YIGIRMA TO‘QQIZINCHI MO’JIZA
Salmon Forsiy Rasululloh bilan dastlab ko‘rishganda arabcha gapirolmas edi. Arabcha,
forscha bilgan yahudiylardan Madinada bir savdogar kishi bor edi, uni tilmochlikka
chaqirdilar. Salmon Forsiy Rasulullohni maqtab Tavrot, Injilda ko‘rgan sifatlarini bayon
qildi ersa, tarjimon yahudiyning dushmanligi qo‘zg‘aldi. So‘zni teskari aytib, Rasululloh
haqida loyiqsiz so‘zlar bildirdi. Muni anglab Rasululloh g‘amgin bo‘ldilar. Shu hollarida
Jabroil alayhissalom kelib Salmon so‘zini tarjima qildi ersa, yahudiy sharmanda bo‘lib:
— Ey Muhammad, o‘zing ersa forsiy tilga komil ekansan, tilmochlikka meni nega
chaqirding? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Bu tilni hech bilmas edim, birodarim Jabroil shu hozirda o‘rgatdi, — dedilar.
So‘ngra yahudiy:
— Mundan ilgari sening payg‘ambar ekanligingga gumonim bor edi. Endi aniq bildim,
Tavrot, Injilda sifati yozilgan, Muso alayhissalom o‘z qavmiga topshirgan oxirzamon
payg‘ambari siz ekansiz, — deb darhol iymon keltirdi. Raziyallohu anhu.
O‘TTIZINCHI MO’JIZA
Hazrati Abu Hurayra rivoyat qilur:
«Rasululloh bilan g‘azot safariga chiqdik. Oziq-emishlarimiz yetishmaslikdan askarda
ochlik bor edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam;
— Ey Abu Hurayra, yegudek biror narsang bo‘lsa keltirgil, — dedilar.
Non xaltam tagida o‘n dona quruq xurmo qolmish edi, uni keltirib Rasulullohga berdim.
Xalta ichiga qo‘l solib xurmoni chiqardilar. Ushlab turib aning barakasiga duo qilib,
qaytarib xaltaga soldilar. So‘ngra Abu Hurayraga sahobalardan o‘n kishi chaqirib
keltirmoqni buyurdilar. Bular kelgandan keyin shu xaltadan xurmo olib to‘yguncha
yegizdilar. Yana o‘n odam chaqirib edilar, bular ham shu xurmodin yeb to‘yishdilar.
Shunday qilib o‘n kishidan chaqirib shu xurmodan beraverdilar. Askarning barisini
to‘ydirib qarasalar, xalta ichidagi xurmo yana boyagidek turmish edi.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— Ey Abu Hurayra, qay vaqtda xurmo yeging kelsa, xaltaga qo‘l solib olgil, ammo uning
og‘zidan to‘kmagil.
Abu Hurayra aytur:
— Rasulullohning hayotlaricha shu xaltadan xurmo yeb va boshqalarga berur edim.
Hazrati Abu Bakr, Hazrati Umar, Hazrati Usmon — bu uchovlarining davrlarida ham shu
xaltadan yeb turdim. Hazrati Usmonning oxirgi kunlarida fitna qo‘zg‘alib, ul kishini
shahid qildilar. Shu chog‘da Madinadan bir necha odamlarning uy-joylari talon-taroj
bo‘ldi. Shu qatorda menim uyimni ham talab ketdilar. Mana shu fitna sabab bo‘lib, u
baraka xaltadan ajrab qoldim. Bor molim yo‘qolib, koshki shu xaltam qolgan bo‘lsa, rozi
edim. Oz deganda shu xaltadan oltmish tuyaga yuklik xurmo yegan edim. Raziyallohu
anhu.
Do'stlaringiz bilan baham: |