www.ziyouz.com kutubxonasi
110
tilakdosh bo‘lgan Madina munofiqlari bu ishga qattiq qayg‘urishdi.
Ka’b ibn Ashraf Bani Nazir yahudlarining bosh raisi edi, har qachon Badr g‘azotida
o‘ldirilgan Quraysh raislarining so‘zlari chiqsa: «Endi bizga yer ustida yurganimizdan,
ostida yotganimiz yaxshiroq», der edi. Kundin kunga buning hasad o‘ti alanga urib,
dushmanligi haddidan oshdi. Bozorda o‘ldirilgan Quraysh cho‘nglari haqida aytgan
she’rlarini o‘qib yig‘lab, boshqalarni ham yig‘latur edi.
Bunga ham qanoat qilmasdan Makkaga borib, Quraysh xalqining yig‘ilishlarida o‘ltirib,
Badrda o‘ldirilganlarga yozgan she’rlarini o‘qib yig‘ladi. Butun xalq ham yig‘lashib,
Payg‘ambarimizga qarshi qo‘zg‘aldilar. Quraysh ichida fitna o‘qini yoqib, u joydin qaytib
Madinaga keldi. Yana tinch turmasdan, Madina xotun-qizlarini qo‘shib, nomus qilgudek
she’r aytishga kirishdi. Payg‘ambarimiz qanchalik sabr qildilar ersa, uning adabsizligi
borgan sari oshgali turdi. Uning kuni bitib, paymonasi to‘lgan bo‘lsa kerak, bir kuni
Rasululloh:
— Ka’b ibn Ashrafga tatiydigan kishi bormu? Uning ozoridan Xudo payg‘ambarini kim
qutqaza oladi? — dedilar. Anda Muhammad ibn Maslama:
— YO Rasululloh, men qutqazurman, lekin dushmanni qo‘lga tushurguncha yolg‘on
so‘zlashga, xiyla qilishga ruxsat qilursiz, — dedi.
Shuni bilan to‘rt kishi yo‘lga tushdilar. Bir kun yo‘l yurishib, manzilga yetishdi.
Muhammad ibn Maslama yo‘ldoshlarini qoldirib, yolg‘iz o‘zi u bilan ko‘rishgali bordi.
Ko‘rishgandin so‘ngra: «Bu kishi kelgandin beri bizlarga ko‘p qiyinchiliklar tug‘ildi. Shu
kunlarda soliq solib, bizlardin mol olmoqchi bo‘lib turadi. Hozircha qo‘limizda naqd
molimiz yo‘qligi uchun, sendin qarz so‘rab keldik», dedi. Bu so‘zni onglagach,
suyunganidan guldek ochilib ketib: «Hali shoshmanglar, ko‘rgulik kunlar oldinglardadur.
Bundin so‘ngra u sizlarni ko‘p zeriktirgay, mendin qarzga mol olur bo‘lsangiz, men
so‘ragan narsani garovga qo‘ygaysiz», dedi.
Muhammad ibn Maslama: «Garov qo‘ygali nima keltirgaymiz», — deb andin so‘radi.
Anda u: «Xotun-bolalaringizni garov qilib bersangiz bo‘lur» dedi. Bu so‘zdin ko‘ngli qattiq
og‘rigan bo‘lsa ham, yana sabr qilmoqdin o‘zga chorasi yo‘q edi. So‘ngra Muhammad ibn
Maslama: «Arablar ichida sening yaxshilik bilan atog‘ing chiqmishdur, xotun-
bolalarimizni garovga qo‘ymoq eng og‘ir ishdur. Biz uchun bu ish imkoniyatdan tashqari,
or-nomus keltirgay. Agar bizga yaxshilik qilish ko‘nglingda bo‘lsa, ruxsat qil, yaroq-
jabduqlarimizdan keltirib, senga garov topshiraylik», dedi. Shu so‘zga kelishib,
boshqalar bilmasun uchun kechalab kelmakka va’dalashdilar. So‘ngra Muhammad ibn
Maslama tun qorong‘usida tubandagi to‘rt kishi (Bularning barilari ansor sahobalaridan
edilar.): Abu Noila, Ka’bning emakdoshi edi, bu hiylada ko‘proq shu kishining so‘ziga
ishondi. Abbod ibn Bishr, Horis ibn Avs, Abu Abs ibn Jabr hammalari birga eshik oldiga
kelib, Ka’bni chaqirishdi. U yangi olgan xotuni bilan to‘shakda yotgan edi. Chaqirish
tovushini eshitishi bilan darrov turib, chiqmoqchi bo‘ldi. Xotuni: «O‘rtada dushmanlik
o‘tgan kishilar oldiga kechada yugurib chiqish yaxshi emasdur, sen nechuk chiqursan?»
dedi. Anda u aytdi: «Meni chaqirguvchi emakdoshim — Abu Noiladur, er yigit
o‘ldirmakka chaqirsa ham, oldiga chiqqay», deb qilich osib qarshilariga kelishi bilanoq,
to‘sh-to‘shdin (taraf-tarafdin) qilich solib, parcha-parcha qildilar. Shuning bilan buning
sharridan musulmonlarni Xudo qutqazdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |