www.ziyouz.com kutubxonasi
310
qilishlik Xudo tarafidan buyurildi.
Bu dinning qoida-qonunlarini ochiq bayon qilib, Payg‘ambarimizga Qur’on kitobini
tushirdi. Boshqa mo’jizaga hojat qolmay shu kitobning o‘ziyoq Rasulullohning
Payg‘ambarligiga eng ulug‘ hujjat bo‘ldi. Shundoqkim, Rasulullohga Payg‘ambarlik vahiyi
kelgach, xalq ichiga kirib ochiqdan-ochiq aytdilar:
— Bilinglarkim, meni Alloh taolo sizlarga Payg‘ambar qilib yubordi. Yer ustidagi barcha
insonlarni Islom diniga da’vat qilurman. Agar menga iymon keltirib qabul qilsangiz, najot
topursiz. Yo‘q ersa, abadiy azobga qolursiz.
Anda ular:
— Senga dalilsiz, hujjatsiz qanday ishongali bo‘lur, bosh-oyog‘i bilinmagan bir so‘z bilan
o‘z dinimizni nechuk tashlagaymiz? — deb Rasulullohdan hujjat so‘radilar ersa, darhol
Qur’ondan bir qisqaroq sura o‘qib:
— Mana menim hujjatim, bu so‘z Allohdan kelmishdur, menim barhaq
Payg‘ambarligimga shu o‘qiganlarim dalildur. Bu oyatlar Alloh so‘zidur, maxluq so‘zi
emasdur. Alloh so‘zini o‘zga hech kimarsa so‘zlay olmagay. Maxluq so‘zini har kim
so‘zlay olgay. Agar menim shu so‘zimga ishonmas ersangiz, Muhammad Qur’onni o‘zi
ko‘nglidan to‘qib chiqardi desangiz, qani bo‘lmasa, sizlar ham shunga o‘xshash birorta
surani, yoki besh-o‘n oyatni o‘z ko‘nglingizdan to‘qib chiqaringlar-chi! Agar sizlar ham
shunga o‘xshash oyat to‘qib chiqarur bo‘lsangiz, ul chog‘da meni yolg‘onchi qilmoqqa,
albatta, haqqingiz bordur. Lekin aniq bilurman «Inno a’tayno» kabi qisqacha bir sura
keltirmakka ham kuchingiz yetmaydur, bu ishga ojiz erursiz. Yo‘q esa, qani shunga
o‘xshash bir sura keltiringlar-chi! Shu bilan osongina ishimiz ayrilsun, o‘rtamizdagi
talashgan masalamiz tezroq hal bo‘lsin, — deb ularni qistagali turdilar.
Mana shu kunlarda Rasulullohni quvvatlab ushbu oyat Allohdan tushdi:
«Qul lainijtama’atil insu val jinnu ala an ya’tu bimisli hazal Qur’ani la ya’tuna bimislihi va
lav kana ba’zuhum li ba’zin zahiron».
Ya’ni «Aytgil, (ey Muhammad), Qur’onga o‘xshash bir kitob chiqarmoqchi bo‘lib barcha
insu jinlar yig‘ilishsalar ham, ular bir-birlariga yordamlashsalar ham, undoq Kitobni
chiqarolmagaylar», dedi.
Allohning bu degani albatta to‘g‘ridur. Chunki Rasululloh qirq yoshga kirganlarida
payg‘ambarlik keldi. Oltmish uch yoshga kirganlarida vafot topdilar. Yigirma uch yil
xalqni Islom diniga da’vat qildilar. Shu muddat ichida Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam har doim:
— Agar Qur’onni inkor qilib, bu kitobni Alloh so‘zi emas, mahluq so‘zidur deb gumon
qilsangiz, sizlar degandek bu kitob Alloh so‘zi bo‘lmay, balki men o‘zim chiqargan so‘z
bo‘lsa, sizlar ham birorta surani yoki besh-o‘n oyatni Qur’onga o‘xshatib yasab
chiqarmoqqa, albatta, qudratingiz yetgay, o‘zingiz o‘ylaganingizcha men aytgan so‘zlarni
nechuk siz aytolmagaysiz? Ichingizda necha minglab so‘z ustalari, shoir, xatiblaringiz
bordur. Barchalaringiz yig‘ilishib birlashinglar, yordamlashinglar, har qandoq qilib ham
bo‘lsa, o‘n oyat to‘qib chiqazib, meni mot qilinglar, — deb har vaqt ularni qistar edilar.
Rasulullohdan shunchalik so‘z eshitib xijolatga qolsalar ham hech birlari bu ishning
uddasidan chiqa olmadilar.
Musaylama Kazzobga o‘xshash shaqovatda qolgan ba’zi birovlari o‘z gumonicha
Qur’onga o‘xshatdik, deb besh-o‘n og‘iz so‘z rostlab chiqargan bo‘lsa ham, butun arablar
ichida kulgu bo‘ldi, o‘z tarafdorlari oldida sharmanda bo‘lib rasvosi chiqdi. Endi haqiqat
izlagan har bir kishi oldida ochiq ma’lum bo‘ldikim, Qur’on Allohning so‘zidur, banda so‘zi
emasdur.
Agar Qur’on inson so‘zi bo‘lib, Muhammad alayhissalom buni o‘zi ko‘nglida o‘ylab
chiqargan bo‘lsa, shunchalik uzun muddatlar o‘tib, nima uchun birorta odam besh-o‘n
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |