www.ziyouz.com
кутубхонаси
6
o‘tkazib turganimda yigitlarimdan ikkisi – Begmat va Xolmat oldimga keldilar:
— Xo‘jayin... biz rozimiz....
Shermuhammadbek mamnunligini yashirolmay, quchoq ochib xayrlasharkan, so‘z qotdi: Siz,
akangiz Muhammad Said Yunusxo‘ja bilan Ergashbek, Islom polvonlarni ot-ulov, ozuqalar bilan
ta’minlab turganingizdan xabarimiz bor. Bizning har bir g‘alabamiz sizlarning qo‘llashlaringiz
tufaylidur. Bu uchrashuvni bizga Alloh nasib etdi. Siz bilan do‘st, jigardosh bo‘ldik, ko‘rishguncha
hayr. Bizni duo etib turing, eshon.
Begmat milliy-ozodlik kurashi yo‘lida shahid bo‘ldi. Shermuhammadbek Afg‘onistonga o‘tib
ketgach, Xolmat qaytib kelib, menga yana o‘ttiz to‘rt yil xizmat qildi...
Bu orada ushbu satrlar muallifi ham esini tanib, oqu qorani ajratadigan bo‘lib qoldi. Xonadon a’zosi
bo‘lib qolgan, milliy-ozodlik harakatining jonli tarixiga aylangan Xolmat buva Shermuhammadbek,
Madaminbek, boshqa qo‘rboshilar haqida ko‘p narsalarni aytib berdi. Shermuhammadbek besh vaqt
namozni kanda qilmaydigan, taqvodor kishi edi. Hatto, otdan tushgandan so‘ng ham tahoratni yangilab
olar edi. Bek doim o‘z yigitlariga ta’kidlar edi: — Bu yurt ne-ne avliyolar, allomalar, sohibqironlar
yurtidir. Ularning ruhini bezovta qilishga, yurtni oyoqosti qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Keyinchalik o‘zim qo‘rboshilar haqida ko‘plab kinolar ko‘rdim, kitoblar o‘qidim. O’qiganlarim
ta’sirida Shermuhammadbek—Madaminbek munosabatlari haqida Xolmat buvaga savol berdim.
— U Madaminbekni hurmat bilan tilga olar edi. Shermuhammadning aytgan so‘zlari dilimga muhr-
lanib qolgan: — Afsus, Madaminbek o‘ldirildi. U sotqin emas edi, u mening jasur safdoshim edi. Hali
uning o‘limini ham dushmanlar bizdan ko‘rishadi. Biroq, Alloh barchasiga shohid... Madaminbek
uchun ham hali jang qilamiz...
Xullas, maktabda bizga nima o‘qitishmasin, qanday kino ko‘rsatishmasin, tariximiz, milliy-ozodlik
harakatimiz, shonli qo‘rboshilarimizga hurmat ruhida o‘sib ulg‘ayganimizdan mamnunman.
Shu vatan farzandi, shu yurt fuqarosi ekanmiz, uning tarixini o‘rganish ham zarurat, ham zavq, ham
burchdir. Allohga shukrki, qaysi kasbda bo‘lishimiz, qaysi soha mutaxassisi ekanligimizdan qat’iy
nazar, bizga ushbu zavq va burchni ato etdi.
Milliy-ozodlik harakati tarixini o‘rganar ekanmiz, dastlab o‘sha vaqtda topilishi eng oson bo‘lgan
manbalar: darsliklar, vaqtli matbuotda e’lon qilingan maqolalar, fuqarolar urushi ishtirokchilarining
esdaliklari, akademik nashrlar hamda qizil komandirlardan Nikitinning “Qo‘qon voqeasi”,
Kalmikovning “Qur’on va mauzer”, M.Polikovskiylarning “Madaminbekning tugatilishi”, Aziz
Nialloning “Uyg‘ongan Sharq” va boshqa qator asarlar hamda romanlar bilan tanishishga to‘g‘ri keldi.
Bu kitoblar mualliflari tilida “bosmachilar harakati” deb nom olgan milliy-ozodlik harakatimiz qay
darajada haqqoniy, qanday ruhda yoritilganligi barchaga ma’lum, sharhlashning hojati bo‘lmasa kerak.
Keyinchalik, qayta qurish va istiqlol yillarida Alisher Ibodinov, Hamdam Sodiqov, Ibrohim Karim,
Jo‘raxon Muhammad kabi o‘nlab olim, yozuvchilarning bu mavzudagi asarlari bilan tanishib chiqdik.
Shuningdek, chet el safarlarimiz asnosida muhojir vatandoshlarimiz, usmonli turk va ovrupo
adiblari, muarrixlarining mazkur mavzuga bag‘ishlangan tadqiqotlarini ko‘rib chiqishga muvaffaq
bo‘ldik.
Bu asarlarning mahorat bilan, ilmiy dalillar, arxiv hujjatlari asosida yozilganligi, ularning katta
zahmat, bedor tunlar evaziga yaratilganligini his etgan va ularning mualliflariga qo‘limiz ko‘ksimizda
ehtirom izhor etgan holda shuni ham ta’kidlab o‘tishga mas’ulmizki, ularning ko‘pchiligida ham qay
darajadadir biryoqlamalik sezilib, asar yaratilgan davrning mafkurasi ufurib turadi. Mualliflarning
ba’zilari bilan bu borada ochiq so‘zlashganimizda, ular – “ha, endi o‘zingiz yaxshi bilasizku...” kabi
siporishlarni keltiradilar.
Ushbu, ta’bir joiz bo‘lsa, qoniqmaslik hissi, shuningdek, milliy-ozodlik kurashi ishtirokchilarining
yorqin xotirasi, ular oldidagi burchimiz tarix changalzorining o‘tish qiyin bo‘lgan so‘qmoqlariga
qadam bosishga, ozodlik kurashining eng sobitqadam rahbarlaridan biri Shermuhammadbek timsolida
Farg‘ona vodiysi milliy-ozodlik harakati tarixi borasida baholi qudrat qalam tebratishga chorladi.
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |