www.ziyouz.com
кутубхонаси
7
Ba’zilar, — ha endi bu sohaga ancha-muncha qo‘l urilgan, takrorning hojati bormikan? deb o‘ylashlari
mumkin. Ularga: Iskandar, Chingizxon, Amir Temur, Napoleon haqida o‘nlab asarlar yozilgan, biroq
ularning siymosini har kim har xil talqin etgan. Biz ham o‘z shuurimiz, o‘z talqinimizdagi
Shermuhammadbek hamda uning ortidagi ozodlik jangchilari siymosini qo‘ldan kelgancha yaratsak ne
ajab? Zamonamiz qalam ahli tomonidan bu borada bundan ham zo‘rroq, bundan ham haqiqiyroq, ilmiy
dalillarga asoslangan asarlar yaratilishiga tilakdoshmiz. Ne baxtki, tariximizni ro‘yi-rost yozsa
bo‘ladigan zamonlar keldi.
Mutasaddi ilmiy tashkilotlar, olim-ulamo, adibu udabolar meni ma’zur tutsinlar-u, ilmiy va badiiy
adabiyotda, hatto entsiklopediya kabi mo‘‘tabar nashrlarda bu murakkab davrda kurash olib borgan
ajdodlarimizga ikki qatorgina joy berilmaganligi odamni ajablantiradi. Sovet davrini-ku tushunamiz,
mustaqillik davrida ham bu holat davom etib kelganligi kishini tang qoldiradi.
Bugun Prezidentimiz ma’naviyatning uzviy qismi bo‘lmish jonli tariximizni yoshlarga yetkazish
zarur ekanligini ta’kidlab turgan bir paytda ozodlik harakati tarixi yetarli darajada yoritilmay
kelinayotganligini qanday izohlash mumkin? Yosh avlod muqaddas Vatanimizga munosib tarzda hayot
kechirmog‘i va tafakkur etmog‘i, moziydan saboqlar chiqarib, O’zbekiston kelajagini ta’minlashga
intilmog‘i zarur. Mustaqil O’zbekistonning 130 yillik mustamlaka davr tarixini o‘rganayotgan
yoshlarimizda ota-bobolarimiz mustabid tuzumga qarshi yetarlicha kurashmagan ekan degan noto‘g‘ri
fikr uyg‘onishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
To‘g‘ri, jadidchilik, milliy-ozodlik harakatini, uning namoyondalarini yoritishga jur’at etgan
fidokor olimlar: tarix fanlari doktori, professor, O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Andijon Davlat Universiteti kafedra mudiri Rustambek Shamsutdinov, O’z FA Tarix instituti bo‘lim
boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabovlarning jasorati va chekkan zahmatlariga
tahsinlar aytish o‘rinli. Ularning kitoblari o‘zining xolisligi bilan ajralib turadi.
Shuningdek, atoqli yozuvchi, marhum Shukur Xolmirzaevning “Qora kamar” sahna asarida
o‘ynalgan bir epizod hamon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi; bolsheviklar o‘lkada sun’iy ocharchilik yuzaga
keltiradilar, xalqni iqtisodiy jihatdan ezadilar. Ayni paytda, xalqni o‘zlariga og‘dirish uchun yerlarni
kambag‘allarga bo‘lib bera boshlaydilar. Bunga ongi yetmagan xalq — “ana, bolshavoylar bizning
boshimizni silab, yer berdilar” deb boshi ko‘kka yetadi. Shunda Davronbek qizillardan biri sardorga
“o‘zingni yeringni o‘zingga bersa shunchalar dovdiraysanmi, muncha aldanasan, bu gumrohlar
o‘ylamaydilarki, berilgan yerlar Rossiyadan poezdga ortib olib kelingan emas, o‘zimizning yerimiz-
ku!”
Meni qo‘lga qalam olishga undagan omillardan biri ushbu epizod bo‘lsa ajab emas.
Kitobni yakunlash arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat—engilmas
kuch” degan asarini o‘qib, kitobimga yanada mas’uliyat bilan yanada jiddiy qarash kerakligini anglab
yetdim. Xususan, Prezident kitobidagi quyidagi so‘zlar juda katta rag‘bat bo‘ldi.
“Har qaysi milliy qadriyatlarni o‘z maqsad-muddaolari, shu bilan birga, umumbashariy taraqqiyot
yutuqlari asosida rivojlantirib, ma’naviy dunyosini yuksaltirib borishga intilar ekan, bu borada tarixiy
xotira masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, tarixiy xotira tuyg‘usi to‘laqonli ravishda tiklangan,
xalq bosib o‘tgan yo‘l o‘zining barcha muvaffaqiyat va zafarlari, yo‘qotish va qurbonlari, quvonch va
iztiroblari bilan xolis va haqqoniy o‘rganilgan taqdirdagina chinakam tarix bo‘ladi.
Biz bu masalaga ana shunday ilmiy asosda yondashib, qadimiy tariximizni o‘rganish va baho
berishda uning biror-bir davri yoki jabhasini e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qildik.
Jumladan, mustamlakachilik va sovet davridagi ommaviy qatag‘onlar paytida zulm va zo‘ravonlik
qurboni bo‘lgan, istiqlol yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimizning hurmati va xotirasini joyiga qo‘yish,
ularning el-yurt ozodligi yo‘lidagi ishlari, qoldirgan merosini izlash va o‘rganishni aynan ana shunday
ma’naviy negizda yo‘lga qo‘yganimizni qayd etish zarur”1.
Muhtaram kitobxon, ushbu bitigimizni qalb to‘lg‘og‘i asnosida qog‘ozga tushgan tarixiy badia
sifatida qabul qilgaysiz.
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |