www.ziyouz.com kutubxonasi
159
— Agar kishi ko‘ngli bir ishdan cho‘chib, undan yomon fol olsa, shu duoni o‘qib, o‘z
ishida davom etsun:
«Allohumma la ya’tiy bilxayri illa anta vala yadfaushsharra illa anta». Ma’nosi: «Ey bor
Xudoyo, har yaxshilikni berguvchi va har yomonlikdan saqlaguvchi O‘zingsan».
Bir narsadan cho‘chib, yomon fol olish, irim-sirim qilib o‘ltirish Islom dinida yo‘q ishdur.
Shundoq qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchinchi manzilga kelib tushdilar. Bu
yerni Muraysi’ deb aytishur edi. Dushmanlar ham shu joyda yig‘ilishib turgan edilar.
Rasululloh ham saf tuzib, urush tayyorgarligini ko‘rib, hozir turdilar. So‘ngra iymonga
taklif qilib:
— Agar «La ilaha illallohu, Muhammadur rasululloh», deb taslim bo‘lsalar, o‘limdan
omon topqaylar, — dedilar.
Ular bu so‘zdan yuz o‘girgach, urush boshlandi. Har ikki tarafdin biror soat o‘qlar otildi.
So‘ngra sahobalar hujumga o‘tdilar. Ko‘p o‘tmay, dushmanlar yengildi. Bir munchalari
qilichdan o‘tkazilgach, qolganlari butunlay asir olindi. Besh ming qo‘y, ikki yuz tuya o‘lja
tushgan edi. Bu mollar ustiga Rasulullohning ozod bo‘lgan qullari Shaqronni qorovul
qo‘ydilar. Qo‘lga tushgan asirlarni hazrati Buraydaga topshirdilar. Bu urushda olingan
asirlar ichida shu qabilaning raisi Horis ibn Zarrorning Barra ismli qizi ham bor edi. Bu
qabiladan ikki yuz oila asir tushgan edilar. Bular esa arablar ichida atoqlik qabilalardan
bo‘lib, xotun-qizlarini asoratda qoldirish o‘zlari uchun eng og‘ir nomus sanalur edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu to‘g‘rida bir yaxshi siyosat
qo‘llab, asirlar ichida raislarining qizi Barrani o‘z nikohlariga oldilar. Buni sahobalar
ko‘rgach:
— Bu qabila raisi Rasulullohga qaynota bo‘ldi, Rasululloh alarga kuyov bo‘ldilar, endi
buning hurmatidan biz ham qo‘limizdagi asirlarimizni ozod qilishimiz kerak, — deyishib,
o‘z taqsimlariga tushgan barcha asirlarini ozod qildilar.
Shu ish sabab bo‘lib, bu qabiladan hech kim qolmasdan, hammasi musulmon bo‘ldi. Shu
uchun onamiz Oisha: «Bu xotunning sharofati o‘z qabilasiga bek ulug‘dur, ular asirlikdan
ozod bo‘lishib, ikki dunyo azobidan qutulishdi. Islom diniga kirishib, abadiy davlatga
yetdilar», dedilar. Onamiz Barrani nikohlariga olgandan keyin, ismini yo‘tkab
(o‘zgartirib) Juvayra qo‘ydilar. Barra yaxshilik, Juvayra qizchoq, degan bo‘lur. Buni
yo‘tkashning sababi esa fahmlik kishilarga ma’lumdir.
Yana shu safarda bir voqea o‘tdi. Askarlardan ikki kishi suv talashib, urushib qoldilar.
Birlari Makka muhojirlaridan, yana birlari Madinalik ansorlardin edi. Muhojir ansorni urib,
qon qildi. Bu tayoq yetgan kishi arab odaticha: «Yo lal Hazraj?» (ya’ni, «Ey Hazraj,
bormisan?») deb o‘z qabilasini yordamga chaqirdi. Buni ko‘rib, urgan kishi ham: «Yo lal,
muhojiriyn?», deb qo‘rqqanidan qichqirdi.
Johiliyat arablari urush vaqtida har qabilaning yuqorigi otalarini atab qichqirar edi.
Mundoq qichqirishlarida har qabila o‘z urug‘iga yordam berishlari lozim bo‘lur edi. Bu
tovushni eshitgach, muhojir, ansor sahobalaridin ikki firqa odam yugurib kelib, yordam
berish uchun har qaysilari o‘z kishilari ustiga to‘plandilar. Qurollariga qo‘l solishib,
urushib ketishlariga oz qoldi. Bu voqea ustida katta bir fitna chiqishiga yaqinlashdi, muni
anglab, Rasululloh chodirlaridan yugurganlaricha kelib:
— Ey, mo‘minlar, mundoq so‘zlar johiliyat zamonidan qolgan yomon so‘zlardur. Bu
qichqirishlar fitna qo‘zg‘ab, qon to‘kilishiga sabab bo‘lur. Islom diniga kirgan kishi yana
shunday so‘zlarni tashlamas ersa, unday odam tamuqqa (do‘zaxga) tashlanur, Mo‘minlar
bir-biriga Xudo qo‘shgan birodardur. Birodari mazlum bo‘lsin yoki zolim bo‘lsin, unga
yordam berish lozimdur,— dedilar.
Anda bir kishi:
— Yo Rasululloh, mazlumga yordam qilaylik, ammo zolimga nechun yordam qilurmiz? —
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |