www.ziyouz.com kutubxonasi
86
so‘z tarqalib, bu xabar Rasulullohga yetdi. Muhojir sahobalardan bir yuz ellik kishi bilan
karvon yo‘lini to‘smoqchi bo‘lib, Ushayra degan yerga keldilar. Lekin bular kelmasdin bir
necha kun ilgariyoq bu yerdan karvon o‘tib ketgan edi. Bu g‘azotga atalib bog‘langan oq
tug‘ni hazrati Amir Hamza ko‘targan edi. Bu safardan asl maqsadlari qo‘lga kelmagan
bo‘lsa ham, bu yerlik a’robiylardan Bani Mudlij qabilasi va yana ularning yoqdoshlari
bilan ittifoqnoma tuzdilar. Buning bilan alarning yog‘iyliklari do‘stlikka aylandi.
Shuning bilan Rasululloh Madinaga qaytib kelib, o‘tib ketgan Quraysh karvonining
qaytishini kuzatib turdilar. Bu orada besh-o‘n kun o‘tmay turib, Fexr qabilasidan Kurz ibn
Jobir degan kishi o‘tloqda yotgan bir qancha Madina mollarini haydab qochdi. Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam Hazrati Ali boshliq bir necha sahobalar bilan alarni quvlab
«Safvon» degan soyga keldilar. Tog‘ ichiga tarqalib ketgan bosmachilarga
yetisholmasdan, Madinaga qaytdilar. Bu safardan kelgunlaricha ansorlardan Zayd ibn
Horisa Rasululloh o‘rinlariga xalifa bo‘lib turdi. Bayroq Hazrati Ali qo‘llarida edi. Yana shu
yilning Rajab oyi oxirlarida Rasululloh sahobalardan sakkiz kishini saylab oldilar. Bularga
Abdulloh ibn Jahsh degan kishi boshliq qilib yo‘lga chiqdilar. Qo‘liga bir xat yozib berib,
ikki kun yo‘l yurgandin so‘ngra uni o‘qib ko‘rmakka buyurgan edilar. Shu muddat
o‘tgandin keyin, o‘qib ko‘rsa, shu so‘z yozilmish edi:
«Bu xatni o‘qigan zamoning to‘xtamay Naxla degan yerga yetib, shu orada poylab tur.
Shom shahriga o‘tgan Quraysh karvonini kuzat, alarning qaytar chog‘ini bilding ersa,
bizga ildamlik bilan xabarini keltur». Rasulullohning bu maqsadini Madinada turishgan
vaqtda bularga bildirmadilar, aning uchunkim, o‘z ichlaridagi dushmanlardan, birinchi —
munofiqlar, ikkinchisi — yahudlarning Makka mushriklari va boshqa din dushmanlari
bilan yashirincha aloqalari bor edi. Musulmonlarga zarar yetkazish alarning eng suygan
vazifalari edi. Rasululloh tomonidan ko‘rilgan choralar, qilinayotgan tadbirlarni birma-bir
tashib, ularga yetkizmoqda edilar. Ana shu josuslardin saqlanish uchun, bu maqsadni
Madinada so‘zlamadilar. So‘ngra Abdulloh ibn Jahsh xat buyrug‘i bo‘yicha shu
belgilangan joyga qarab yurdi. Yo‘ldoshlaridan Sa’d ibn Abi Vaqqos, Utba ibn G‘azvon,
bu ikkovlari mingashib kelayotgan tuyalarini yo‘qotishib qo‘yib, shuni izlab ortda
qolishdi. Qolganlari esa xatda aytilgan Naxla degan joyga kelib, bir pana joyda pisib
yotdilar. Shu oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Shom tomonidan kelayotgan kichikroq bir qofila
(karvon) ko‘rindi. Bunda karvon boshchilaridan Amr ibn Hazramiy, Usmon ibn Abdulloh,
buning qarindoshi Navfal ibn Abdulloh, Hakam ibn Kayson, mana shu kishilar bor edi. Bu
ish Toif shahri bilan Makka oralig‘ida bo‘lgan voqeadur. Sahobalar o‘zaro kengash
qildilar. Boshliqlari Abdulloh ibn Jahsh:
— Agar bu karvon ahli shu kecha bizdan qutulib, omon topsalar, tuni bilan yurib o‘tirib,
Harom tuprog‘ina kirib ketishlari mumkindur. U chog‘da bizning hujumimizdan albatta
qutulgan bo‘lurlar. Agar shu kechada turib, alarni bosib qo‘lga tushirsak, Harom
oylarining hurmatini saqlamagan bo‘lib, butun arablar oldida ta’naga qolurmiz, — dedi.
Endi buni bilmak kerakkim, johiliyat zamonida, Islom dini chiqmagan davrda arab
xalqining o‘z boshiga erklik birorta podsholari yoki hukumatlari yo‘q edi. Bir tarafdin,
ya’ni Shom tarafdagilari qaysari Rumga, ikkinchi tarafdin, ya’ni Iroq tarafidagilari Eron
podsholariga tobe’ edilar. Har ikki chegaradan yiroq yerlarda, tog‘u cho‘llarda yashovchi
qabilalar hech kimga bo‘ysunmas edilar. Lekin tabiiy jangovarlik, zotiy urushchanlik,
buning ustiga urug‘-aymoq tortishuvlari natijasida, o‘zaro uzluksiz urushlar davom etib,
doimiy ravishda qon to‘kishlari bo‘lib turmoqda edi. Shundoq bo‘lsa ham, Islom
kirmasdin ilgari, arablar ikki narsaning hurmatini qattiq saqlar edilar: Harom tuprog‘i
ustida zulm-xiyonat qilmaslik, har yil ichida to‘rt oy urush-talashdin yiroq bo‘lib, qon
to‘kmaslik va ul to‘rt oyning otlari shular: 1. Zulqa’da. 2. Zulhijja. 3. Muharram. 4.
Rajab. Bu oylarni «ashhurul xurum» deb ataydilar. Hurmatlik oylar, yoki qon to‘kish
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |