www.ziyouz.com
kutubxonasi
178
sakson yil o‘tgandan keyin, shu hozirgi zamonimizga ham aning moslashib kelmog‘ida
hech shak yo‘qdur. Chunki ul Allohning qonuni bo‘lgach, inson davri o‘tib, qiyomat qoyim
bo‘lguncha har davrdagi va har joydagi xalqning butkul hojatlarini chiqarib turishi
lozimdur. Inson ilmi cheklik bo‘lganlikdan, bularning chiqargan qonunlari ham
cheklikdur. Shunga bir hukumatning, balki butun dunyoning eng oliy darajalik zo‘r
olimlari, huquqshunos, dono bilguvchilari yig‘ilsalar ham, bir mamlakat xalqining biror
yillik hojatlarini qoplagudek bir qonunnoma chiqarishdan ojizdurlar.
Ammo Qur’on hukmlari hakimi Azaliy qurgan qonun bo‘lgani bois dunyo umricha
yetarlikdur. Buni bilmaganlar, yozgan bu chiziqdan chiqqanlar — to‘g‘ri yo‘ldan
ozgandurlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
So‘ngra Samoma:
— Ey Muhammad, ilgari yuzlar ichida eng yomon ko‘rganim — sening yuzing edi. Xudo
haqqi, endi eng yaxshi ko‘rganim sening yuzingdur. Yer ustida eng yomon ko‘rgan
narsam — sen tutgan din edi, endi ersa sening dining ko‘zimga eng yaxshi ko‘rgan
narsam bo‘ldi. YO Rasululloh, men uyimdan Umra qilmoqchi bo‘lib, Makkaga chiqqan
edim, sening askarlaring meni tutib buyon keltirdilar. Niyat qilgan ishimni qila olmadim.
Buni hukmi qandoq bo‘lgay? — deb so‘radi.
Anda Rasululloh:
— Ey Samoma, senga bashorat bo‘lgaykim, ikki dunyo yaxshiligini topding, barcha
gunohdan pok bo‘lib, do‘zax azobidan qutulding. Agar Umrani niyat qilgan bo‘lsang,
Makkaga borib, uni ado qilishing lozimdur, — dedilar.
So‘ngra Samoma Umra qilmoq uchun Makka shahriga kirdi. Qilgan ibodati, o‘qigan
namozlarini ko‘rishib: «Muhammadga aldanibdur» deb, mushriklar unga ta’na so‘zlar
aytishdi. Hatto: «O‘z diningdan qaytib, Muhammad diniga kiribsan», deb ozor berishdan
ortiq uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Anda raislaridan biri turib aytdikim: «Agar bunga ziyon
yetkazur bo‘lsangiz, Yamomadan aloqamiz uzilur, alardan olayotgan foydadan quruq
qolurmiz», deyishib, uni bo‘shatdilar. Shuning bilan Samoma Makkadan qaytib o‘z yurti
Yamomaga ketdi. Makka xalqining ko‘proq oziq-ovqatlari shu Yamomadan kelar edi.
«Rasulullohdan ruxsatsiz hech bir narsa o‘tkazmasman», deb Makka yo‘lini to‘sib qo‘ydi.
Shu sabablik, Makkada qahatchilik bo‘lib, Quraysh xalqi ocharchilikka qoldilar. Ular
tarafidan Abu Sufyon Madinaga kelib, Rasulullohga:
— Ey Muhammad, men olamga rahmat uchun keldim, azob uchun kelmadim, der eding.
Kattalarimiz qiliching bilan o‘ldilar, qolganlarimiz ochlik bilan qirilmoqdamiz. Yamomadan
yeb turgan oziq-ovqatlarimiz sen sabablik to‘sildi. Qarindoshlik haqqi uchun bu to‘g‘rida
sendan yordam so‘rab keldim, — dedi.
Buning so‘zini qaytarmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yamoma yo‘lini to‘smas
uchun Samomaga xat yozdilar. Xat borgach, karvon yurdi. Oziq-ovqat yo‘li ochilib,
Makka xalqi ochlik balosidan qutuldilar.
Bu kabi ulug‘ axloqni payg‘ambarlardan o‘zga hech kim qilaolmagay. Bo‘lmasa, Abu
Sufyon boshliq Quraysh mushriklarining Rasulullohga qilgan yomonliklari, bermagan
ozorlari qolmagan edi. Bularning cheksiz dushmanliklari orqalik chiqqan urushlarda
to‘kilgan qonlar hali qotmagan, ayniqsa, Uhud, Badr, Ahzob kunlaridagi bular qoldirgan
jarohatlari hali bitmagan edi.
Buning ustiga Abu Sufyon o‘z hojatini aytishda, qanchalik qo‘pollik ko‘rsatgan bo‘lsa
ham, Rasulullohning axloqlari o‘zgarmadi. Uning hojatini chiqarish uchun chora ko‘rdilar.
Xulosa shulki, Rasulullohni «sen eng oliy axloq va go‘zal sifat egasi erursan», deb Alloh
aytgan edi. Buning chinligini esa Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam har damda
va har ishda ko‘rsatmoqda edilar.
So‘ngra sahobalar Samomani ziyofat qilib, oldiga yemakka ovqat qo‘ydilar. Bir oz
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |