QIBLANING O‘ZGARTIRILISHI
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlaridan so‘ngra Quddusi sharifga
qarab, o‘n olti oy namoz o‘qidilar. Lekin ko‘ngillarida Ka’baga qarab namoz o‘qishni bek
orzu qilar edilar. Chunki Ka’ba Ibrohim Xalilullohning qiblasi edi. O‘tgan payg‘ambarlar,
Odam alayhissalomdan Xotam alayhissalomgacha hammalari Quddusi sharifga qarab
ibodat qilur edilar. YOlg‘iz Ibrohim Xalilullohga Alloh izni bilan Ka’ba — qibla bo‘ldi.
Quraysh sayidlari: «Muhammad o‘zi Ibrohim Xalilulloh yo‘lidaman, deydur, andoq ersa,
nechuk Ka’baga qarab namoz o‘qimaydi, yahudlar qiblasi Baytul Maqdisga qaraydi», deb
ta’na qilishur edi. Buning ustiga yahudlar: «Muhammad bizning dinimizga qarshi bo‘lsa
ham, o‘zi qiblamizga tobe’dur», der edilar. Rasululloh Makkada turgan chog‘larida
Quddusi sharifga qarab namoz o‘qigan bo‘lsalar ham, namozda Ka’baga orqa o‘girmagan
edilar. Ammo Madinaga kelganlarida, namoz o‘qisalar, Ka’ba dol orqada qolishga to‘g‘ri
keldi. Rasulullohga bu ish ham ko‘p og‘ir kelgan edi. Jabroil alayhissalomga: «Alloh taolo
meni yuzimni yahudlar qabilasidan Ka’baga o‘girarmikin», deb ko‘ngillaridagi orzularini
bildirdilar. Anda Jabroil alayhissalom bu maqsadni Allohdan talab qilishni maslahat
berdilar. Rasululloh: «Mening bu tilagim qachon qabul bo‘lgay», deb ko‘p
termulganlikdan, duo qilganlarida yuzlarini ko‘k sari ko‘tarur edilar.
Bir kuni Ummu Bashar degan sahobiya xotunning uyiga uni ko‘rgani keldilar. Shu yerda
peshin namozining vaqti kirgan edi. Shu joydagi mahalla masjidiga chiqib, sahobalar
bilan peshin namozini o‘qishga turdilar. Ikki rakat o‘qiganlarida Jabroil alayhissalom:
«Favalli vajhaka shatrol masjidil Harom» oyatini vahiy keltirdi. Ya’ni: «Yuzingni Ka’baga
aylantir», degan Xudo tarafidan amr bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam
namoz ichida, turgan holda yuzlarini Ka’baga o‘girdilar. Mana o‘shal kundan boshlab,
butun musulmonlarning qiblasi Ka’baga qaror topdi. Shu kunda ham Madinai
Munavvarada ikki qiblalik masjid, degan bir-biriga qarama-qarshi, ikki mehroblik bir
masjid bordur. Uni hojilar ziyorat qilurlar. Bu voqea ham Payg‘ambarimiz haqida ulug‘
ne’matlardin sanalur. Chunki boshqa payg‘ambarlar umrlari bo‘yicha qilgan ibodatlari bir
qiblaga qaratilgan edi. Ammo bizning Payg‘ambarimiz qilgan toat-ibodatlarini ikki
qiblaga qarab ado qildilar. Ikki qiblaning savob darajalari ul zotga hosil bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |