Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
89
Inson asli yaratilishida ikki taraflik sifat bilan yaratilmishdur. Ya’ni, jismoniy hayvoniy va
ruhoniy malakoniy sifatlarga egadur. Har ikki tomonning tarbiyati o‘ziga xos, g‘izosi
bilan (ozuqa) bo‘lur. Ya’ni, yemak-ichmak insonning jismoniy tarbiyati bo‘lganidek,
namoz, ro‘za, toat-ibodat uning ruhoniy tarbiyatidur. Inson bolasi jismoniy sifatlari
tomonidan qaralsa, hayvon bolasidan hech qandoq farqi yo‘qdur. Agar inson hayvoniy
sifati bilan qo‘yilsa, ul holda o‘zidan boshqa hech narsani tanimaydur. Boshqa birovlar
uchun qayg‘urish uning esiga ham kelmaydur. Ochlik, chanqoqlik eng og‘ir ishdur.
Buning qiyinligini har kim aqli bilan bilsa ham bo‘lur. Lekin ochlikni tatigan kishi, uni
tatimaganlardan yaxshiroq bilur. Shuning uchun Alloh taolo har yili bir oy, boy-chog‘oy,
shoxu gado demay, bir oy ro‘za tutmoqni barchaga bir tekis farz qildi. Hammaga
ochlikning achchig‘ini totqizdi. Ochlik qandoqligini, totiganlarga ochlik bilan ezilgan
ojizlarni eskartdi. Endi ro‘zaning ruhoniy tomoniga qarasak, agar sharoiti rioya qilingan
taqdirda, uning qalbiga, ruhiga, boshqa ibodatlarga qaraganda tezroq ta’sir qilishida
hech shak yo‘qdur. Ibodat, riyozat ta’sir qildi, demak, qalb, ruh quvvat topib, yomon
xulqlardin pok bo‘ldi, demakdur.
Insonda doimo qarama-qarshi ikki tortishuv bordur. Birinchisi, rahmoniy aql, ikkinchisi,
shaytoniy nafsdur. Buni Payg‘amlarimiz: «Limmai rahmoniy, limmai shaytoniy», dedilar.
Bu ikki kuch odam bolasini doimiy suratda talashurlar. Haqiqatda esa bularning biri
jannat, ikkinchisi do‘zaxdur. Bu ikkovidan qaysi biriga qo‘shilsa, bandada ixtiyor bordur.
Lekin shuni bilmoq kerakkim, namoz, ro‘za, toat-ibodat bilan rahmoniy aql quvvat
topadi. Agar bulardan ajrab, fisq-fasod, nafsi havo yo‘liga kirsa, shaytoniy nafsi rivojga
kiradi. Mana bu ikki quvvatning qaysi tomoni rivojlik, kuchlik bo‘lsa, inson shu tomonga
moyil bo‘lur. Shuning uchun, ro‘za oyining tuganchisida fitr-sadaqa berishni shariat vojib
qildi. Ro‘za sharofatidan ko‘ngillari yumshagan mo‘minlar buni og‘ir olmay, ixlos bilan
ado qilishlarini bildi.
Rasululloh Madinaga kelgach, ikki yildan keyin Ramazon oyining ro‘zasi, musulmonlarga
shu oyat bilan farz bo‘ldi:
«Ya ayyuhallazina amanuv kutiba alaykumus siyamu kama kutiba alallazina min
qablikum».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, bir oy Ramazon ro‘zasi sizlarga farz bo‘ldi, sizlardan ilgari
o‘tgan payg‘ambarlarga ham ro‘za farz bo‘lgan edi».
Do'stlaringiz bilan baham: