www.ziyouz.com kutubxonasi
312
barcha dinlarga g‘alaba qiladi», demakdir.
Sharqda Xitoy xonligini bo‘ysundirgudek, G‘arbda Andalus, Ispaniya, Portugaliya, yarim
Fransa Toriq ibn Ziyod qo‘lida fath bo‘ldi. Usmonli turk sultonlaridan Sulaymon Qonuniy
davriga kelganda butun Ovrupo davlatlari buning taxti oldida tiz cho‘kib, bosh egmakka
majbur bo‘ldilar.
Yuqorigi oyat mazmuniga barchalarini iqror qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytganlaricha, oldimizdagi kunlarning birida Islom dini, inshaalloh, yana bir karra yer
yuzini qoplagay. Dinsizlik shumligidan kelib chiqqan xiyonatlar yer ustidan ko‘tarilgay.
Aning o‘rniga haqlik, adolatlik hukm surgay, yer osti xazinalari yuzaga chiqarilgay. Ana u
chog‘da barcha barobar boy bo‘lib, zakot olg‘udek kambag‘al kishi qolmagay. Bu ishning
bo‘lishi hadislarning mazmunicha Hazrati Imom Mahdiy xuruj qilib, Hazrati Iso
osmondan tushganda bo‘lg‘ay. Yana Qur’onda kelgan g‘ayb xabarlarning birisi ushbu
oyatdur:
«Inna nahnu nazzalnazzikra va inna lahu lahafizuna».
Ya’ni, «Biz Qur’onni yer ustiga tushirdik, endi uni o‘zimiz saqlaymiz», demakdur.
Alloh taolo Qur’onni tushirgandan so‘ngra uni saqlaymiz, deb o‘zi va’da qildi. Alloh
aytganidek, shu kungacha Qur’onni o‘zi saqlab keldi. Qur’onning kelganiga bir ming uch
yuz sakson yil bo‘lmishdur. Mana shunchalik uzun muddat ichida Qur’ondan bir harf ham
bo‘lsin ortiq yoki kam bo‘lmadi. Yo‘q esa, din dushmanlari Qur’onni buzmoqqa ko‘p qasd
qilgan edilar, va’dasi bo‘yicha Alloh taolo alarga yo‘l bermadi. Yuqorigi oyatning
mazmuni amalga oshdi. O‘tgan Payg‘ambarlarga tushgan Qur’ondan boshqa kitoblar
ersa o‘zlaridan keyin ko‘p zamon o‘tmay, ummatlari tomonidan buzilishga turdi. Tavrot,
Injil oyatlarini o‘g‘irladilar. Bu kitoblarning ko‘p joylarida o‘zgarishlar bo‘ldi. Chunki
bularni saqlash vazifasi har Payg‘ambarning o‘z ummatiga topshirilgan edi.
Qur’on Alloh so‘zi ekanligiga ochiqdan-ochiq yana bir dalil shulki, otamiz Odam
Safiyullohdan boshlab yigirma sakkiz payg‘ambarning qissalari Qur’onda aytilmishdur.
Nuh qavmi to‘fon suvi bilan, Hud qavmi shamol bilan, Samud qavmi qattiq tovush bilan
halok bo‘lganliklari Qur’onda bayon qilinmishdur. Bulardan boshqa o‘tgan ummatlar
voqealari, Namrud, Fir’avn qissalari keltirilmishdur. O‘shal zamondagi Yahud nasoro
olimlari o‘zlari iqror bo‘lib, Qur’onda aytilmish shu qissalarni tasdiq qildilar. Chunki
Tavrot, Injil va boshqa samoviy kitoblarda ham bu qissalarning bayoni bor edi. Qur’on
xabari to‘g‘ri chiqqach, yolg‘on deyishga yo‘l topolmadilar. Endi o‘ylab qaraylik, agar bu
so‘zlar Payg‘ambarimizga Alloh taolodan bildirilmagan bo‘lsa, Rasululloh bularni qaydin
bildilar, kimdan o‘rgandilar? O‘zlari o‘qimagan, madrasa ko‘rmagan bo‘lsalar, bunday
kishiga bu so‘zlarni bilmak hech mumkin emasdur. So‘z topolmagan dushmanlar yahud,
nasoro olimlaridan o‘rganib olib ayturmikin desalar, bu ish aqldan yiroqdur. Chunki
umrlari ichida ikki martagina Shom safariga chiqdilar. Birinchisida, o‘n ikki yoshlarida
bo‘lib, ikkinchisida, yigirma to‘rt yosh edilar.
Keyingi safarlarida Busro shahrida Nasturo rohib Rasulullohni ko‘rdi. Bu kishi ersa
Tavrot, Injilda Payg‘ambarimizning sifatlarini o‘qimish edi. Oxirzamon Payg‘ambari
Arabistonda Makka shahrida tug‘iladi. Yigitlik vaqtida Shom tuprog‘iga qadami yetgay
deb, Rasulullohni ko‘rmakka mushtoq bo‘lib savmasi ustiga chiqib o‘ltirgan edi. Shu
chog‘da Quraysh karvoni bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu joyga kirdilar.
Nasturo rohib darhol savmasidan chiqib Rasululloh bilan ko‘rishdi. Tavrot va Injilda
sifatini ko‘rgan oxirzamon Payg‘ambari aniq shu kishi ekanligini bildi. Bir necha soat
suhbatlashgandan so‘ngra Rasulullohga shahar ichiga kirmaslikni tavsiya qildi. Uning
maslahatiga kirib, shahar bozoriga bormay, mollarini shu joyda sotib qaytdilar.
Mana, Rasulullohning umr ichida qilgan safarlari va din olimlaridan ko‘rgan kishilar shul
edi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |