www.ziyouz.com kutubxonasi
150
dardmanlarga shifo bag‘ishlar. Ammo ahmoq odamlarga ta’sir qilmas. Chunki ahmoqlik
Allohning qahridur», dedilar.
Mana shunga o‘xshash, hozirgi kunlarda, ya’ni hijriy 1380, melodiy 1960 yilda yer usti
butunlay shu ahmoqlar qo‘liga kirdi. Dinsizlik, dahriylik balosi butun dunyoni qopladi.
Islom hukumati, Islom mamlakati deyishga ikki Haramdan boshqa hech bir joy qolmadi.
Alloh yuborgan payg‘ambarlar ko‘rsatgan to‘g‘ri, yorug‘ yo‘ldin dunyo xalqi butunlay
chetga chiqdilar. Ko‘zlari ko‘r bo‘lgach, bu kungi madaniyatning ma’rifat nurlari yurar
yo‘llarini yoritmadi. Topgan ilmu-hunarlarini xalqqa foyda berarlik qilib ishlatmadilar,
balki insonlarni qirib, yo‘qotarlik, butun olamga halokat yetkazurlik eng dahshatlik
qurollarini tayyorladilar. Payg‘ambarimiz aytganlaridek, dunyo ilmi kundan-kunga
rivojlanib, taraqqiy topdi. Ammo din ilmini bilgan, butun mamlakatda bir-ikki, deb
sanalib qoldi. Inson olamida haqiqiy madaniyatga yetish uchun bu ikki ilm arqoq o‘rish
kabi bir-biriga qattiq bog‘lanishi lozim edi. Chunki Qur’onda kelgan bu oyat bizning
so‘zimizga ochiq dalildur:
«Rabbana atina fid-dunyo hasanatan va fil axirati hasanatan va qina azobannar», ya’ni:
«Ey bor Xudoyo, bizlarga bu dunyo, u dunyo, har ikki dunyoda yaxshilik bergil va ham
do‘zax azobidan asragil», degan bo‘lur.
Alloh taolo bu oyatda har ikki dunyoning yaxshiligini so‘rashni bandalariga buyurdi. Bu
davlatga yetish yo‘llarini ularga o‘zi ko‘rsatdi, dunyo davlatini qo‘lga kiritish uchun ilm
o‘rganishga buyurdi. Oxirat yaxshiligiga yetish, do‘zax azobidan qutulish uchun dinni
ushlashga amr qildi. Ilm o‘rganib, tabiat asrorini ochishga asbob (sabab) qilib, aql-idrok
berdi. Dinni o‘rgatib, iymon-insof yo‘llarini bildirish uchun payg‘ambarlarini yubordi. Har
ilmning, har fanning mohir olim ustozlari har shaharda yuzlab, minglab topilishlari
mumkin. Ammo ular ichida xalq uchun qayg‘urgan oqil, dono odamlar kam topilur. Ilm
taraqqiy qilganlikdan agar ahmoq qo‘liga tushar ekan, butun olamni xarob qilg‘udek eng
dahshatlik qurollarni shu olimlar o‘ylab chiqardilar. Nodonlar qo‘liga qurol topshirmoq,
mast-majnunlar qo‘liga o‘t bermoq kabidur. Bular esa bir kuni butun olamga o‘t qo‘yib
yuborishdan ham toymaydilar.
So‘zning xulosasi, haqiqatning to‘xtagan joyi shulki, Alloh bir bo‘lgandek, uning
ko‘rsatgan yo‘li ham birdur. U esa Muhammad alayhissalom keltirgan Islom dinidur.
Allohning ming bir oti bordur, aning bir ismi Ahaddur. Shuning uchun «Qul huvallohu
ahad» oyati ila boshlaguvchi sura Qur’onda kelmishdur. Payg‘ambarimizning ismlari esa
Ahmaddur. Alloh Ahad, o‘zi ko‘rsatgan haq yo‘liga butun insonlarni boshlash uchun
habibi Ahmadni yo‘lboshchi qilib yubormishdur. Endi, insonlar Xudo yuborgan
yo‘lboshchilari Muhammadga ergashib, aning yo‘liga kirar ekanlar, bu dunyoda rohatda
yashab, oxiratda jannatga kirgaylar. Agar shunday bo‘lmas ekan, unday odamlar mayli,
boshqa din tutsin yoki tutmasin, bu dunyoda qo‘llari ishdan bo‘shamaydi, ko‘ngillari
g‘amdin chiqmaydi. Qiyomatga qolmasdanoq, o‘lishlari bilan o‘zlarini do‘zax ichida
ko‘radilar. Qur’on hukmi, Islom e’tiqodi shuldur. Ahmoq odam ustida
payg‘ambarimizning aytgan qutlug‘ so‘zlaridan ilhom olib o‘qiguvchilarga, shu qadar
so‘zlarni aytib o‘tdim, inshaalloh, foydasiz bo‘lmas. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu safarlaridin qaytib rabiul oxirning yigirmalarida
salomat Madinaga kirdilar. Safarda ekanliklarida ansorlar raisi Sa’d ibn Ubodaning onasi
vafot topmish edi. Madinaga kelgach, yo Rasulalloh, onam uchun sadaqa qilsam, qaysi
narsa savobi ko‘proq bo‘lg‘ay, deb so‘radi. Anda Rasululloh tashnalarga suv bermakdur,
dedilar. Sa’d raziyallohu anhu bu so‘zni anglag‘ach, Madinada bir quduq qazdirdi.
Savobini onasig‘a bag‘ishlab, suvini vaqf qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |