www.ziyouz.com
kutubxonasi
243
Bu kishi ersa, yuqorigi Safvoning qarindoshi edi. U kunda Safvon o‘zi iymon keltirmagan
bo‘lsa ham bu so‘zni aytgan inisiga:
— So‘zlamay tinch o‘ltir, og‘zingni Alloh yirtsun. Qurayshdan bir kishi bizga ega bo‘lgani
yaxshiroqdir, Havozinning ega bo‘lganidan, — dedi.
Yana bir odam kelib:
— Ey Safvon, suyunchi ber, Muhammad yengildi, ikkinchi o‘nglanmas bo‘ldi, — demish
edi, Safvonning g‘azabi kelib:
— Ey ahmoq, ko‘chmanchi arablar yengadi deb qanday suyunasan? A’robiylarga
bo‘ysunganimdan ko‘ra, Qurayshning bir kishisiga qaraganim yaxshiroqdir, — dedi.
Yana Abu Jahl o‘g‘li Ikrima:
— Bandaning barcha ishi Alloh erkidadur, Muhammadda na ixtiyor bordur? Bugun ish
uning zarariga aylanmish ersa, balki ertaga aning foydasiga bo‘lib chiqar, — dedi.
Shundoq bo‘lib, qochgan kishilarning oldi Makkagacha yetib bordi. Askar ishi shu holga
kelgan bo‘lsa ham Rasululloh o‘z o‘rinlaridan hech qimirlamadilar. Amakilari Abbos o‘tkir
tovushlik kishi edi. Unga buyurdilar: «Yo ma’sharal ansor, Yo ashoba bay’atir-rizvon»
deb qichqirgil!
Hazrat Abbos qattiq tovush bilan yuqorigi sahobalarni qichqirib edi, buning tovushini
butun askar eshitdilar va alar har yoqdan qichqirishib kelgani turishdi. Lekin dushman
askari ham sel qoplagandek musulmonlar ustiga to‘kilmish edi. Mana shu chog‘da
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan bir hovuch tuproq olib: «Yuzlari qora
bo‘lsin!», deb hujum qilib kelayotgan qalin dushmanga qarab otdilar. Alloh amri bilan bir
changal tuproq butun dushman askarining og‘iz-ko‘zlarini to‘ldirdi. Ilohiy kuch bilan
otilmish bir siqim tuproqqa qarshi turolmay, seldek kelayotgan dushman askari orqa
o‘girib qochdilar.
Rasululloh ersalar bu holni ko‘rgach: «Men Abdulmuttalib o‘g‘li, shaksiz Allohning
payg‘ambariman», degan so‘zlarni aytib, askarni urushga qizdirdilar.
Hazrati Abbos qichqirig‘ini, ayniqsa, Rasululloh tovushlarini eshitgan fidoiy sahobalar
arslondek dushman tomoniga otilur ersalar ham, boshi buzuq olomon qochgan
a’robiylarning ko‘pligidan yo‘llar to‘silib, Rasulullohga yetishmak mumkin emas edi. Ot
ustida, tuya ustida yurib Rasulullohga yetmak imkoniyatini topmagan bahodirlar ot-
uloqlarini tashlab, qurol-yarog‘larini ushlab olg‘a yugurishdilar.
Musulmonlarning vaqtincha chekinishlari ersa, ichki-tashqi bir necha sabablardan
vujudga kelmish edi. Bularning dastlabda yengilgandek bo‘lib ko‘rinishlari dushmanlarini
bek quvontirib, ularning ruhi ko‘tarilgan edi. Dushmanning hujumchi askarlari oldida qizil
tuya mingan, qora bayroq ko‘targan tug‘ begisi bo‘lib, tug‘lik nayzasini qo‘lida to‘g‘ri
kelgan kishiga sanchib, sog‘ qo‘ymas edi.
Bu holni ko‘rgan Hazrati Ali uning qasdiga tushib, orqasidan piyoda keldi va tuyaning
keyingi oyog‘iga qilich soldi. Tuya yiqilishi bilan ansor sahobalardan birovi tuya ustidagi
tug‘ begini chopdi. Tizzadan pastki oyog‘i qirqilib, u yerga yiqilib tushdi. U tutgan tug‘i
yerga tushishi bilan ish o‘zgarib, Allohning yordami musulmonlarga yetishdi.
Fath — nusrat shamoli Islom askari ustiga esdi. Mushriklar ersa qochmaslik uchun
orqaga saflab qo‘ygan xotin-bolalarini depsaganlaricha mol-dunyolarini qoldirib, to‘p-to‘p
bo‘lib qochgali turdilar. Bular orqalaridan musulmonlar quvg‘in qilib, qo‘lga kirganlarini
o‘ldirdilar. Bir-birlariga qayrilib qaramoqqa chamalari qolmadi.
Rasululloh aytganlaridek, xotin-bolalarini, butun mol-dunyolarini musulmonlarga o‘lja va
asir qoldirib, o‘limdan qolganlari ersa jon vahmidan boshlari oqqan yoqqa qochishib
yo‘qoldilar. Ulardan qo‘lga tushganlari asir olinib, Rasululloh oldilariga keltirildi. Endi
shuni bilmak kerakkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlari uchun urush
ishlarida ibrat olgudek bu g‘azotda eng muhim bir dars qoldirdilar. U ersa ummatlaridan
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |