Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
www.ziyouz.com
кутубхонаси
5
BOLALIK XOTIRALARIMDAN
Qalbimiz siyosat va mafkura tamg‘asidan xoli bolalik chog‘larimiz ...
Hafta sayin maktabimizga
“bosmachilar” haqida filmlar olib kelishar, tarix, adabiyot darslarida “bosmachilar”ning “mudhish”
qilg‘uliklari haqida so‘zlashar, xullas, ongimizda “bosmachi” degan salbiy siymoni yaratishga harakat
qilishar edi. Biroq nima uchundir norasida qalbimiz, ongimiz, “bosmachi” siymosini qabul qila olmas,
urush-urush o‘ynagan paytlarimizda ikki jabhaga: “oqlar-qizillar” va hokazo guruhlarga bo‘linsakda,
o‘yinimizda qizillar-bosmachilar guruhi bo‘lmas edi...
O’sha kuni maktabda shu mavzuda yana bir film,
adashmasam, “Ravot qashqirlari” namoyish etildi.
Baribir yosh bolamiz-da, uyga kelib:
— Qizillar bosmachilarni ana unday qilib urdi, mana bunday qilib qirib tashladi, deb yuboribman.
Bu tarixiy voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, zarur paytda ularga madad qo‘lini cho‘zgan otam
rahmatlikning ranglari bir o‘zgarib, holi qolgan paytimizda atrofda kimsa yo‘qligiga ishonch hosil
qilib, shunday degan edilar:
— O’g‘lim, ular bosmachilar emas. Rusiyadan kelib, bu
yurtni bosib, boyliklarimizni o‘z yurtlariga
tashib ketgan qizillar, islom dinining dushmanlari bo‘lmish bolshavoylar bosmachidir. Ammo, bu
gaplarni senga aytyapman xolos, birov eshitib qolsa, hammamizni zambarak og‘ziga qo‘yib otib
tashlaydilar... Bir oz sukut saqladilar.
— Kuz kunlarining birida, —
davom etdilar otam,— o‘z odamlarim bilan Marg‘ilondan
qaytayotgan edik. Nogoh, oldimizni o‘n chog‘lik yigit to‘sib chiqib, otdan tushishimizni talab qildi.
Otdan tushdik. Ularning sardori:
— Biz Shermuhammadbekning yigitlarimiz. Otlaringiz jihod yo‘lida xizmat qiladi, — dedi-da,
otlarimizni olib, yigitlari bilan bir tomonga qarab yo‘l oldi. Biz yalang cho‘lda jonimiz omon
qolganiga shukurlar qilib, yo‘lni yayov davom ettirdik. O’n chaqirimcha yo‘l bosgach, taxminan yuz
kishilik guruhga duch keldik. Ularning sardorlari bizni to‘xtatib, so‘roqqa tutdilar. Bo‘lgan voqeani
ro‘yi-rost aytib berdik. Bizni o‘z
otlariga mingashtirib, uch chaqirimcha naridagi bir qo‘shga olib
bordilar. Qo‘sh o‘rtasidagi chodir oldida qurollangan soqchilar turar edi. Ko‘p o‘tmay bizni ichkariga,
Shermuhammadbek oldiga olib kirdilar. Qotmadan kelgan, baland bo‘yli, yelkador, yaktagidan jundor
ko‘kragi ko‘rinib turgan, qalmoqi qalpoq kiygan, mauzer taqqan Bek: —
Kelinglar, dasturxonga
o‘tinglar, — deb siporish qildi. Dasturxonda kuydirilgan qaymoq, mevalar bor edi. Non sindirilib, bir
kosadan ayron berildi. Bo‘lib o‘tgan ishdan xabardor qilingan ekan, tanovul asnosi: — Siz bovachcha
(boyvachcha demoqchi), o‘sha odamlarni ko‘rsangiz taniysizmi, — dedi. – Albatta, ko‘rsam taniyman,
— dedim. Suhbatimiz uch soatga yaqin davom etdi. Suhbat pirovardida: — Bizda
bunday qaroqchilik
bo‘lmaydi, bilib qo‘ying bovachcha! – dedi. So‘ngra esa: — Odamlaringiz ichida bizga xayrixohi
bo‘lsa, bir-ikki nafarini bersangiz, — deb qo‘shib qo‘ydi.
Nihoyat dasturxonga fotiha qilib tashqariga chiqdik. Qarshimizda boyagi o‘n nafar otliq bizga
baqrayib turar edi.
— Bovachcha, otlaringizni olgan shularmi?
— Ha.
Shermuhammadbek ularga qarata: — Otdan tush hammang. Turkiston, Farg‘ona uchun,
or-nomus,
dini-islom uchun kurash olib borayotgan bir paytimizda tuprog‘imizni bosqinchilardan ozod qilish
o‘rniga nomimizni sotib, talonchilik qilib yurganlarga o‘lim! — deya hayqirdi.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, boyagilarning boshlig‘i bir imo bilan otib tashlandi. Qolganlari yig‘lab,
kechirim so‘rab, astoydil tavba qildilar.
— Bovachcha, otlaringizni olib, yurtingizga bemalol boravering. Yo‘lda aziyat chekmaysiz.
Odamlaringizni ham oling, men sizni sinamoq uchun odam so‘ragan edim.
Yigitlarim
menga sodiq, nimaki buyursam, quloq qoqmay bajarishadi. Biroq, ularni bu yerda
qoldirish uchun buyruqning o‘zi kifoya qilmaydi, ularning dil “rizosi kerakmikan”, deb ko‘ngildan