TUZILGAN SULH
1921 yil avgust oyining o‘rtalari. Farg‘onaning yirik, ma’rifatparvar boylaridan bo‘lmish asli
marg‘ilonlik Saidumarxo‘ja Fayzixo‘jaevning Iskobildagi hashamatli hovlisiga nufuzli mehmonlar:
RSFSR Tashqi Ishlar Xalq komissari Checherinning o‘rinbosari Rudolf Abramovich Ioffe, Turkiston
Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Abdulla Rahimboev, Turkkomissiya a’zosi Nazir To‘raqulov va
Turkfront qo‘shinlari Farg‘ona guruhi qo‘mondoni Georgiy Vasilevich Zinovev kirib keldilar.
Mehmonlarning tashrifi kelishilganligi tufayli mezbon ularni ko‘cha eshik tagida kutib olib, ovrupocha
bezatilgan mehmonxonaga boshlab kirdi. Ovrupocha tayyorlangan tushlik asnosi mehmonlar
maqsadlarini bayon etdilar. Suhbat ikki nafar rusiyzabon mehmon hurmati rus tilida davom etgan
bo‘lsada, biz uning o‘zbekcha qisqartirilgan matnini berishni ma’qul ko‘rdik:
“ — Siz nafaqat Farg‘onaning, balki Turkistonning ko‘zga ko‘ringan odamlaridan birisiz, — deya
asosiy mavzuga o‘tdi. A.Rahimboev, — Farg‘onada o‘zingizga yarasha salmog‘ingiz bor. Shu tufayli
sizga marojaat qilishni ma’qul ko‘rdik. Xalq sizning so‘zingizni ikki qilmaydi. Xalqning ahvolini
ko‘rib turibsiz, oxiri ko‘rinmayotgan urushda qiynalib ketdi. Zudlik bilan tinchlik o‘rnatish zarur,
eshitishimizcha, qo‘rboshilar ham sizni hurmat qilishar ekan. Iltimosimiz shuki, Shermuhammad bilan
bizning o‘rtamizda vositachilik qilsangiz. Darvoqe, Madaminbek bilan sulh tuzilishida ham
ishtirokingiz bor ekan. Demak, sizda parlamentarlik tajribasi ham bor.
— Xalq osoyishtaligi yo‘lida har qanday xizmat bo‘lsa qilishga tayyorman. Biroq muzokaralardan
biror natija chiqishiga shubham bor.
— Nima uchun?
— Meni to‘g‘ri tushunishingizni so‘rayman. Shermuhammadbek bilan uchrashuv har qancha xavfli
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
www.ziyouz.com
кутубхонаси
100
bo‘lsada, bu xizmatdan bosh tortmayman. Gap shundaki, Shermuhammadbek qo‘yadigan shartlar
sizlarga, sizlar qo‘yadigan shartlar qo‘rboshiga ma’qul kelmasligiga aqlim yetib turibdi.
— Sizni mohir diplomat sifatida ta’riflashgan edi, — deya so‘zga aralashdi Ioffe, — sizning
yordamingiz bilan balki bir bitimga kelarmiz. Bilasizku, muzokaralar chog‘ida har ikki tomon
g‘ururiga erk bermay, o‘zi uchun aziz bo‘lgan nimadandir kecha olsa, o‘zi uchun yot, yoqimsiz narsani
qabul qila olsa, o‘zaro yon berish qoidasiga amal qilsa, bitim tuzish mumkin.
— Mayli, Shermuhammadbek bilan uchrashuvga roziman. Xo‘sh, muzokaralar tinch o‘tishiga,
Shermuhammadbek va uning odamlariga tahdid yo‘qligiga kafolat bormi?
— Kafolat bor, — dedi Zinovev, — muzokaralar boshlanishi bilan urush harakatlari to‘xtatildi.
— Kafolatga kafolatingiz?
— Kafolatim — ofitserlik sha’nim.
— Ma’qul, — dedi Saidumarxo‘ja va o‘rtaga savol tashladi, — mabodo Shermuhammadbek
uchrashuvga rozi bo‘lsa, muzokaralar o‘tkaziladigan makon va zamon qay tariqa belgilanadi?
— Buni Shermatbekning ixtiyoriga beramiz, o‘zi belgilab, bizga xabarini berar, — deya hamma
uchun javob berdi Ioffe.
— Yaxshi, men bilan kimlar boradi?
— Bu endi sizning ixtiyoringizda.
— Unday bo‘lsa, ertagayoq G’orbuvoga jo‘naymiz.
— Shermatbek balanddan kelib, og‘ir shartlar qo‘yadigan bo‘lsa, — deya gap suqdi Zinovev, —
unga aytib qo‘ying, Farg‘onaga sulh hay’ati bilan birga qirq ming qizil askar ham kelgan.
— Meni vositachilikka yuboryapsizlarmi yoki ultimatum berishgami?
— Siz ko‘nglingizga olmang taqsir, — deya vaziyatni yumshatishga harakat qildi Ioffe, — harbiy
kishi harbiyligiga borar ekanda. Siz, albatta vositachilikka bormoqdasiz. Hech qanday ultimatum
qo‘ymaysiz. Mabodo Shermatbek sizni o‘ziga yaqin olib, “bu xumpar qizillarning qo‘shini hozir
qanchaga borib qoldi?” deb gap orasida so‘rab qolsa, “Bu yerdagi muntazam” qo‘shinga qo‘shimcha
yana qirq ming askar olib kelishgan emish”, deb qo‘ysangiz kifoya...”
Saidumarxo‘ja shu kuniyoq o‘z odamlaridan birini G’orbuvoga yuborib, Shermuhammadbekka
vositachilar borishini ma’lum qilib qo‘ydi. Shundan so‘ng Saidumarxo‘ja o‘zi bilan vositachilikka
borishi mumkin bo‘lgan kishilar to‘plashga kirishdi. Ertasi kuni ular sulh hay’ati joylashgan sobiq
gubernator mahkamasiga borishdi. Ularga Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi muhri bosilgan,
Rahimboev va Zinovev imzosi qo‘yilgan hamda “parlamentyor” degan yozuv bitilgan mandat berishdi.
Shermuhammadbek parlamentyorlarni hurmat bilan kutib oldi, zero, ularning barchasi unga tanish,
el-yurtda obro‘-e’tibor orttirgan kishilar edi. Ziyofat asnosi Saidumarxo‘ja bu yerga kelishdan
maqsadini bayon qildi. Shermuhammadbek bir oz sukut saqlab turgach, so‘radi:
— Taqsir, siz mening fe’l-atvorimni, o‘y-xayolimni, qizillar bilan bir qozonda qaynay olmasligimni
yaxshi bilasiz. Sizni vositachi bo‘lishingizga nima majbur qildi? Yoki sizga zug‘um qilishdimi?
— Zug‘um-ku, qilishgani yo‘q. Agar zug‘um qilganlarida meni bu dargohga hech qanday kuch
majbur qilib olib kela olmas edi. Meni bu yerga kelib, vositachilik qilishga xalqning ahvoli, daryo-
daryo to‘kilayotgan qonlar, urush oqibatida yetim va beva qolganlarning zor qaqshashi, bir vaqtlar
gullab-yashnagan Farg‘onamizning vayron bo‘lib, boyqushlar makoniga aylanayotgani majbur qildi.
Axir, har qanday odamning yuragi eziladi...
— Sizda-ku, yurak hali bor ekan, taqsir, mening yuragim esa bu g‘amlardan ezilish nariroqda tursin,
qon va zardobga aylanib oqib ketib bo‘lgan. Ko‘nglingizga olmang-u taqsir, bir gapni aytmasam
bo‘lmas, mana, siz xalqning ahvolini eslatib, “urushni to‘xtat” deb huzurimga kelibsiz, sizdan oldin
ham ozmuncha vositachilar kelmagan. Xo‘sh, aytingchi, o‘risning oldiga ham shu maqsadda “hoy,
o‘ris buvo, xalq ezilib ketdi, urushni to‘xtat”, deb birovning borganini biladilarmi?!
Saidumarxo‘ja bu og‘ir savolga nima deb javob berishni bilmay, yerga qaraganicha qoldi.
— Uzr savolim achchiq keldi, — deya davom etdirdi so‘zini Shermuhammadbek, — biroq bu savol
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |