lmasa, bunday teshilgan kema
ichida o‘ltirgan kishilar, qaysi qavatida bo‘lishdan qat’i nazar, bir kuni halok bo‘lmasdan
qolmaydilar.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka shahri ichida
uch kun turib, xavf-xatarsiz ibodat marosimlarini o‘tkazdilar. O‘tgan yili ko‘rgan tushlari
ersa to‘g‘ri chiqib, Xudo tarafidan kelgan vahiy ekanligiga gumon qolmadi.
Bu muddat o‘tgandan keyin shahar tashqarisida turgan Quraysh mushriklari Amr ibn
Suhaylni yuborib, Makkadan chiqib ketishlarini so‘radilar. Shartnomaga muvofiq
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan shul kuni Makkadan chiqdilar.
Hazrati Hamzaning Amoma degan sag‘ir qizlari Makkada qolgan edi. Rasululloh
Makkadan chiqayotganlarini ko‘rib, orqalaridan ergashib yig‘lagani turdi. Hazrati Ali buni
ko‘rib:
— O‘z amakim qizini mushriklar ichida yetim qoldirib, nechun tashlab ketgayman? —
dedi va darhol ul qizni ko‘tarib oldi. Kajava ichida o‘ltirgan Payg‘ambarimizning qizlari
hazrati Fotimaga:
— Ol buni, amakingning qizidur, boqib olgaymiz,— deb topshirdilar.
Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan chiqqanlaricha sog‘-salomat
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |